2025 yil 1–5 dekabr kunlari O‘zbekistonda “Fuqarolik jamiyati haftaligi” o‘tkazilishini mamlakatda demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish va jamoatchilik institutlari salohiyatini oshirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanish mumkin. Tadbirlar dasturi parlament, davlat organlari, mahalliy va xalqaro NNTlar, ommaviy axborot vositalari hamda diplomatik korpus vakillarini bir maydonga jamlaydi. Bu jarayon fuqarolik jamiyatining davlat siyosatidagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Besh kunlik tadbirlar doirasida 4 dekabr kuni Toshkentda O‘zbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi va Barqaror rivojlanish markazi tomonidan “Milliy, mintaqaviy va umumbashariy darajada xalq diplomatiyasi orqali barqaror rivojlanishni ta’minlash” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi. Konferensiya parlament a’zolari, davlat organlari, diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar vakillari, fuqarolik jamiyatlari va tahlil markazlari ekspertlari, ilmiy tadqiqotchilar va talaba yoshlar ishtirok etishi rejalashtirilgan. Ushbu konferensiya nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi va undan tashqaridagi davlatlar uchun dolzarb masalalarni muhokama qilish maydoniga aylanadi.
Konferensiya doirasida ishtirokchilarning chiqishlari “Barqaror taraqqiyot yo‘lida milliy hamda umumbashariy darajada xalq va madaniy diplomatiyaning o‘rni”mavzusiga bag‘ishlanganligi va bu boradagi mavjud muammolar yechimi hamda yangi taklif va fikrlar bilan bo‘lishishi kutilmoqda.
Xalqaro konferensiyada milliy darajada fuqarolik jamiyati va davlat hamkorligi, madaniy integratsiya, jurnalistika va adabiyotning xalqlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlashdagi ahamiyati kabi masalalar keng muhokama etiladi. Bu yo‘nalishdagi fikrlar mamlakatlar ichki barqaror taraqqiyoti uchun amaliy yo‘riqnoma vazifasini bajaradi. Mintaqaviy va umumbashariy darajada esa Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti hamda xalqaro madaniy diplomatiyaning istiqbollari ko‘rib chiqiladi. Bu jarayonlar orqali davlatlar o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish, madaniy va siyosiy integratsiyani chuqurlashtirish, shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda yangi imkoniyatlar ochilishi kutilmoqda.
Toshkentda o‘tkazilishi kutilayotgan xalqaro konferensiyaning ishtirokchilar uchun umumbashariy ahamiyati quyidagicha namoyon bo‘ladi:
O‘zbekiston uchun – mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati va davlat hamkorligini mustahkamlash.
Markaziy Osiyo davlatlari uchun – mintaqaviy barqarorlik va integratsiya jarayonlarini kuchaytirish, madaniy muloqot orqali ishonch va hamjihatlikni ta’minlash.
Jahon hamjamiyati uchun – umumbashariy barqaror rivojlanishda xalq diplomatiyasining o‘rnini belgilash, turli madaniy va siyosiy modellarni uyg‘unlashtirish orqali umumiy maqsadlarga erishish.
Tadbir nihoyasida ishtirokchilar tomonidan barqaror taraqqiyot va xalq diplomatiyasi sohasida amaliy harakatlar uchun yo‘l xaritasi vazifasini bajaradigan xalqaro konferensiya rezolyutsiyasi qabul qilinishi kutilmoqda. Bugungi umumbashariy muammolar – iqlim o‘zgarishi, migratsiya, madaniy ixtiloflar va iqtisodiy barqarorlik masalalari – faqat davlatlar rasmiy siyosatlari bilan emas, balki xalqlar o‘rtasidagi ishonch va muloqot orqali hal etilishi mumkin.
Shu ma’noda, “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasidagi tadbirlar ishtirokchilar uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib, barqaror rivojlanish yo‘lida xalq diplomatiyasini kuchaytirishga xizmat qiladi. O‘zbekistonda demokratik institutlarni mustahkamlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va davlat–jamoat hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish jarayoni nafaqat milliy islohotlar, balki xalqaro hamkorlik va Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘unlikda amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi.
Barqaror rivojlanish markazi
bosh mutaxassisi
Shuxrat Xojimurodov