2022 yil 12-13 aprel kunlari Toshkent shahrida « O‘zbekiston Respublikasining Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga rioya etishi yuzasidan muqobil hisobot tayyorlashda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning salohiyatini oshirish » mavzusi bo‘yicha 2 kunlik seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari , Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning mazkur “ O‘zbekiston Respublikasining Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga rioya etishi yuzasidan muqobil hisobot tayyorlashda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning salohiyatini oshirish ” mavzusidagi seminar- treningdagi nutqi:
Barchaga ma’lumki , 2021 yil 7 iyunda asosiy maqsadi nogironligi bo‘lgan shaxslarning tenglik asosida barcha huquqlarini to‘liq amalga oshirishlarini rag‘batlantirish , himoya qilish va ta’minlashdan iborat bo‘lgan BMTning “ Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyasi O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilindi.
Mazkur Konvensiyani ratifikatsiya qilish jarayonida nafaqat davlat tuzilmalari , balki fuqarolik jamiyati institutlari ham faollik ko‘rsatayotgani muhim ahamiyatga ega.
Bugungi kunda , mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash masalasi , qonunchilikni takomillashtirish , aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari huquqlarini ta’minlash yuzasidan jamoatchilik monitoringini o‘tkazish , xalqaro majburiyatlarni bajarish bo‘yicha milliy va muqobil hisobotlar tayyorlashda faol ishtirok etayotgan fuqarolik jamiyati institutlari alohida e’tiborda.
Bugungi kunda mamlakatimizda nogironlik sohasida 600 ga yaqin nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat yuritmoqda . Ular orasida O‘zbekiston nogironlar jamiyati , O‘zbekiston nogironlar jamoat fondi , O‘zbekiston Nogiron ishbilarmon ayollar milliy assotsiatsiyasi , Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi , O‘zbekistondagi falaj nogiron bolalar va o‘smirlarga yordam berish “ Umr ” jamoatchilik markazi , “Inklyuziv hayot ” nogironlar jamoat birlashmasi , O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati , O‘zbekiston karlar jamiyati kabi NNTlar bor. Yuqorida ta’kidlanganidek , mazkur nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari Konvensiyani ratifikatsiya qilishda faol ishtirok etdi.
Mazkur konvensiyani ratifikatsiya qilinishi davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlariga yana bir mas’uliyatli vazifani yuklaydi , ya’ni Konvensiyani ratifikatsiya qilish bu asosiy ishning 10 % ni tashkil etsa , uning qoidalarini amalga oshirish bilan bog‘liq muhim tadbirlarni amalga oshirish esa 90 % ni tashkil qiladi.
O‘z navbatida , Konvensiya ratifikatsiya qilingandan so‘ng , bu sohada bir qancha ishlar amalga oshirildi , xususan 2021 yil 21 dekabrda O‘zbekistan Respublikasi Prezidentining “ Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash , ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida ” Qarori tasdiklandi . Mazkur qarorga muvofiq quyidagilar belgilandi:
bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda I va II gurux nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun daromad solig‘i bo‘yicha belgilangan imtiyoz mexnatga haq to‘lashning eng kam mikdorining 1,41 baravaridan 3 baravarigacha oshirildi;
Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har yili 500 nafargacha nogironligi bo‘lgan yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maksadida subsidiya ajratib borish tizimi joriy etildi . Bunda “ El-yurt umidi ” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2022 yildan boshlab xar yili tanlov asosida tanlab olingan 20 nafargacha nogironligi bo‘lgan iktidorli yoshlarning yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida , shu jumladan onlayn kurslarda ta’lim olishi belgilandi.
Bundan tashqari , Konvensiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan Milliy harakatlar rejasi xalqaro ekspertlar , xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati vakillari tomonidan berilgan takliflar asosida takomillashtirilib , Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasiga kiritish rejalashtirilgan.
Hurmatli seminar-trening ishtirokchilari!
Hammaga ma’lumki , Konvensiyada ishtirok etuvchi a’zo davlatlar Konvensiya ratifikatsiya qilinganidan so‘ng 2 yil ichida dastlabki milliy ma’ruzani, keyinchalik har 4 yilda bir marta taqdim etishlari belgilangan.
2023 yil iyul oyida Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini bajarish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining daslabki milliy ma’ruzasini topshirish rejalashtirilgan . Shu bilan birga BMTning tegishli qo‘mitalari fuqarolik jamiyati vakillari tomonidan taqdim etiladigan muqobil ma’ruzalarni olqishlaydi . Bu esa davlat organlari va fuqarolik jamiyati vakillarini yanada faol bo‘lishga chorlaydi.
Bugungi tadbirning ham asosiy maqsadi , O‘zbekiston Respublikasining Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga rioya etishi yuzasidan muqobil hisobot tayyorlashda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning salohiyatini oshirishdan iborat.
Ishonchim komilki , seminar-trening ochiq va amaliy munozaralar ruhida o‘tadi . Shu o‘rinda seminar-trening ishiga muvaffaqiyat tilayman.