Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha institutsional chora-tadbirlar belgilandi

11-02-2026 74

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 9 fevraldagi PQ–51-son qaroriga muvofiq, “og‘ir” toifaga kiritilgan mahallalarda kam ta’minlangan aholini iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari joriy etildi.

    Mazkur qarorga asosan, “og‘ir” mahallalarda daromad keltiruvchi barqaror aktiv sifatida quvvati 300–500 kVt bo‘lgan kichik quyosh elektr stansiyalarini barpo etish va ishga tushirish nazarda tutilgan. Ushbu loyihalarni moliyalashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan 110 mln AQSH dollari miqdorida moliyaviy resurslar ajratilishi belgilandi.

    Shuningdek, qaror bilan bir oy muddatda quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oluvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish va kiritish vazifasi yuklatildi:

• kichik quyosh elektr stansiyalarini qonunchilikda belgilangan tartibda loyihalashtirish, davlat ekspertizasidan o‘tkazish, tender asosida pudrat tashkilotlarini tanlash hamda qurilish-montaj ishlarini tashkil etish;

• mazkur elektr stansiyalarini foydalanishga qabul qilish va ularning samarali ekspluatatsiyasi hamda boshqaruv mexanizmlarini joriy etish;

• ishlab chiqarilgan elektr energiyasini realizatsiya qilishdan tushgan moliyaviy tushumlarni taqsimlashning shaffof va samarali tartibini belgilash.

    Ushbu tashabbus kam ta’minlangan aholi qatlamlarining iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash, mahallalarda qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirishga xizmat qiladi.