Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Barqaror rivojlanishni ta’minlashda iqtisodiyotning o‘rni va ahamiyati

22-04-2026 270


        O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar mamlakatning barqaror iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish hamda aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bu jarayonda iqtisodiyotning barcha sektorlarini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda resurslardan oqilona foydalanish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

        Barqaror rivojlanishni ta’minlashda asosiy e’tibor ekologik muvozanatni saqlash, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy etish hamda tabiiy resurslardan tejamkor foydalanishga qaratilib kelinmoqda. Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishi ta’sirini kamaytirish, suv va energiya resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

        2026 yil 22 aprel kuni Barqaror rivojlanish markazi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Moliya organlari hamda budjet tashkilotlarining moliya-hisob bo‘linmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash o‘quv markazi bilan hamkorlikda “Barqaror rivojlanishni ta’minlashda iqtisodiyotning o‘rni va ahamiyati” mavzusida soha mutaxassislari va ekspertlari ishtirokida seminar tashkil etildi. Tadbirda moliya sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, davlat moliya organlari va budjet tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

    

        Mazkur tadbirning asosiy maqsadi makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, investitsiyalarning natijadorligi, davlat qarzini samarali boshqarish hamda iqtisodiy siyosatning uzoq muddatli ta’sirini tahlil qilishdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, global iqtisodiy o‘zgarishlar sharoitida milliy iqtisodiyotning barqarorligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

        Tadbir davomida ishtirokchilar sanoatni rivojlantirishda innovatsion texnologiyalarni joriy etish, eksport salohiyatini oshirish, logistika tizimini takomillashtirish hamda hududlar iqtisodiy salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirdilar. Shuningdek, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash orqali yangi ish o‘rinlari yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

        Barqaror rivojlanishda moliya tizimining roli alohida ahamiyatga ega bo‘lib, budjet mablag‘laridan samarali foydalanish, soliq tizimini takomillashtirish hamda investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini yaxshilash ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi.

        Shuningdek, ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimini iqtisodiyot ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish, raqamli texnologiyalar sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash ham muhim yo‘nalish sifatida belgilab olindi. Bu esa innovatsion iqtisodiyotni shakllantirishga xizmat qiladi.

        Umuman olganda, barqaror rivojlanishni ta’minlashda iqtisodiyotning o‘rni strategik ahamiyatga ega bo‘lib, amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatning uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishi, ijtimoiy barqarorligi va ekologik muvozanatini ta’minlashga xizmat qilmoqda.