Barqaror rivojlanish markazi 

Sayt sinov rejimida ishlamoqda
  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Barqaror taraqqiyot xavfsizlikdan boshlanadi

12-10-2026 12
    Favqulodda vaziyatlarning oldini olish — inson hayotini asrash bilan birga, mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyoti natijalarini ham himoya qilish demakdir

    Barqaror rivojlanish deganda, odatda, iqtisodiy o‘sish, kambag‘allikni qisqartirish, aholi salomatligi, sifatli ta’lim, ekologik muvozanat va “yashil” iqtisodiyot kabi yo‘nalishlar ko‘z oldimizga keladi. Ammo bu natijalarning barchasini birlashtirib turadigan yana bir hal qiluvchi shart bor: inson, jamiyat va infratuzilmaning turli xavf-xatarlarga bardoshli bo‘lishi. Bir necha yilda qurilgan maktab, shifoxona, yo‘l, ishlab chiqarish obyekti yoki xonadon birgina yirik yong‘in, sel, ko‘chki, zilzila yoki tehnogen avariya natijasida jiddiy zarar ko‘rishi mumkin. Shu ma’noda xavfsizlik taraqqiyotga qo‘shimcha masala emas — uning poydevoridir.

    Shu bois favqulodda vaziyatlarning oldini olishni faqat qutqaruv xizmatlarining vazifasi sifatida qarash etarli emas. Bu iqtisodiy siyosat, ijtimoiy himoya, qurilish, sog‘liqni saqlash, ta’lim va iqlimga moslashish bilan uzviy bog‘liq strategik yo‘nalishdir. Ofat sodir bo‘lgandan keyin oqibatni bartaraf etish zarur, ammo xavfni oldindan aniqlash, uni kamaytirish va odamlarni tayyorlash ancha samarali.

    Taraqqiyot natijalarini himoya qilish

    BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarida ofatlar xavfini kamaytirish bir qator maqsadlar bilan uzviy bog‘langan. Jumladan, 1-maqsad — kambag‘allikni qisqartirish, 3-maqsad — sog‘lom turmush, 4-maqsad — sifatli ta’lim, 9-maqsad — barqaror infratuzilma, 11-maqsad — xavfsiz va barqaror shaharlar hamda 13-maqsad — iqlim o‘zgarishiga qarshi choralar xavf-xatarlarga bardoshlilikni kuchaytirish bilan chambarchas bog‘liq. Xonadon yong‘in tufayli yo‘qotilsa, masala faqat mulkka etgan zarar bilan tugamaydi: oila boshpanasiz qolishi, daromad manbasini yo‘qotishi, bolalar ta’limi izdan chiqishi mumkin. Maktab yoki shifoxona zarar ko‘rsa, butun hududidagi xizmatlar uzluksizligiga ta’sir qiladi. Demak, oldi olingan har bir xavf — taraqqiyot natijasining saqlab qolinganidir.

    2015–2030 yillarga mo‘ljallangan Ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha Senday hadli dasturi ham davlatlarni faqat oqibatni bartaraf etishga emas, xavfni anglash, boshqarish, bardoshli infratuzilma yaratish va tayyorgarlikka sarmoya kiritishga chaqirgan. Profilaktikaga sarflangan mablag‘ qo‘shimcha xarajat emas, inson hayoti, mol-mulk va iqtisodiy natijalarni asrashga kiritilgan investitsiyadir.

    O‘zbekistonda urg‘u — barvaqt profilaktikaga

    O‘zbekistonda ham yondashuv bosqichma-bosqich “hodisa sodir bo‘lgandan keyin harakat qilish” modelidan “xavfni oldindan aniqlash va kamaytirish” modeliga o‘tmoqda. 2025 yil 20 oktabrdagi PF–185-son Farmon mahalla darajasida profilaktika mehanizmlarini rivojlantirish, xavfi yuqori obyektlarda zamonaviy xavf boshqaruvini joriy etish, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan foydalanish, monitoring va prognozlashni kuchaytirishni ustuvor vazifalar sifatida belgiladi. PQ–310-son qaror favqulodda vaziyatlarni barvaqt oldini olish va aholini o‘z vaqtida ogohlantirishni FVVning asosiy vazifalari qatoriga kiritdi, PQ–311-son qaror esa sohani raqamlashtirish va idoralararo ma’lumotlar integratsiyasini kuchaytirishni nazarda tutdi.

