2026 yil 27 aprel kuni Toshkent shahrida mahalla raislari ishtirokida “O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida mahalla tizimining o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida mamlakatda izchil amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida jamiyatni barqaror rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish hamda davlat boshqaruvini yanada xalqchil va samarali tashkil etishda mahalla institutining o‘rni alohida ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, mahalla bugungi kunda joylarda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish, aholi bilan manzilli ishlash va davlat siyosati ijrosini ta’minlashda eng muhim bo‘g‘in sifatida namoyon bo‘lmoqda. Uning imkoniyatlari kengayib borayotgani esa hududlardagi real vaziyatni chuqur o‘rganish va tezkor choralar ko‘rishga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda joriy etilgan “mahalla yettiligi” tizimi aholi muammolarini joyida hal etish, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash va jamoatchilik ishtirokini kuchaytirishda samarali mexanizm sifatida baholandi. Ushbu yondashuv orqali hududlardagi dolzarb masalalarni aniqlash, ularga manzilli yechimlar ishlab chiqish va amaliy natijaga erishish imkoniyatlari sezilarli darajada oshgani ta’kidlandi.
Tadbirda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingani mahalla institutini davlat va jamiyat hayotida yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim strategik qaror ekani alohida qayd etildi.