Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Mahalla instituti — barqaror rivojlanish va ijtimoiy birdamlikning asosi sifatida

02-11-2025 54

Toshkent, 3 noyabr — Barqaror rivojlanish markazi tomonidan Toshkent shahar mahalla raislari uchun “Barqaror rivojlanish maqsadlari va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida mahalla yettiligi tizimining o‘rni” mavzusida seminar tashkil etildi.

    Tadbirda markazning yetakchi eksperti Avazbek Xalbekov “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining asosiy yo‘nalishlari va uning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘unligi haqida ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, strategiyada iqtisodiy o‘sish, ta’lim va tibbiyotni rivojlantirish, sog‘lom ekologik muhit yaratish, adolatli davlat qurish hamda milliy xavfsizlikni ta’minlash kabi ustuvor vazifalar belgilab berilgan.

    Seminarda ta’kidlanishicha, “mahalla yettiligi” tizimi mazkur vazifalarni amalga oshirishda muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Ushbu tizim orqali aholining muammolarini joyida hal etish, “oila–maktab–mahalla” hamkorligini kuchaytirish va jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etish imkoni yaratiladi.

    Shuningdek, “mahalla yettiligi” instituti BRMning “kambag‘allikni qisqartirish”, “sifatli ta’lim”, “gender tenglik” va “barqaror jamoalar” kabi yo‘nalishlarini hayotga tatbiq etishda muhim amaliy vosita sifatida qayd etildi.

    Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Shuningdek, milliy strategiya bilan Barqaror rivojlanish maqsadlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik yuzasidan qo‘shimcha tushuntirishlar berildi.