Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Mintaqaviy iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishning dolzarb masalalari va ularning barqaror rivojlanishga ta’siri

26-04-2026 205

    2026 yil 24–25 aprel kunlari Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar fakultetida Barqaror rivojlanish markazi Xorazm viloyati bo‘linmasi bilan hamkorlikda “Mintaqaviy iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishning dolzarb masalalari va ularning barqaror rivojlanishga ta’siri” mavzusida Respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.

    Mazkur anjuman hududiy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, tarkibiy diversifikatsiyani chuqurlashtirish va resurslardan samarali foydalanish orqali barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan ilmiy muloqot maydoni sifatida xizmat qildi. Tadbir doirasida yalpi majlis hamda 5 ta sho‘ba kesimida ilmiy ma’ruzalar tinglanib, ularda mintaqaviy iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarning institutsional, innovatsion va investitsion jihatlari atroflicha yoritildi.

    Anjumanning asosiy maqsadi sifatida hududiy iqtisodiy tizimlarni transformatsiya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, innovatsion rivojlanish modellarini joriy etish, shuningdek, global iqtisodiy tendensiyalar sharoitida hududlarning barqaror rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish belgilandi. Shu nuqtayi nazardan, anjuman doirasida ilg‘or xorijiy tajribalarni milliy iqtisodiyot sharoitiga moslashtirish, klaster yondashuvini keng joriy etish va “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

    Anjumanni universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor Alimardon Atamurotov ochib berdi hamda universitet rektori, professor Madraximovaning tabrigi qatnashchilarga yetkazildi. Tadbirda respublika oliy ta’lim muassasalari olimlari, ilmiy tadqiqotchilar, amaliyotchi mutaxassislar va yosh izlanuvchilar faol ishtirok etdilar, bu esa ilmiy fikr almashuvini yanada boyitdi.

    Yalpi majlisda bir qator muhim va dolzarb mavzular yuzasidan ilmiy ma’ruzalar taqdim etildi. Jumladan, professor B. Ro‘zmetov tomonidan mintaqada kambag‘allikni qisqartirishning institutsional mexanizmlari tahlil qilinib, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy takliflar ilgari surildi. Professor T. Do‘schanov o‘z ma’ruzasida turistik klasterlarni shakllantirish orqali hududiy iqtisodiy faollikni oshirish imkoniyatlarini asoslab berdi. Shuningdek, Qozon federal universiteti Yelabuga filiali professori V. Islamutdinov tomonidan Tatariston Respublikasi tajribasi asosida mintaqaviy rivojlanishni jadallashtirish mexanizmlari yoritildi. F. Abdullayev esa “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish jarayonida xorijiy mamlakatlar tajribasini tahlil qilib, uni milliy iqtisodiyotga joriy etish imkoniyatlarini ko‘rsatib berdi.

        Professor B. Ruzmetov o‘z so‘zida O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirish masalalari eng dolzarb yo‘nalishlardan biri ekanligiga, shu bois, mamlakatda aholi farovonligini oshirish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash maqsadida institutsional islohotlar amalga    oshirilayotganligi, ushbu jarayonda davlat siyosati, normativ-huquqiy bazasi, ijtimoiy yordam dasturlari, bandlikni rag‘batlantirish mexanizmlari va mintaqaviy biznes va boshqaruv tizimining hamda kreativ iqtisodiyotni samarali ishlashi muhim ahamiyatga ega ega ekanligiga to‘xtaldi. Kambag‘allikni qisqartirish va farovonlikni oshirish kompleks institutsional yondashuvni talab qiladi, u iqtisodiy, ijtimoiy va huquqiy mexanizmlarning uyg‘unligi bilan mamlakatning barqaror va inkluziv rivojlanishiga asos bo‘ladi.

    Anjuman quydagi yo‘nalishlardagi sho‘balarda davom etdi.

    1-sho‘ba. “O‘zbekiston-2030” stretegiyasini amalga oshirishda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish: yutuqlar va vazifalar.

    2-sho‘ba.Mintaqaviy iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishning metodologik asoslari.

    3-sho‘ba.Mintaqaning qishloq xo‘jaligi, sanoat va xizmatlar sektorlarida tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishning o‘ziga xos jihatlari.

    4-sho‘ba.Mintaqaviy iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishning xorij tajribasi.

    5-sho‘ba.Mintaqaviy iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishda innovatsion rivojlanish, raqamli transformatsiya va inson kapitalining ahamiyati.

        Anjuman muhokamalari davomida hududiy iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishda quyidagi ustuvor yo‘nalishlar shakllantirildi: iqtisodiyot tarmoqlarini diversifikatsiya qilish, innovatsion infratuzilmani rivojlantirish, investitsion muhitni yaxshilash, inson kapitalini kuchaytirish hamda raqamli iqtisodiyot elementlarini keng joriy etish. Shu bilan birga, mahalliy boshqaruv samaradorligini oshirish va institutsional islohotlarni chuqurlashtirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

        Anjuman yakunida ishlab chiqilgan ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar hududlarning raqobatbardoshligini oshirish, iqtisodiy o‘sish sur’atlarini barqarorlashtirish va aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi qayd etildi. Mazkur tadbir nafaqat ilmiy muloqot maydoni, balki mintaqaviy iqtisodiyotni strategik rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim platforma sifatida ham ahamiyat kasb etdi.

    

        

    

    Barqaror rivojlanish markazi Xorazm viloyat bo‘linmasi rahbari i.f.d., prof, B.Ruzmetov