Iqlim oʻzgarishi taʼsirida jazirama kunlar tobora koʻpayib, shahar aholisi salomatligi, elektr energiyasi taʼminoti va mehnat unumdorligiga jiddiy bosim oʻtkazmoqda. Oʻzbekiston ham issiqlik toʻlqinlari, qurgʻoqchilik va suv tanqisligi xavfi yuqori boʻlgan mamlakatlar qatoriga kiradi. Jahon banki mamlakatimizdagi ekstremal ob-havo hodisalari qishloq xoʻjaligi, iqtisodiyot va aholi farovonligiga bevosita taʼsir koʻrsatayotganini qayd etadi.
Bunday sharoitda binolarni faqat konditsionerlar yordamida sovitish yetarli emas. Bu usul elektr energiyasi isteʼmolini keskin oshiradi, elektr tarmoqlariga qoʻshimcha yuklama ortadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Atrof-muhit dasturi Hindistonda qoʻllanilayotgan passiv sovitish, yaʼni katta miqdorda energiya sarflamasdan binolarda moʻtadil haroratni saqlash yechimlariga eʼtibor qaratmoqda. Chora-tadbirlar qatoriga quyosh nurini qaytaruvchi maxsus qoplamalar, tabiiy shamollatish va devorlarni issiqlikdan himoyalash kiradi.
Masalan, Dehlidagi yirik avtobus bekatlari tomi quyosh issiqligining kamida 80 foizini qaytaruvchi maxsus qoplama bilan yangilanmoqda. Hindistonda ijtimoiy uy-joylarni tabiiy shamollatish va issiqlik izolyatsiyasi asosida qurish ichki haroratni taxminan 3 darajaga pasaytirishi hamda elektr energiyasi sarfini 35 foizgacha kamaytirishi mumkinligi hisoblangan. Chennay shahrida esa eng issiq hududlar xaritalanib, ularni koʻkalamzorlashtirish va passiv sovitish choralari bosh rejaga kiritilmoqda.
Ushbu tajriba Oʻzbekiston uchun ham dolzarb. Birinchi navbatda, Toshkent, Nukus, Buxoro, Navoiy, Qarshi va Termiz kabi issiqlik yuqori boʻladigan shaharlarda «issiqlik orollari» xaritasini ishlab chiqish zarur. Asfalt va beton koʻp, daraxtlar kam boʻlgan hududlarda harorat boshqa joylarga nisbatan yuqoriroq boʻladi. Bu borada Jahon banki zich qurilish, yashil hududlarning yetishmasligi va issiqlikni oʻzida saqlovchi qoplamalar shaharlarda jazirama taʼsirini kuchaytirishini taʼkidlaydi.
Birinchi bosqichda maktablar, poliklinikalar, bolalar bogʻchalari, bozorlar, avtobus bekatlari va ijtimoiy uy-joylarda «salqin tom» texnologiyasini sinovdan oʻtkazish mumkin. Buning uchun har doim qimmat uskunalar talab etilmaydi: och rangli va quyosh nurini qaytaruvchi qoplamalar, tashqi soyabonlar, tom va devorlarni izolyatsiyalash ham sezilarli natija berishi mumkin. Yangi qurilish meʼyorlarida binolarning yoʻnalishi, tabiiy shamollatilishi, derazalarni soyalash va hovlilarni koʻkalamzorlashtirishga alohida talablar belgilanishi lozim.
Bu yondashuv milliy meʼmorchilik anʼanalariga ham mos keladi. Qalin devor, ichki hovli, ayvon, favvora va daraxt soyasi kabi yechimlar asrlar davomida issiq iqlimga moslashish vositasi boʻlib xizmat qilgan. Zamonaviy texnologiyalarni ana shu tajriba bilan uygʻunlashtirish shaharlarni salqinroq, energiya tejamkor va yashash uchun qulayroq qiladi.
Hindiston tajribasini Oʻzbekiston shaharlarida pilot loyihalar orqali sinab koʻrish elektr energiyasini tejash, aholi salomatligini muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishiga chidamli infratuzilmani shakllantirishga xizmat qiladi.