    Bu siyosat amalda “mahallabay” va “xonadonbay” profilaktikada ko‘rinmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligining 2026 yil 6 iyulda e’lon qilgan ma’lumotiga ko‘ra, shu sanatga qadar vazirlik tomonidan 55 441 ta obyekt, qariyb 2 million yakka tartibdagi uy, 44 mingdan ortiq ko‘p kvartirali uy hamda 1,5 millionga yaqin kvartirada profilaktik o‘rganishlar o‘tkazilgan. Aholi o‘rtasida 127 mingdan ortiq profilaktik uchrashuv va suhbat tashkil etilib, ularda 6 milliondan ziyod fuqaro ishtirok etgan. Endi muhim masala faqat tadbirlar sonini emas, aniqlangan xavflar nechog‘lik bartaraf etilganini ham o‘lchashdir. “Aniqlandi — bartaraf etildi — qayta tekshirildi” zanjiri profilaktikaning haqiqiy samarasini ko‘rsatadi.

    Mahalladan boshlanadigan xavfsizlik

    Favqulodda xavf odam uchun respublika miqyosida emas, u yashaydigan xonadon, ko‘cha, mahalla yoki ish joyida yuz beradi. Bir hududda sel va ko‘chki, boshqa joyda yong‘in, gazdan zaharlanish, suv toshqini yoki sanoat obyekti bilan bog‘liq xavf ustun bo‘lishi mumkin. Shu sababli har bir mahalla uchun sodda va tushunarli “xavf pasporti” shakllantirish maqsadga muvofiq: asosiy xavf turlari, evakuatsiya yo‘nalishlari, xavfsiz yig‘ilish nuqtalari, birinchi yordam imkoniyatlari va yordamga birinchi navbatda muhtoj fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumotlar muntazam yangilanib turishi lozim.

    Bu erda “hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyili ayniqsa muhim. Keksalar, bolalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar favqulodda vaziyatda bir xil tezlikda harakat qila olmaydi. Shuning uchun ogohlantirish, evakuatsiya va amaliy mashg‘ulotlarda ularning ehtiyojlari oldindan hisobga olinishi kerak. Mahalla xavfsizlik rejasi qog‘ozdagi hujjat emas, FVV xodimi, mahalla raisi, tibbiyot xodimi va aholi uchun umumiy harakat algoritmiga aylanishi zarur.

    Zilzila va erta ogohlantirish: texnologiyadan amaliy harakatga

    O‘zbekiston uchun seysmik xavf ham alohida ahamiyatga ega. Zilzilani to‘xtatib bo‘lmaydi, ammo uning oqibatlarini kamaytirish mumkin. 2025 yil 20 oktabrdagi PF–184-son Farmon seysmik xavfsizlik sohasini raqamlashtirish, unga sun’iy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish, madaniy meros obyektlari va transport inshootlarining seysmik holatini monitoring qilish kabi vazifalarni belgiladi. Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan A–373 va M–39 avtomobil yo‘llarida hamda ularga tutash tog‘li hududlardan o‘tgan temir yo‘llarda ko‘chki ehtimoli yuqori uchastkalarning doimiy radiolokatsion kosmik monitoringini tashkil etish, shuningdek, seysmik xavfi yuqori hududlarda sun’iy intellekt yordamida kuchli zilzilalarni o‘rta va uzoq muddatlarda prognoz qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish belgilangan. Bu texnologiyalar qaror qabul qilish sifatini oshirishga xizmat qilishi mumkin, ammo ular aholi tayyorgarligi va ishonchli ma’lumot bilan uyg‘unlashgandagina to‘liq samara beradi.

