Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Iqtisodiyotni barqaror rivojlanish tamoyillari asosida rejalashtirish

15-05-2026 251

    Hozirgi global iqtisodiy jarayonlar sharoitida barqaror rivojlanish tamoyillarini iqtisodiyotni rejalashtirish tizimiga integratsiya qilish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Chunki iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash bilan birga tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muvozanatni saqlash va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash har bir davlatning strategik vazifasiga aylangan.

    Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar ham aynan ushbu yoʻnalishga qaratilgan boʻlib, mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, investitsiya muhitini yaxshilash hamda aholi farovonligini oshirishni maqsad qiladi. Bu jarayonda iqtisodiyotni rejalashtirish tizimi samaradorligini oshirish va barqaror rivojlanish maqsadlarini milliy siyosatga uygʻunlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.

    2026-yil 13-may kuni Barqaror rivojlanish markazi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Moliya organlari hamda budjet tashkilotlarining moliya-hisob boʻlinmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash oʻquv markazi bilan hamkorlikda "Iqtisodiyotni barqaror rivojlanish tamoyillari asosida rejalashtirish" mavzusida soha mutaxassislari va ekspertlari ishtirokida seminar tashkil etildi. Tadbirda moliya sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, davlat moliya organlari va budjet tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

    Mazkur tadbirning asosiy maqsadi iqtisodiyotni rejalashtirish jarayonida barqaror rivojlanish tamoyillarini samarali tatbiq etish, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, investitsiya loyihalarining natijadorligini oshirish hamda davlat qarzini boshqarish mexanizmlarini takomillashtirishdan iborat boʻldi. Shuningdek, global iqtisodiy oʻzgarishlar sharoitida milliy iqtisodiyot barqarorligini taʼminlash, strategik rejalashtirish sifatini oshirish va iqtisodiy siyosatning uzoq muddatli taʼsirini tahlil qilish masalalari muhokama qilindi.

    Tadbir davomida ishtirokchilar sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, eksport salohiyatini oshirish hamda logistika tizimini rivojlantirish boʻyicha takliflar bildirdilar. Shuningdek, hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirish, investitsiya muhitini yaxshilash va kichik hamda oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash orqali yangi ish oʻrinlari yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Barqaror rivojlanish tamoyillariga asoslangan iqtisodiy rejalashtirishda moliyaviy resurslarni boshqarish tizimi hal qiluvchi ahamiyatga ega hisoblanadi. Bu jarayonda davlat budjeti mablagʻlarini samarali taqsimlash, soliq siyosati orqali iqtisodiy faollikni ragʻbatlantirish hamda investitsiya muhitini yanada yaxshilash orqali barqaror iqtisodiy oʻsishga erishish maqsad qilinadi. Shuningdek, moliya tizimini takomillashtirish rejalashtirish jarayonlarining sifatini oshirishga xizmat qiladi.

    Iqtisodiyotni rejalashtirishda inson kapitali masalasi ham muhim oʻrin tutadi. Taʼlim tizimini zamonaviy talablarga moslashtirish, mehnat bozori ehtiyojlariga mos kadrlar tayyorlash hamda raqamli texnologiyalar sohasida bilim va koʻnikmalarni rivojlantirish iqtisodiy tizimning barqarorligini taʼminlovchi asosiy omillardan biri hisoblanadi. Bu esa iqtisodiyotning innovatsion rivojlanish yoʻliga oʻtishiga zamin yaratadi.

    Umuman olganda, barqaror rivojlanish tamoyillarini iqtisodiy rejalashtirish jarayoniga tatbiq etish mamlakatning iqtisodiy oʻsish surʼatlarini barqarorlashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish hamda ekologik muvozanatni saqlashga xizmat qiladi. Shu orqali uzoq muddatli strategik maqsadlarga erishish uchun mustahkam asos yaratiladi.