AQSHning Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorgohida Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha Yuqori darajadagi forum (High-Level Political Forum on Sustainable Development – HLPF 2026) bo‘lib o‘tmoqda. 7–15-iyul kunlari tashkil etilgan mazkur nufuzli anjuman BMTning 2030-yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirish yuzasidan davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, erishilgan natijalarni baholash hamda kelgusi vazifalarni belgilab olishga xizmat qiluvchi eng muhim global siyosiy muloqot maydoni hisoblanadi.
Bu yilgi forum “Barcha uchun barqaror kelajakni ta’minlash maqsadida 2030 kun tartibi va Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha transformatsiyaviy, adolatli, innovatsion va muvofiqlashtirilgan harakatlar” mavzusiga bag‘ishlangan.
Unda BMTga a’zo davlatlar hukumatlari, xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, parlamentlar, mahalliy hokimiyatlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy doiralar hamda xususiy sektor vakillari ishtirok etmoqda.
Forumning asosiy vazifasi 2030-yilgacha belgilangan Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish jarayonini har tomonlama tahlil qilish, davlatlarning milliy tajribasini o‘rganish, ilg‘or amaliyotlarni ommalashtirish, ixtiyoriy milliy hisobotlarni muhokama qilish hamda global muammolarni hal etish bo‘yicha xalqaro hamkorlikning yangi mexanizmlarini ishlab chiqishdan iborat. Ayniqsa, joriy yilgi forumda Barqaror rivojlanish maqsadlarining beshta ustuvor yo‘nalishi — toza suv va sanitariya (6-maqsad), arzon va toza energiya (7-maqsad), sanoat, innovatsiyalar va infratuzilma (9-maqsad), barqaror shaharlar va aholi punktlari (11-maqsad) hamda maqsadlar yo‘lida global sheriklik (17-maqsad) bo‘yicha erishilayotgan natijalar va kelgusi vazifalar chuqur muhokama qilinmoqda.
Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, iqtisodiy beqarorlik kabi global chaqiriqlar kuchayib borayotgan bir sharoitda mazkur forum davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu jarayonlarda O‘zbekiston ham faol ishtirok etmoqda. Mamlakatimiz delegatsiyasi forum doirasida Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha erishilgan natijalar, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda mamlakatimizning xalqaro tashabbuslarini taqdim etmoqda.
Xususan, O‘zbekiston BMTning 6-maqsadi — “Toza suv va sanitariya”ga bag‘ishlangan yuqori darajadagi maxsus tadbirda ishtirok etib, suv resurslarini integratsiyalashgan boshqarish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, transchegaraviy suv hamkorligini rivojlantirish va Orolbo‘yida ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqaro hamjamiyatga taqdim etmoqda. Shuningdek, forum doirasida mamlakatimiz vakillari BMT agentliklari, xalqaro moliya institutlari va qator davlatlar delegatsiyalari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazib, barqaror taraqqiyot sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistonning BMT maydonida ilgari surayotgan tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. Buning yorqin tasdig‘i sifatida 2026-yil 20-may kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy integratsiyani kuchaytirish” to‘g‘risidagi rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025-yil 23-sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ilgari surilgan edi. Qisqa vaqt ichida ushbu g‘oya xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanib, rezolyutsiya loyihasi dunyoning 66 davlati hammuallifligida qabul qilindi. Hujjat Markaziy Osiyoda iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish, transport va logistika o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish, savdo munosabatlarini kengaytirish, suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Aslida, Nyu-Yorkda o‘tayotgan Yuqori darajadagi siyosiy forumda muhokama qilinayotgan masalalar mazkur rezolyutsiyada belgilangan ustuvor vazifalar bilan hamohangdir. Bu esa O‘zbekistonning xalqaro tashabbuslari global kun tartibining muhim qismiga aylanib borayotganini ko‘rsatadi.
Mazkur forum O‘zbekiston uchun alohida ahamiyatga ega. Chunki mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlari milliy taraqqiyot strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. So‘nggi yillarda kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish, raqamli transformatsiya, gender tenglik, suv resurslaridan samarali foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish, iqlim o‘zgarishi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator muhim rezolyutsiyalar qabul qilindi. Bu tashabbuslar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha global sa’y-harakatlari bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, mamlakatimizning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlamoqda.
Nyu-Yorkdagi forumda O‘zbekistonning faol ishtiroki mamlakatimizning global barqaror taraqqiyot jarayonlarida faol ishtirok etayotgani, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, ekologik xavfsizlikni ta’minlash va 2030-yilgacha belgilangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida xalqaro hamjamiyat bilan yaqin sheriklik asosida izchil faoliyat olib borayotganini yana bir bor namoyon etmoqda.
Elyorjon Saminov
Barqaror rivojlanish markazi direktori