Davlat budjeti va barqaror rivojlanishga yo‘naltirilgan xarajatlar
2026 yil uchun davlat budjeti parametrlari va soliq siyosati loyihasi e’lon qilindi.
Davlat budjeti xarajatlarining umumiy ko‘rsatkichlari
Davlat budjetining 2026 yil uchun xarajatlari 402,4 trln so‘m yoki YAIMning 20,4 foizi (2025 yilda 388,9 trln so‘m yoki YAIMning 22,6 foizi bo‘lishi kutilmoqda) etib prognoz qilinmoqda.
Bu ko‘rsatkichlar 2026 yilda davlat xarajatlari hajmi o‘sishini, biroq YAIMga nisbatan ulushining qisqarishini anglatadi. Mazkur holat budjet siyosatining yanada muvozanatli va samarali yo‘nalishga o‘tayotganidan dalolat beradi.
Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlarni amalga oshirish uchun davlat budjeti xarajatlari 2026 yilda 300,5 trln so‘m yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda. Shu bilan birga, jami davlat budjeti xarajatlaridagi ulushi 74,7 foizni tashkil etadi.
BRM bo‘yicha xarajatlar kesimida:
Eng ko‘p mablag‘lar 4-maqsad. Umumqamrovli va adolatli sifatli ta’limni ta’minlash hamda barchaga butun umri davomida ta’lim olish imkoniyatini rag‘batlantirish maqsadiga 94,8 trln so‘m, jami xarajatlarning 23,6 foizi yo‘naltirilmoqda.
Shuningdek, ikkinchi o‘rinda eng ko‘p 3-maqsad. Sog‘lom turmush tarzini ta’minlash va barcha yoshdagi kishilarning farovonligiga ko‘maklashish maqsadiga 47,6 trln so‘m, jami xarajatlarning 11,8 foizi yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Umuman olganda, 2026 yil budjeti davlatning iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoyani mustahkamlash hamda barqaror taraqqiyotga erishishga qaratilgan strategik yondashuvini aks ettirib, moliyaviy resurslardan samarali foydalanishga yo‘naltirilganini ko‘rsatadi.