Barqaror rivojlanish markazi 

Sayt sinov rejimida ishlamoqda
  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Obod maydon — xavfsiz muhit

10-10-2026 12

    Aholi havsizligi va jamoat maskanlarini obodonlashtirish bo‘yicha amaliy yondashuv

    Qalin o‘t bosib, chiqindi to‘plangan, qarovsiz qolgan maydonlarni odamlar odatda chetlab o‘tadi. Ko‘zdan pana va tashlandiq joylar esa huquqbuzarliklar sodir etilishi uchun qulay sharoit yaratishi mumkin. Bunday hududlarni tozalash, ko‘kalamzorlashtirish va aholi foydalanadigan dam olish joylariga aylantirish atrofni kuzatishni osonlashtiradi, odamlar qatnovini ko‘paytiradi va muhitning xavfsizligini oshirishga xizmat qiladi.

    Bu yondashuv AQShning Filadelfiya shahrida amalda sinovdan o‘tkazilgan. 2018-yilda AQSh Milliy fanlar akademiyasining PNAS jurnalida e’lon qilingan tadqiqot 541 ta bo‘sh er maydonini qamrab olgan. Ularning bir qismi tozalanib, maysa va daraxtlar ekilgan, past to‘siqlar o‘rnatilib, muntazam parvarish yo‘lga qo‘yilgan. Boshqa maydonlar faqat tozalab turilgan, nazorat guruhidagi hududlarga esa o‘zgartish kiritilmagan.

    Tadqiqot natijalari va ijtimoiy ko‘rsatkichlar:

    • Cambag‘allik chegarasidan past daromadli aholi yashaydigan hududlarda obodonlashtirilgan maydonlar atrofida umumiy jinoyatchilik o‘zgarishsiz qoldirilgan hududlarga nisbatan 13,3 foizga kamaygan.

    • Ko‘kalamzorlashtirilgan maydonlar yaqinida yashovchilarning ochiq hududlardan dam olish va muloqot uchun foydalanishi nazorat guruhiga nisbatan 75,7 foizga oshgan.

    • Uydan tashqariga chiqishda xavfsizlikdan xavotirlanish esa 57,8 foizga kamaygan.

    Bu raqamlar oddiy obodonlashtirish ishlarining aholi kundalik hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ko‘rsatadi. Qarovsiz maydonlar tartibga keltirilgach, aholining ulardan foydalanish faolligi oshadi, qo‘shnilar o‘rtasidagi muloqot uchun yangi jamoat makoni paydo bo‘ladi va hudud ustidan tabiiy ijtimoiy nazorat kuchayadi.

    Mazkur yondashuvni O‘zbekiston sharoitiga moslab, dastlab pilot tartibida bir shaharning ikki-uch mahallasida sinab ko‘rish mumkin.

    O‘zbekistonda loyihani amalga oshirish bosqichlari va talablar

    Birinchi navbatda hokimlik, kadastr va shaharsozlik sohasi mutaxassislari tanlangan yer maydonining huquqiy maqomini, bosh rejadagi vazifasini, muhandislik tarmoqlari — yer osti quvurlari va kabellarining joylashuvini aniqlashi zarur. Maydonni tanlashda aholi fikrini ham inobatga olish muhim. Maktab, bekat, mahalla markazi yoki aholi ko‘p qatnaydigan yo‘llar yaqinidagi maydonlar kundalik foydalanish uchun ayniqsa qulay bo‘ladi.

    Obodonlashtirish ishlari amaldagi shaharsozlik normalari va qoidalari, jumladan SHNQ 2.07.01-23 talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim. Daraxtlar binolar, yo‘laklar va erosti muhandislik tarmoqlaridan belgilangan masofada ekilishi zarur.

    O‘zbekistonning issiq va quruq iqlimini hisobga olgan holda, katta hajmda suv talab qiladigan keng maysazorlar o‘rniga mahalliy sharoitga mos soyali daraxtlar, kam suv talab qiladigan o‘simliklar hamda tejamkor sug‘orish texnologiyalaridan, jumladan tomchilatib sug‘orishdan foydalanish maqsadga muvofiq.

    Maydon faqat ko‘rkam emas, balki barcha uchun qulay bo‘lishi kerak. Tekis va to‘siqsiz yo‘laklar, qulay o‘rindiqlar, etarli yoritish keksalar, yosh bolali oilalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zarur sharoit yaratadi. Buta va boshqa o‘simliklar atrofni ko‘rish imkoniyatini cheklamasligi, ayniqsa kechki vaqtda ko‘zdan pana nuqtalar hosil qilmasligi muhim.

    Bunda maydonni bir marta obodonlashtirishning o‘zi etarli emas. Uni muntazam tozalash, sug‘orish, o‘simliklarni parvarish qilish, o‘rindiqlar va yoritish vositalarini soz holda saqlash uchun mas’ul tashkilotlar hamda moliyalashtirish manbalari oldindan belgilanishi zarur. Shartnomalarda bajariladigan ishlar, ularning muddatlari va tomonlarning mas’uliyati aniq ko‘rsatilishi kerak.

    Pilot loyihaning samarasini baholash uchun dastlabki holat bo‘yicha ma’lumotlar yig‘ilishi, bir yildan keyin esa natijalar qayta o‘rganilishi maqsadga muvofiq. Bunda maydondan foydalanuvchilar soni, huquqbuzarliklarga oid murojaatlar, hududidagi ijtimoiy faollik va aholining o‘zini qanchalik xavfsiz his qilishi kabi ko‘rsatkichlar baholanishi mumkin. Natijalar obodonlashtirilmagan o‘xshash hududlar bilan solishtirilsa, loyihaning haqiqiy ta’sirini aniqroq ko‘rish imkoni paydo bo‘ladi.

    Bunday yondashuv katta xarajat talab qiladigan infratuzilma loyihasi emas. Muhimi — qarovsiz hududni odamlar foydalanadigan, doimiy parvarish qilinadigan va tabiiy ravishda kuzatib turiladigan jamoat makoniga aylantirishdir.

    Aholi uchun qulay, obod va xavfsiz jamoat makonlarini yaratish Barqaror rivojlanish maqsadlarining 11-maqsad — «Barqaror shaharlar va aholi yashash joylari»ga erishishga ham xizmat qiladi.

    Alisher Azizov,

“Barqaror rivojlanish markazi” NNT bosh mutaxassisi