O‘zbekistonning “Ilg‘or iqtisodiyot va pedagogik texnologiyalar” ilmiy-elektron jurnalida Barqaror rivojlanish markazi bo‘lim boshlig‘i Avazbek Xalbekovning “Iqtisodiyotda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash davr talabidir” mavzusidagi ilmiy maqolasi chop etildi. Maqolada mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish, tarkibiy islohotlarni chuqurlashtirish hamda zamonaviy iqtisodiy sharoitda barqaror o‘sishni ta’minlashning nazariy va amaliy jihatlari tahlil qilingan.
Mazkur tadqiqotda milliy iqtisodiyot tarkibini diversifikatsiya qilish, yuqori texnologiyali xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish, investitsiyalarni keng jalb etish va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish barqaror iqtisodiy o‘sishning asosiy omillari sifatida asoslab berilgan. Shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyotining so‘nggi yillardagi o‘sish sur’atlari, yalpi ichki mahsulot, sanoat ishlab chiqarishi, investitsiyalar va hududiy rivojlanish ko‘rsatkichlari tahlil qilinib, ularning iqtisodiy barqarorlikka ta’siri baholangan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Yangi O‘zbekiston sharoitida barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun hududlar iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish, hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tafovutlarni qisqartirish, mahalliy boshqaruvning moliyaviy mustaqilligini kuchaytirish hamda investitsiyaviy jozibadorlikni yanada oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Muallif tomonidan ushbu yo‘nalishlarda amaliy taklif va tavsiyalar ilgari surilgan.