Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Mehnat migratsiyasida yangi bosqich: huquqiy himoya va raqamlashtirish

21-11-2025 52

    2025 yil 18 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tashqi mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan hisobotni qabul qildi. Ushbu yig‘ilishda xorijda mehnat qilayotgan fuqarolar manfaatlarini himoya qilish, xizmatlarni soddalashtirish va migratsiya jarayonlarini shaffoflashtirish bilan bog‘liq asosiy masalalar muhokama qilindi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2016 yilda 3,8 milliard dollar bo‘lgan migrantlar pul o‘tkazmalari 2025 yilning 10-oyiga kelib 15,8 milliard dollarga yetgan. Bu tashqi mehnat migratsiyasining iqtisodiy ahamiyati keskin oshganini va huquqiy himoyani kuchaytirish dolzarb vazifaga aylanganini ko‘rsatadi.

    Xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish va ular uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish (8.8), 2030 yilgacha yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, iqtisodiy faollik va turizmning barqaror rivojlanishini rag‘batlantirish (8.9), shuningdek, tartibga solingan, xavfsiz va boshqariladigan mehnat migratsiyasiga ko‘maklashish (10.7) kabi ustuvor yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Ana shu global vazifalardan kelib chiqib, xalqaro mehnat bozorida hozirda 140 ming nafar malakali mutaxassisga talab borligi, ammo ularni tayyorlash bo‘yicha amaliy ishlar hali yetarli emasligi ta’kidlandi. Mavjud ehtiyojni qondirish, mehnat muhojirlarining kasbiy raqobatbardoshligini oshirish va ularning huquqiy himoyasini kuchaytirish maqsadida Uchtepa tumanida “Xorijga ishga tayyorlash markazi”, Termiz shahrida “Yagona migratsiya xizmatlari” markazi, Yashnobod tumanida esa nemis va yapon tillariga ixtisoslashgan o‘quv maktablarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.    

    Bugungi kunda “Xorijda ish” platformasi orqali 25 turdagi xizmatlar ko‘rsatilmoqda va bu yilning o‘zida 524 ming fuqaro onlayn xizmatlardan foydalangan. Biroq barcha jarayonlar to‘liq raqamlashmagani sababli sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, biometrik identifikatsiya, real vaqtda ish o‘rinlarini kuzatish hamda masofaviy maslahat berish xizmatlarini yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda.    

    Shuningdek, Prezidentimiz noqonuniy migratsiya va litsenziyasiz konsalting faoliyati bilan bog‘liq firibgarlik holatlari ortib borayotganini qayd etib, jarimalarni oshirish, aeroportlarda interaktiv infokiosklar o‘rnatish va Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Umuman olganda, Prezident tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar mehnat migratsiyasi jarayonlarini xavfsiz, qulay va shaffof qilishga qaratilgan bo‘lib, bu nafaqat iqtisodiy barqarorlikka, balki inson qadri, huquqiy himoya va barqaror rivojlanish tamoyillariga muvofiq ravishda amalga oshirilmoqda.