15-sentyabr — Xalqaro demokratiya kuni
Demokratiyaning qay darajada yetuk ekani faqat saylov tizimi qanday tashkil etilgani bilan emas, balki insonning kundalik hayotda davlat bilan munosabatlari qanday kechayotgani bilan ham baholanadi: uning huquqlari himoya qilinganmi, u o‘z fikrini ochiq ifoda eta oladimi, hayotiga daxldor masalalarni hal etishda ishtirok eta oladimi va murojaatlariga aniq hamda asosli javob oladimi? Shu bois BMT Bosh Assambleyasi qaroriga muvofiq har yili 15-sentyabrda nishonlanadigan Xalqaro demokratiya kuni — avvalo, jamiyat va hokimiyat o‘rtasidagi muloqot qay darajada samarali ekanini baholash uchun muhim fursatdir.
O‘zbekiston uchun bu mavzu, avvalo, amaliy ahamiyatga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida so‘zga chiqib, mamlakat Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang holda demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidan izchil borayotganini ta’kidladi. BMT tomonidan qabul qilingan ushbu 17 ta maqsad 2030-yilga qadar inson farovonligini oshirish, ijtimoiy tenglikni ta’minlash va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan. Bu yo‘lda inson qadri hamda davlat institutlarining jamiyat ehtiyojlariga amalda javob bera olishi bosh mezon hisoblanadi.
Inson — bosh mezon
Bu yondashuvga 2023-yilda umumxalq referendumi orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya mustahkam huquqiy asos yaratdi. Unda inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi belgilab qo‘yilgan. Mohiyatan, bu boshqaruv mantig‘ining o‘zgarganini anglatadi: fuqaro tizimga moslashishi shart emas; aksincha, tizim qonun doirasida ishlab, insonning huquq va qonuniy manfaatlarini ustuvor qo‘yishi lozim.
Biroq demokratik me’yorlar inson ularning amaliy natijasini o‘z hayotida ko‘rgandagina ishonch uyg‘otadi. Shu nuqtayi nazardan, “Tashabbusli byudjet” fuqarolar ishtirokini ta’minlaydigan eng ko‘zga ko‘ringan mexanizmlardan biriga aylandi. Uning doirasida aholi o‘z mahallasi uchun zarur loyihalarni ilgari suradi, eng muhim deb hisoblagan tashabbuslarga ovoz beradi va byudjet mablag‘larining bir qismi qanday taqsimlanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Bu mexanizmning ko‘lami bugun raqamlarda ham yaqqol ko‘rinadi. 2026 yilgi birinchi mavsumda “Ochiq byudjet” portali orqali 21 mingdan ortiq loyiha taklif etildi, ovoz berish jarayonida esa 10,2 milliondan ziyod ovoz berildi. Yakunda umumiy qiymati qariyb 3,03 trillion so‘m bo‘lgan 2 192 ta loyiha g‘olib deb topildi. Bu raqamlar ortida yo‘llar, maktablar, suv ta’minoti, ko‘chalarni yoritish, tibbiyot muassasalari va boshqa ijtimoiy obyektlar bilan bog‘liq aniq loyihalar turibdi. Eng muhimi, ularga bo‘lgan ehtiyojni aholining o‘zi belgilagan. Shu tariqa aholi fikri aniq qarorga aylanadi, ishonch esa amaliy natija bilan mustahkamlanadi.
Vakillik va ishtirok
Fuqarolarning jamiyat hayotiga ta’sir ko‘rsatish imkoniyati mahalliy tashabbuslar bilangina cheklanmaydi. Qonunlar qabul qilinadigan parlamentda jamiyatning turli qatlamlari qay darajada vakillikka ega ekani ham muhim. 2024 yilgi parlament saylovi mamlakat tarixida ilk bor aralash saylov tizimi asosida o‘tkazildi: Qonunchilik palatasi deputatlarining 75 nafari bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari esa partiya ro‘yxatlari bo‘yicha saylandi. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, quyi palata tarkibi qariyb 60 foizga yangilandi. Xotin-qizlar ulushi 38 foizga yetdi — bu O‘zbekiston tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Ilk bor Qonunchilik palatasiga nogironligi bo‘lgan uch nafar shaxs deputat etib saylandi.
Jamiyatning turli qatlamlari kengroq vakillikka ega bo‘lishi muhim, ammo buning o‘zi yetarli emas. Bunday vakillik qabul qilinayotgan qarorlarda fuqarolarning turli manfaatlari va hayotiy tajribasi to‘laroq hisobga olinishiga xizmat qilishi lozim. Aynan shu yerda demokratiyani mustahkamlash bilan barqaror rivojlanish vazifalari o‘zaro tutashadi. BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari ham bu bog‘liqlikni ifodalaydi: 5-maqsad xotin-qizlar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlashga, 16-maqsad esa samarali, hisobdor va ochiq institutlarni shakllantirish hamda qaror qabul qilishda barchaning ishtirokini ta’minlashga qaratilgan.
