Barqaror rivojlanish markazi 

Sayt sinov rejimida ishlamoqda
  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Iqlim va BRM: metanni kamaytirish – barqaror kelajakning yangi ustuvor yo‘nalishi

09-10-2026 37

    Iqlim o‘zgarishi haqida so‘z borganda, odatda birinchi bo‘lib karbonat angidrid – CO₂ tilga olinadi. Ammo global isish sur’atini jilovlash uchun faqat CO₂ chiqindilarini kamaytirishning o‘zi etarli emas. So‘nggi yillarda xalqaro ekspertlar atmosferada nisbatan qisqa muddat saqlansa-da, iqlimga kuchli ta’sir ko‘rsatadigan metan, qora uglerod, troposfera ozoni va gidroftoruglerodlar kabi ifloslantiruvchilarga tobora katta e’tibor qaratmoqda.

    Ularning ayrimlari atmosferada CO₂ ga nisbatan ancha qisqa vaqt saqlanadi, biroq shu davrning o‘zida issiqlikni ushlab qolish ta’siri yuqori bo‘ladi. Shuning uchun bunday chiqindilarni tez sur’atda qisqartirish global isishni yaqin istiqbolda sekinlashtirishning samarali yo‘llaridan biri hisoblanadi. Climate and Clean Air Coalition ma’lumotlariga ko‘ra, qisqa umr ko‘ruvchi iqlim ifloslantiruvchilarini qisqartirish iqlimni muhofaza qilish bilan birga havo sifati va inson salomatligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

    Bu guruhda metan alohida o‘rin tutadi. U tabiiy gazning asosiy tarkibiy qismi bo‘lib, atmosferada taxminan o‘n yil saqlanadi. Biroq shu davr mobaynida uning isishga ta’siri CO₂nikidan ancha yuqori.

    UNEP ma’lumotlariga ko‘ra, metan hozir kuzatilayotgan global isishning taxminan uchdan bir qismi bilan bog‘liq. Shu bois uning chiqindilarini qisqartirish iqlim o‘zgarishi sur’atini nisbatan tez pasaytirish imkonini beradi.

    Global Methane Assessment hisobotiga ko‘ra, dunyodagi metan chiqindilarining qarib 60 foizi inson faoliyati hisobiga to‘g‘ri keladi. Asosiy manbalar – qishloq xo‘jaligi, qazilma yoqilg‘ilar sohasi va chiqindilar.

    Qishloq xo‘jaligida metan asosan chorva mollarning ovqat hazm qilishi, g‘ungni saqlash va boshqarish, shuningdek sholi etishtirish jarayonida hosil bo‘ladi. Neft, gaz va ko‘mir tarmoqlarida esa u qazib olish, qayta ishlash va tashish bosqichlarida atmosferaga sizib chiqishi mumkin. Poligonlarda organik chiqindilarning havasiz muhitda parchalanishi ham metanning muhim manbalaridan biri hisoblanadi.

    Muammoning eng muhim jihatlaridan biri shundaki, metan sizib chiqishini endilikda faqat erdagi o‘lchovlar bilan emas, balki sun’iy yo‘ldoshlar orqali ham aniqlash mumkin.

    BMT Atrof-muhit dasturi – UNEP qoshidagi Xalqaro metan chiqindilari observatoriyasi (IMEO) tomonidan ishlab chiqilgan Methane Alert and Response System – MARS tizimi sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari, ekspert tahlili va sun’iy intellekt imkoniyatlarini birlashtirib, yirik metan chiqindilarini aniqlaydi va tegishli davlatlar hamda kompaniyalarga bu haqda xabar beradi. Tizim 30 dan ortiq sun’iy yo‘ldosh asboblari ma’lumotlaridan foydalanadi.

    2026-yil 23-iyun kuni UNEP va Bloomberg Philanthropies metan sizib chiqishlariga qarshi xalqaro choralarni kuchaytirish bo‘yicha yangi maqsadlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2030-yilga qadar MARS orqali aniqlangan yirik metan chiqindilari yuzasidan davlatlar va kompaniyalarning javob choralari ulushini 80 foizga etkazish ko‘zda tutilgan.

    Bu jarayonda sun’iy intellektning o‘rni ham tobora ortib bormoqda. 2026-yil 15-iyul kuni UNEP sun’iy intellekt MARS tizimi orqali metan manbalarini aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralarni tezlashtirayotganini ma’lum qildi. UNEP bahosiga ko‘ra, MARS yordamida amalga oshirilgan metanni kamaytirish choralarining iqlimiy samarasi bir yil davomida 24 millionta benzinda harakatlanuvchi engil avtomobil chiqindilarini bartaraf etishga teng bo‘lgan.

    Bu raqamli texnologiyalar ekologik kuzatuvning oddiy vositasidan tezkor boshqaruv qarorlarini qabul qilish mehanizmiga aylanayotganini ko‘rsatadi. Ilgari ko‘zga ko‘rinmaydigan va manbasini aniqlash qiyin bo‘lgan metan sizib chiqishlari endi kosmosdan qayd etilib, mas’ul tashkilotlarga tezkor signal yuborilishi mumkin.

