Toshkent, 10 noyabr 2025 yil. — Barqaror rivojlanish markazi tomonidan poytaxt mahalla raislari ishtirokida “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida mahalla tizimining roli va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi ahamiyati” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Tadbirda markazning eksperti Avazbek Xalbekov “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining asosiy yo‘nalishlari hamda ularning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘unligi haqida ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, strategiyada iqtisodiy o‘sish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarini rivojlantirish, sog‘lom ekologik muhitni yaratish, adolatli va samarali davlat boshqaruvini ta’minlash, shuningdek, milliy xavfsizlikni mustahkamlash kabi ustuvor vazifalar belgilangan.
Seminarda “mahalla yettiligi” tizimi ushbu vazifalarni amalga oshirishda muhim amaliy mexanizm ekani alohida qayd etildi. Ushbu tizim orqali aholi muammolarini joyida hal etish, “oila–maktab–mahalla” hamkorligini mustahkamlash va jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etish imkoniyatlari kengaymoqda.
Shuningdek, “mahalla yettiligi” instituti Barqaror rivojlanish maqsadlarining “kambag‘allikni qisqartirish”, “sifatli ta’lim”, “gender tenglik” va “barqaror jamoalar” kabi yo‘nalishlarini amalga oshirishda muhim amaliy vosita sifatida e’tirof etildi.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda milliy strategiya bilan Barqaror rivojlanish maqsadlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik yuzasidan qo‘shimcha tushuntirishlar berildi.