Ochiqlik jamoatchilik bilan muloqotni talab qiladi
Demokratiya saylov kuni bilan tugamaydi. Uning yetukligi jamoatchilikning qarorlarni tayyorlash va ular ijrosini nazorat qilishda qay darajada izchil ishtirok eta olishi bilan o‘lchanadi. 2024-yilda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi yangilandi: Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etildi. Shuningdek, davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari raislarini fuqarolik jamiyati institutlari vakillari orasidan tasdiqlash, kengashlar faoliyati samaradorligini har yili baholash hamda natijalarini e’lon qilish tartibi belgilandi.
Biroq muhokama maydonining mavjudligi hali mazmunli muloqotni kafolatlamaydi. Fuqaro qanday qaror qabul qilish rejalashtirilayotganini, muhokama davomida qanday takliflar bildirilganini, ulardan qaysilari inobatga olinganini va ayrimlari nima sababdan rad etilganini bilishi muhim. Ana shunday ochiq va asosli javob tufayli muhokama shunchaki rasmiyatchilik bo‘lib qolmay, o‘zaro ishonchni mustahkamlaydigan amaliy vositaga aylanadi.
Bu borada elektron hukumat tizimi keng imkoniyatlar yaratmoqda. BMTning 2024 yilgi Elektron hukumat tadqiqoti ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Elektron hukumatni rivojlantirish indeksida (EGDI) 69-o‘rindan 63-o‘ringa ko‘tarildi va ilk bor elektron hukumat rivojlanishi juda yuqori baholangan mamlakatlar guruhiga kirdi. Elektron xizmatlar davlat xizmatlaridan foydalanish, murojaat yo‘llash va zarur axborotni olishni osonlashtiradi. Biroq raqamlashuv keksalar, olis hududlar aholisi yoki raqamli ko‘nikmalari yetarli bo‘lmagan fuqarolar uchun to‘siqqa aylanmasligi lozim.
Shu bois onlayn vositalarni fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot, sayyor qabul va uchrashuvlar, shuningdek, mahallalardagi ochiq muhokamalar bilan uyg‘unlashtirish zarur.
Asosiy mezon — institutlar faoliyatining sifati
Bugungi vazifa fuqarolar ishtirokini ta’minlaydigan mexanizmlarni yaratish bilangina cheklanmaydi. Ularning samarali ishlashini ta’minlash ham shunchalik muhim. Buning uchun uch shart alohida ahamiyatga ega: fuqarolar takliflari qanday ko‘rib chiqilganini ochiq va tushunarli bayon etish; yashash joyi yoki raqamli savodxonlik darajasidan qat’i nazar, ishtirok uchun teng imkoniyat yaratish; shuningdek, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish. Yoshlarga davlat institutlari qanday ishlashi, saylovlar, mahalliy boshqaruv, jamoatchilik nazorati hamda o‘z tashabbuslarini ilgari surish yo‘llari haqida amaliy bilimlar kerak.
Bunday yondashuv “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining ustuvor yo‘nalishlariga ham mos keladi. Strategiya inson salohiyatini rivojlantirishni qonun ustuvorligini ta’minlash, samarali davlat boshqaruvini yo‘lga qo‘yish va jamoatchilik ishtirokini kengaytirish bilan uzviy bog‘laydi. Pirovardida, demokratik mexanizmlar samaradorligi ishga tushirilgan platformalar yoki qabul qilingan hujjatlar soni bilan emas, balki ular inson manfaatlariga qay darajada muntazam, ochiq va izchil xizmat qilayotgani bilan belgilanadi.
Xalqaro demokratiya kuni — erishilgan yutuqlarni sarhisob qilish bilangina cheklanadigan sana emas. Bu kun fuqarolar ishtiroki yanada mazmunli bo‘lishi, institutlar hisobdorligi kuchayishi, qarorlar esa tushunarli va adolatli bo‘lishi uchun yana qanday ishlar qilinishi zarurligini belgilab olish imkonini beradi. Ishonch ma’muriy qaror bilan paydo bo‘lmaydi. U fuqaro qonun amalda ishlayotganini, o‘z ovozi ahamiyatga ega ekanini, taklifi javobsiz qolmayotganini, davlat idorasi esa natija uchun mas’ul ekanini ko‘rgandagina mustahkamlanadi.
Demokratiya bilan barqaror rivojlanish o‘rtasidagi bog‘liqlik aynan shunda yaqqol ko‘rinadi. Fuqaro va davlat o‘rtasidagi munosabatlar qanchalik mustahkam bo‘lsa, qabul qilinayotgan qarorlar sifati shunchalik yuqori, islohotlar esa izchil bo‘ladi. Umumiy kelajakka daxldorligini his qiladigan insonlar qancha ko‘p bo‘lsa, jamiyatdagi ishonch shuncha mustahkam, mamlakatning taraqqiyot sari qadami esa shuncha dadil bo‘ladi.
Alisher Azizov,
“Barqaror rivojlanish markazi” NNT bosh mutaxassisi