Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Mahalla – jamiyat tayanchi: Zangiotada Barqaror rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi

22-04-2026 215

    2026 yil 21 aprel kuni Toshkent viloyati Zangiota tumani kasb-hunar texnikumida “Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy hayotida mahallaning o‘rni” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir Barqaror rivojlanish markazi Toshkent viloyati bo‘linmasi hamda Zangiota tuman hokimligi hamkorligida tashkil etildi.

    Tadbirda tuman “Nuroniy” jamg‘armasi raisi va faollari, o‘zini-o‘zi boshqarish organlari raislari, texnikum o‘qituvchilari va o‘quvchilari ishtirok etib, jami 150 nafardan ortiq qatnashchi yig‘ildi. Davra suhbatida mahallaning jamiyat hayotidagi o‘rni, uning ijtimoiy rivojlanishdagi ahamiyati hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi o‘rni keng muhokama qilindi.

    Tadbir asosan Barqaror rivojlanish maqsadlarining 4-maqsadi — sifatli ta’lim va 8-maqsadi — munosib mehnat va iqtisodiy o‘sish yo‘nalishlariga bag‘ishlandi.

    Davra suhbatida so‘z olgan bo‘linma rahbari A.To‘laganov Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘nalishlari va bu borada dunyoda kuzatilayotgan asosiy tendensiyalar haqida fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, ta’lim sohasida raqamlashtirish jarayonlari jadal kechmoqda. UNESCO ma’lumotlariga ko‘ra, onlayn ta’lim platformalari va masofaviy o‘qitish imkoniyatlari global miqyosda kengayib, millionlab insonlar uchun bilim olish imkoniyatini oshirmoqda.

    Shu bilan birga, u mehnat bozoridagi o‘zgarishlarga to‘xtalib, World Bank tahlillariga ko‘ra, zamonaviy iqtisodiyotda raqamli ko‘nikmalar, innovatsion fikrlash va kasbiy moslashuvchanlik asosiy talabga aylanayotganini qayd etdi. Kambag‘allikni qisqartirish borasida mahalliy darajada aholini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va bandlikni ta’minlash samarali yechim sifatida qo‘llanilayotgani ta’kidlandi.

    Davra suhbatida Markaz eksperti Sh.Azizov ham ma’ruza qilib, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda har bir insonning shaxsiy hissasi muhim ekanini alohida qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, global ekologik muammolarni hal etish faqat davlatlar darajasida emas, balki har bir insonning kundalik odatlari orqali ham amalga oshadi.

    Sh.Azizov o‘z fikrlarini global ekologik tendensiyalar bilan boyitib, tahlillarga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi oqibatida dunyoda harorat oshishi, suv tanqisligi va tabiiy ofatlar soni ko‘payib borayotganini ta’kidladi. Shuningdek, havo ifloslanishi inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirayotgan omillardan biri ekani qayd etildi.

    Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi global muammolarni hal etishda har bir inson o‘z hissasini qo‘sha oladi: daraxt ekish, suv va energiyani tejash, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, atrof-muhitni asrash kabi oddiy amallar katta natijalarga olib keladi. Shu ma’noda, mahalla darajasida amalga oshirilayotgan tashabbuslar global barqaror rivojlanish jarayonlarining muhim qismi hisoblanadi.

    Tadbirning amaliy qismi ham diqqatga sazovor bo‘ldi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida texnikum hududida keng ko‘lamli ko‘chat ekish aksiyasi o‘tkazildi. Unda 100 nafardan ortiq ishtirokchi faol qatnashib, 100 tup olma, olcha, olxo‘ri va nok ko‘chatlari ekildi. Bu tashabbus orqali ishtirokchilar nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilishga, balki Barqaror rivojlanish maqsadlariga amaliy hissa qo‘shdilar.

    Xulosa qilib aytganda, mazkur tadbir global tendensiyalar va mahalliy islohotlarni uyg‘unlashtirish, aholining ijtimoiy faolligini oshirish va yoshlarda mas’uliyat hissini kuchaytirishga xizmat qildi. Zero, mahalla — barqaror taraqqiyotning eng muhim bo‘g‘inidir.

BRM Toshkent viloyat bo‘linmasi