Barqaror rivojlanish markazi 

Sayt sinov rejimida ishlamoqda
  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Quyosh energiyasi — hosilni saqlash yechimi

16-09-2026 18

    Hosil yetishtirish fermer uchun ishning yarmi, xolos. Uni nobud qilmasdan saqlab, munosib narxda sotish esa ishning ikkinchi yarmi. Ammo yig‘im-terim avjiga chiqqan paytda bozorga mahsulot bir vaqtda ko‘p chiqadi va narx pasayadi. Sovutkichli ombordan foydalana olmagan kichik fermer hosili buzilmasligi uchun uni shoshilib, arzonga sotishga majbur bo‘ladi.

    Bunday muammoga Nigeriyada quyosh energiyasi yordamida amaliy yechim topilgan. Mamlakatdagi ColdHubs loyihasi modulli sovutkichli omborlarni fermer xo‘jaliklari yaqinida va bozorlarda o‘rnatgan. Xalqaro oziq-ovqat siyosati tadqiqot instituti (IFPRI) platformasida e’lon qilingan loyiha ma’lumotlariga ko‘ra, bu omborlar mahsulotning saqlanish muddatini 2 kundan 21 kungacha uzaytirgan. Dastlabki ikki yilda beshta ombor yordamida qariyb 5 800 tonna meva-sabzavotning nobud bo‘lishi oldi olingan. 300 dan ortiq fermer va savdogarning oylik daromadi esa qariyb ikki barobar oshgan.

    Nigeriyada o‘z samarasini ko‘rsatgan bu yondashuv O‘zbekiston uchun ham dolzarb. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlaridagi sharoitni o‘rganib, quyosh panellarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan sovutkichli omborlar, suv nasoslari va qayta ishlash uskunalarini ishlatishda foydalanishni taklif qilgan. FAOga ko‘ra, bunday yechim mahsulot yo‘qotilishini kamaytirish va uning sifatini saqlashga yordam beradi.

    O‘zbekistonda har bir fermerga alohida ombor qurish shart emas. Meva-sabzavot yetishtiriladigan hududlarda bir nechta xo‘jalikka xizmat ko‘rsatadigan kichik, modulli omborlar tashkil etish mumkin. Bu modelda fermer ombor sotib olmaydi — mahsulot hajmi va saqlash muddatiga qarab xizmat haqi to‘laydi. Ochiq tariflar va soddalashtirilgan buyurtma tizimi xizmatning shaffofligini ta’minlaydi. Omborning dalalarga yaqin joylashishi mahsulotni o‘z vaqtida sovitish, saralash va qadoqlash imkonini beradi.

    Biroq quyosh panellarini o‘rnatishning o‘zi yetarli emas. Panellar asosan kunduzi energiya ishlab chiqaradi, sovitish tizimi esa kecha-yu kunduz ishlashi kerak. Shu bois ombor akkumulyator yoki elektr tarmog‘i bilan uyg‘un ishlashi, uskunalarga muntazam texnik xizmat ko‘rsatilishi lozim.

    Loyihani dastlab FAO o‘rgangan uch hududning meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlarida sinovdan o‘tkazish mumkin. Omborlarni kooperativ, xususiy operator yoki davlat-xususiy sheriklik asosida boshqarish, tashabbuskorlarga uzoq muddatli kredit va texnik ko‘mak berish maqsadga muvofiq. Natija mahsulot yo‘qotilishi, fermer daromadi va energiya sarfidagi o‘zgarishlar asosida baholanishi kerak.

    Quyosh energiyasida ishlaydigan sovutkichli ombor fermerga vaqt va tanlov imkonini beradi. U hosilini yig‘ib olgan kuniyoq arzonga sotishga majbur bo‘lmaydi, balki sifatini saqlab, talab ortgan paytda bozorga chiqara oladi. Demak, bu oddiy ombor emas, fermer daromadini oshirish va oziq-ovqat yo‘qotilishini kamaytirishga xizmat qiladigan amaliy yechimdir.

    Alisher Azizov,

    “Barqaror rivojlanish markazi” NNT bosh mutaxassisi