Barqaror rivojlanish markazi 

Sayt sinov rejimida ishlamoqda
  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Dаvlаt boshqаruvidа suniy intellekt imkoniyatdаn аmаliy nаtijа sаri

25-08-2026 64

    «Bolalar nafaqasini olish uchun qanday hujjatlar kerak?», «Kadastr hujjatini qayerdan olaman?», «Аrizam nega rad etildi?» Bunday savollarga javob topish uchun fuqaro qonun hujjatlari va murakkab yo‘riqnomalarni o‘rganishga majbur bo‘ladi. Bu esa ortiqcha vaqt sarflanishiga, baʼzan noto‘gʼri hujjat topshirilishi yoki bir idoradan boshqasiga qayta-qayta murojaat qilinishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun raqamli davlat xizmatlari arizani onlayn qabul qilish bilangina cheklanmay, fuqaroga kerakli maʼlumotni sodda va tushunarli tilda yetkazib berishi ham lozim.

    Buning uchun alhida yangi platforma yaratish shart emas. Sunʼiy intellekt asosida ishlaydigan onlayn maslahatchini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz va uning mobil ilovasiga joylashtirish mumkin. Fuqaro savolini o‘zbek tilida, kirill yoki lotin yozuvida kiritadi. Dastur esa rasmiy maʼlumotlar asosida qanday hujjatlar kerakligi, xizmat qancha vaqtda ko‘rsatilishi va to‘lov miqdorini tushuntiradi hamda fuqaroni tegishli xizmat sahifasiga yo‘naltiradi.

    Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHHT) davlat boshqaruvida sunʼiy intellekt qo‘llangan 200 ta amaliy misolni tahlil qilgan. Ularning 57 foizida texnologiya davlat xizmatlarini tezlashtirish, ortiqcha jarayonlarni qisqartirish va xizmatlarni fuqarolar ehtiyojiga moslashtirishga qaratilgan. [1]Mazkur yondashuvni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirib, aholiga kerakli maʼlumotni tez va tushunarli yetkazadigan onlayn maslahatchi shaklida qo‘llash mumkin.

        Onlayn maslahatchining to‘gʼri va ishonchli javob berishi, avvalo, unga kiritilgan maʼlumotlarning aniqligi hamda muntazam yangilanib turishiga bogʼliq. Shu sababli dastur internetdagi har qanday tekshirilmagan maʼlumotga emas, faqat davlat idoralari tasdiqlagan rasmiy manbalarga tayanishi kerak. Har bir javobda maʼlumotning manbasi va yangilangan sanasi ko‘rsatilishi maqsadga muvofiq. Аgar dastur ishonchli javob topa olmasa, taxminiy maʼlumot bermasdan, fuqaroni operator yoki masʼul idoraga yo‘naltiradi. Fuqaroning huquqlariga taʼsir qiluvchi yakuniy qarorlarni esa sunʼiy intellekt emas, vakolatli mutaxassis qabul qiladi.

    O‘zbekistonda onlayn maslahatchini dastlab my.gov.uz portali va Davlat xizmatlari markazlarida sinab ko‘rish mumkin. Birinchi bosqichda ijtimoiy nafaqalar va kadastr kabi ko‘p so‘raladigan xizmatlarni qamrab olish maqsadga muvofiq. Natijalar ijobiy bo‘lsa, dasturga boshqa davlat xizmatlari ham bosqichma-bosqich qo‘shiladi. Yevropa Ittifoqi moliyalashtirayotgan «O‘zbekistonda davlat xizmatlarini ko‘rsatishni yanada takomillashtirish» loyihasi doirasida BMT Taraqqiyot dasturi va Аdliya vazirligi soha mutaxassislari uchun sunʼiy intellekt va maʼlumotlardan foydalanish bo‘yicha amaliy o‘quvlar tashkil etgan. Bu tajriba onlayn maslahatchini sinovdan o‘tkazish uchun zarur kadrlar salohiyatini oshiradi va uni keyinchalik davlat xizmatlariga bosqichma-bosqich joriy etish uchun sharoit yaratadi.[2]

    Loyihaning umumiy natijasi fuqarolarning qancha vaqti tejalgani, noto‘gʼri arizalar va takroriy murojaatlar qanchalik kamaygani bilan baholanishi kerak. Shunda sunʼiy intellekt davlat xizmatlaridan foydalanish tartibini aholiga sodda va tushunarli tilda yetkazib beradigan amaliy vositaga aylanadi.

        

    Аlisher Аzizov,

    “Barqaror rivojlanish markazi” NNT bosh mutaxassisi


[1] https://www.oecd.org/en/publications/2025/06/governing-with-artificial-intelligence_398fa287.html

[2] https://www.undp.org/uzbekistan/press-releases/driving-digital-transformation-eu-and-undp-upskill-ict-specialists-ai-and-data-science