Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan yangi tizimli islohotlar joriy etiladi

26-01-2026 40

    Aholi o‘rtasida, ayniqsa yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, mutolaaga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda ma’naviy-ma’rifiy muhitni mustahkamlash maqsadida “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–9-son, 2026 yil 15 yanvar) qabul qilindi.

    Qarorda 2026–2030 yillar davomida aholining kitobxonlik darajasini oshirish, ya’ni bir nafar aholi tomonidan o‘qiladigan kitoblar sonini yiliga o‘rtacha 10 taga yetkazish strategik maqsad sifatida belgilandi.

    Mazkur qarorga muvofiq, Yoshlar ishlari agentligi huzurida Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi. Jamg‘arma yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, adabiyot sohasini rivojlantirish va tarjima ishlarini kengaytirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtiradi. Xususan, yosh yozuvchilarga grantlar ajratish, iste’dodli mualliflarga ijodiy haq to‘lash, milliy va xorijiy adabiyotlarni o‘zaro tarjima qilish hamda nashr xarajatlarini qoplash nazarda tutilgan.

    Shu bilan birga, 2026 yil 1 fevraldan aholi o‘rtasida kitob o‘qishni targ‘ib qilishga qaratilgan “Kitob – ma’rifat manbai” dasturi amalga oshiriladi. Davlat organlarining kitob va kitobxonlikka oid targ‘ibot materiallari ijtimoiy reklama sifatida e’tirof etiladi. Jamoat transportlarida “Mutolaa” elektron platformasidan simsiz yoki mobil internet orqali foydalanish imkoniyatlari yaratilib, maxsus QR-kodlar joriy etiladi.

    Qaror doirasida umumta’lim muassasalarida “Jadidlar izidan” kitobxonlik klublari tashkil etiladi. Ushbu klublar doirasida o‘quvchilar o‘rtasida kitob tahliliga bag‘ishlangan debatlar o‘tkazish, yil davomida kamida 20 ta kitob mutolaa qilish hamda har chorakda eng faol klub a’zolarini rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

    Mazkur tashabbuslar kitobxon jamiyatni shakllantirish, milliy ma’rifatparvarlik an’analarini tiklash va yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.