    Mamlakatning Parij kelishuvi doirasida tayyorlangan Birinchi ikki yillik shaffoflik hisobotiga ko‘ra, 2022-yilda O‘zbekistonda jami issiqxona gazlari chiqindilari 209,61 million tonna CO₂-ekvivalentni tashkil etgan. Tabiiy yutilishlar hisobga olinganda bu ko‘rsatkich 201,15 million tonnaga teng bo‘lgan.

    Chiqindilar tarkibida CO₂ ulushi 64,7 foizni, metan 28,7 foizni, azot(I) oksidi 6,1 foizni, gidroftoruglerodlar esa 0,5 foizni tashkil etgan.

    Demat, mamlakat issiqxona gazlari tarkibining qarib uchdan biri metan hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa metanni aniq hisobga olish, uning asosiy manbalarini belgilash, monitoringni kuchaytirish va zamonaviy texnologik echimlarni joriy etishni iqlim siyosatining muhim vazifalaridan biriga aylantiradi.

    O‘zbekiston 2022-yilda Global Methane Pledge – Global metan majburiyatiga qo‘shildi. Ushbu tashabbus 2030-yilga qadar global metan chiqindilarini 2020-yil darajasiga nisbatan kamida 30 foizga qisqartirishni ko‘zda tutadi.

    Ayni vaqtda mamlakatning yangi iqlim majburiyatlari ham bu yo‘nalish ahamiyatini kuchaytirmoqda. NDC 3.0 hujjatida 2035-yilga qadar yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari chiqindilarini 2010-yil darajasiga nisbatan 50 foizga kamaytirish maqsadi belgilangan. Uzoq muddatli maqsad sifatida esa 2055-yilga qadar uglerod neytralligiga erishish nazarda tutilgan.

    Shunday sharoitda metan chiqindilarini qisqartirish mamlakatning umumiy iqlim majburiyatlariga erishishini tezlashtiruvchi muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lishi mumkin.

    Metan chiqindilarini qisqartirishning ahamiyati faqat global isishni sekinlashtirish bilan cheklanmaydi. Bu havo sifatini yaxshilash, inson salomatligini muhofaza qilish, energiya resurslaridan samarali foydalanish va qishloq xo‘jaligidagi yo‘qotishlarni kamaytirishga ham xizmat qiladi.

    Shu ma’noda, masala BMTning bir nechta Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan bevosita bog‘liq. Xususan, u BRM 3 – Sog‘lom hayot va farovonlik, BRM 7 — Arzon va toza energiya, BRM 11 — Barqaror shaharlar va aholi punktlari, BRM 12 – Mas’uliyatli iste’mol va ishlab chiqarish hamda BRM 13 – Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash maqsadlariga xizmat qiladi.

    Bunda oddiy kundalik odatlar ham ahamiyatsiz emas. Oziq-ovqatni isrof qilmaslik, organik chiqindilarni alohida yig‘ish va kompostlash, chiqindilarni saralash, barg va o‘simlik qoldiqlarini ochiq maydonda yoqmaslik kabi choralar ham ekologik bosimni kamaytirishga hissa qo‘shadi. Chunki poligonlarda organik chiqindilarning chirishi metan hosil bo‘lishining muhim manbalaridan biridir.

    Iqlim siyosati endilikda faqat CO₂ chiqindilarini hisoblash bilan cheklanib qolmayapti. Sun’iy yo‘ldoshlar metanni kosmosdan aniqlamoqda, sun’iy intellekt ulkan ma’lumot oqimini tahlil qilmoqda, raqamli platformalar esa aniqlangan chiqindilar bo‘yicha tezkor chora ko‘rish imkonini yaratmoqda.

    O‘zbekiston uchun ham bu yangi yondashuv katta amaliy ahamiyatga ega. Metanning mamlakat issiqxona gazlari tarkibidagi salmoqli ulushi uni aniq o‘lchash, raqamli monitoringni rivojlantirish, neft-gaz, qishloq xo‘jaligi va chiqindilar sohalarida texnologik echimlarni keng joriy etish zaruratini ko‘rsatadi.

    Eng muhimi, metanni kamaytirish – faqat bitta gazga qarshi kurash emas. Bu bir vaqtning o‘zida iqlimni muhofaza qilish, toza havo, sog‘lom aholi, resurs tejamkor iqtisodiyot va barqaror kelajak sari tashlangan qadamdir.

    Shu nuqtai nazardan, iqlim siyosatidagi yangi tamoyilni bir jumla bilan ifodalash mumkin: ko‘zga ko‘rinmaydigan chiqindini aniqlash, aniqlangan muammoni esa tezkor harakatga aylantirish.

Sharifova Madinabonu,

«Barqaror rivojlanish markazi» NNT bosh mutaxassisi