Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida e’lon qilingan davlat ijtimoiy buyurtmasi tanlovi gʻoliblari tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.
Tadbir “Demokratiya va inson huquqlari instituti” Respublika jamoat birlashmasi hamda “Yuksalish” harakati hamkorligida tashkil etildi. Unda davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, akademik doira hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlaridagi faolligini oshirish va qoʻllab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Birgina 2026-yil yanvar–sentabr oylarida ularning ushbu yoʻnalishdagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan jami 25 ta grant va ijtimoiy buyurtma loyihasini moliyalashtirish uchun 6,4 mlrd soʻmdan (shundan Oliy Majlis fondi - 3 mlrd 190 mln, Agentlik - 1 mlrd 918 mln, xalqaro tashkilotlar 846 mln soʻm) ortiq mablagʻ yoʻnaltirildi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilgi yillik koʻrsatkichga nisbatan qariyb 91 foizga koʻp boʻlib, fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilayotgan mablagʻlar hajmi salkam ikki barobarga oshganini koʻrsatadi.
Tadbirda Agentlikning ijtimoiy buyurtmasi asosida ishlab chiqilgan “Barqaror rivojlanish” markazining “Biznes va korrupsiya: Oʻzbekiston Respublikasida institutsional korrupsiyaviy xavflarni baholash, biznes hamjamiyatining munosabatini oʻrganish va samarali mexanizmlarni takomillashtirish” hamda “Yuksalish” harakatining ”Halollik sari ilk qadam” nomli loyihalari taqdim etildi.
Qayd etilganidek, “Halollik sari ilk qadam” loyihasining asosiy maqsadi bolalarda halollik, adolat, mas’uliyat, oʻzgalar haqiga hurmat kabi qadriyatlarni shakllantirish, shuningdek, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni tarbiyalashdan iborat. Loyiha doirasida maktabgacha yoshdagi bolalar uchun ertaklar, rasmlar va turli topsiriqlardan iborat koʻrgazmali qoʻllanma, boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun “Men halollikni tanlayman” metodik qoʻllanmasi, “Halollik oʻyini” toʻplami hamda ta’limga oid boshqa materiallar ishlab chiqiladi.
“Biznes va korrupsiya: Oʻzbekiston Respublikasida institutsional korrupsiyaviy xavflarni baholash, biznes hamjamiyatining munosabatini oʻrganish va samarali mexanizmlarni takomillashtirish” loyihasi doirasida tadbirkorlar, инвесторлар va ekspertlarning biznes hamjamiyatining korrupsiya holatlariga munosabati, fikr-mulohazalari oʻrganiladi, korrupsiyaviy xavfi yuqori boʻlgan institutlar, xizmatlar, lavozimlar va hududlar aniqlanadi. Shuningdek, korrupsiyani qabul qilish darajasi hamda institutsional xavflar baholanib, davlat organlari uchun ilmiy asoslangan amaliy taklif va yechimlar ishlab chiqiladi.
Loyiha doirasida shakllantiriladigan ma’lumotlar yagona analitik bazaga birlashtirilib, institutsional korrupsiyaviy xavflar xaritasi, indeks va reytinglarni ishlab chiqish, shuningdek, sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha amaliy tavsiyalar tayyorlashga xizmat qiladi.
Taqdimot yakunida loyihalarning amaliy natijadorligini oshirish, ishlab chiqilayotgan material va tavsiyalarni amaliyotga samarali joriy etish, shuningdek, belgilangan vazifalar ijrosini oʻz vaqtida va har tomonlama puxta ta’minlash yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.