Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Filippin Global Kompaκt Tarmog‘ining barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi muvaffaqiyati

28-11-2025 46

    Filippin Global Kompaκt Tarmog‘i (GCNP) Makati shahrida bo‘lib o‘tgan “Sustainability Summit 2025”da xususiy sektor vakillarini Barqaror rivojlanish maqsadlari(BRM)ni tez va samarali amalga oshirishga qaratilgan “Forward Faster” tashabbusini joriy etishga chaqirdi. Tadbirda BMT, yirik transmilliy korporatsiyalar, davlat muassasalari hamda fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi. 2025-yilda jahonda barqaror rivojlanish jarayonlariga erishish 18 foizni tashkil etmoqda. Biznes sektorini rivojlantirish uchun beshta asosiy yo‘nalish belgilab olindi:

iqlim bo‘yicha qat’iy choralar,    

gender tengligini ta’minlash,    

munosib turmush darajasi,    

suv resurslarining barqaror boshqaruvi    

BRMga mos investitsiyalar.    

    Soha vakillari ta’kidlaganidek, barqarorlik endilikda kompaniyaning shunchaki imidji emas, balki biznes qarorlari, sarmoya taqsimoti va korporativ strategiyalarning asosiy qismiga aylangan.

    Xalqaro kompaniyalar rahbarlari ta’kidlaganidek, ekologik va ijtimoiy yechimlarni joriy etish biznes samaradorligini oshirmoqda. Ular toza energiyadan foydalanish, resursni tejaydigan texnologiyalarni qo‘llash va barcha uchun teng sharoit yaratadigan mehnat muhitini rivojlantirish kompaniyalarning raqobatbardoshligini kuchaytirishini aytdilar. Shu nuqtayi nazardan, “Insoniyat uchun foydali bo‘lgan narsa biznes uchun ham foydali” degan tamoyil amalda o‘z isbotini topayotgani qayd etildi. Shuningdek, barqaror rivojlanish jarayonlariga kichik va o‘rta biznesni qo‘shish zarurligi aytildi, chunki ko‘p davlatlarda iqtisodiyotning asosiy ulushi – 90 foizdan ziyodi aynan shu sektorga to‘g‘ri keladi.

    Forward Faster Commitment Wall doirasida belgilangan majburiyatlar nafaqat Filippin uchun, balki global barqaror rivojlanish jarayonlari uchun ham turtki bo‘lishi mumkinligi aytildi. Mutahassislar fikricha, ushbu tashabbus amalga oshirilishi natijasida ekologiya sohasida keskinroq choralar ko‘rilishi, gender tengligi bo‘yicha samarali natija kuzatilishi, resursni tejaydigan texnologiyalar yanada ommalashishi va korporativ hisobdorlik kuchayishi kutilmoqda. Shu bilan birga, BRMga mos investitsiyalarning o‘sishiga ham ijobiy ta’sir qilishi aytildi. Umuman, GCNPning bu qadami biznesni jahon miqyosida barqaror kelajakni ta’minlashda muhim harakatlantiruvchi kuch sifatida namoyon qilishga va BRMga erishish sur’atlarini tezlashtirishga xizmat qilishi mumkin.