Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

"Mustahkam oila – farovon jamiyat" mavzusida seminar-davra suhbati oʻtkazildi

14-05-2026 240

    2026-yil 13-may kuni Toshkent shahrida "Mustahkam oila – farovon jamiyat" mavzusida seminar-davra suhbati boʻlib oʻtdi. Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-martdagi PF-33-son "Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy-huquqiy choralar toʻgʻrisida"gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etildi.

    Seminar davomida oila institutini mustahkamlash, erta nikohlarning oldini olish, nikohni qonuniy rasmiylashtirish, nikoh shartnomasining ahamiyati, oilaviy ajralishlarning profilaktikasi hamda aliment majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq huquqiy masalalar muhokama qilindi.

    Tadbirda Adliya vazirligi vakillari, Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi, shuningdek, tuman hokimlari oʻrinbosarlari hamda mahallalarda xotin-qizlar bilan ishlovchi faollar ishtirok etdi.

    Seminar doirasida Barqaror rivojlanish markazi vakili tomonidan "Yoshlarning erta nikohga munosabati va uning ijtimoiy-demografik oqibatlari" mavzusidagi ijtimoiy tadqiqot natijalari taqdim etildi. Taqdimotda yoshlarning erta nikohga munosabati, mazkur holatning oila barqarorligi va ijtimoiy muhitga taʼsiri yuzasidan oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalari hamda tahliliy xulosalar haqida maʼlumot berildi.

    Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan mavzu yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi, amaliy taklif va tashabbuslar ilgari surildi hamda oila institutini mustahkamlash, erta nikohlarning oldini olish va xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.