    Shu ma’noda erta ogohlantirishni faqat SMS yoki sirena sifatida tushunish to‘g‘ri emas. BMTning, asosan, ob-havo, suv, iqlim va ular bilan bog‘liq xavflardan aholini himoya qilishga qaratilgan “Barcha uchun erta ogohlantirish” tashabbusida to‘rt asosiy bo‘g‘in ajratiladi: xavf haqida bilim; aniqlash, kuzatish, monitoring va prognozlash; ogohlantirishni tez va tushunarli etkazish; tayyorgarlik va javob qaytarish imkoniyatlari. Bu yondashuvning mantig‘i favqulodda vaziyatlarda aholini ogohlantirish tizimlari uchun ham muhim: fuqaro “xabarni oldim, endi nima qilaman?” degan savolga aniq javobni bilishi shart. Shuning uchun xabar qisqa, aniq va harakatga yo‘naltirilgan bo‘lishi, mobil aloqa, televideniye, radio, sirena, ijtimoiy tarmoq va mahalla kabi bir nechta kanal orqali etkazilishi lozim.

    Xavfsizlik madaniyati — natijaning hal qiluvchi omili

    Eng zamonaviy tehnika ham odam xavfli vaziyatda qanday harakat qilishni bilmasa, kutilgan natijani bermaydi. Gaz hidi sezilganda, yong‘in yoki zilzila paytida, sel va suv toshqini haqida ogohlantirish berilganda nima qilish kerakligini har bir fuqaro bilishi zarur. Maktab va bog‘chalarda amaliy mashg‘ulotlar, korxona va tashkilotlarda evakuatsiya mashqlari, mahallalarda xonadon xavfsizligi bo‘yicha sodda chek-listlar, OAVda mavsumiy xavflarga oid aniq tavsiyalar xavfsizlik madaniyatini shakllantiradi. Bunda odamni qo‘rqitish emas, unga vaziyatni boshqara olish ko‘nikmasini berish muhim.

    Keyingi bosqichda profilaktika natijasini o‘tkazilgan tadbirlar soni bilan emas, xavfning real kamayishi bilan baholash zarur. Ma’lumotlarni idoralararo birlashtirish, maktab, shifoxona, kommunal va ishlab chiqarish obyektlarida favqulodda vaziyatda uzluksiz ishlash rejalarini amalda sinab borish, davlat, biznes, ilm-fan va fuqarolik jamiyati hamkorligini kuchaytirish shu maqsadga xizmat qiladi.

    Taraqqiyotni qurish barobarida uni himoya qilish

    2030 yilgacha belgilangan milliy va global maqsadlarga erishish faqat yangi obyektlar qurish yoki ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilashdan iborat emas. Erishilgan natijalarni xavf-xatarlardan himoya qila olish ham taraqqiyot sifatini belgilaydi. Maktabni ofatdan himoya qilish — ta’lim natijasini asrash; shifoxonaning favqulodda vaziyatda ham ishlashini ta’minlash — salomatlikni muhofaza qilish; bardoshli uy-joy va mahalla — barqaror shaharning asosi; iqlim xavflarini oldindan baholash esa moslashuv siyosatining amaliy ko‘rinishidir.

    Shu ma’noda barqaror rivojlanish — faqat yangi natijalarga erishish emas, ularni asray olish qobiliyati hamdir. Favqulodda vaziyatlarning oldini olish, xavflarni oldindan baholash, aholini tayyorlash va barvaqt ogohlantirish tizimlarini takomillashtirish barqaror taraqqiyot siyosatining ajralmas qismi bo‘lishi kerak. Zero, taraqqiyotning haqiqiy barqarorligi uning sur’ati bilangina emas, sinovlarga qanchalik chidamli ekani bilan ham o‘lchanadi.


    Jahangir Isayev,

“Barqaror rivojlanish markazi” NNT bo‘lim boshlig‘i