So‘nggi yillarda dunyo miqyosida texnologik taraqqiyot va innovatsion raqobat yangi bosqichga chiqib, kosmik texnologiyalar strategik ahamiyatga ega sohalardan biriga aylanmoqda. O‘zbekistonda ham mazkur yo‘nalishda tizimli yondashuv shakllanib, sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari va kosmik tadqiqotlarga qaratilgan tashabbuslar izchil rivojlanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan sun’iy yo‘ldosh uchirish va birinchi milliy fazogirni tayyorlash bo‘yicha ilgari surilgan vazifalar mamlakatning barqaror rivojlanish strategiyasi, xususan, 9-BRM – sanoat, innovatsiya va infratuzilmani rivojlantirish maqsadlari bilan bevosita uyg‘unlik kasb etadi.
Mamlakatimizda kosmik ma’lumotlardan foydalanish amaliyoti nisbatan yaqin davrda boshlangan bo‘lsa-da, qisqa vaqt ichida sezilarli amaliy natijalarga erishildi. Davlat kosmik monitoringi tizimi joriy qilinib, bugungi kunda kosmik monitoring imkoniyatlaridan 10 dan ziyod davlat idoralari va barcha hokimliklar faol foydalanmoqda. So‘nggi besh yilda masofadan zondlash ma’lumotlariga talabning 3 karra oshgani kosmik texnologiyalarning iqtisodiyot va boshqaruv tizimidagi ahamiyati tobora kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.
Kosmik sohada milliy infratuzilmani shakllantirish ustuvor vazifa sifatida belgilanmoqda. Xususan, sun’iy yo‘ldoshlarni boshqarish, kosmik ma’lumotlarni qayta ishlash va ulardan amaliyotda samarali foydalanish tizimini rivojlantirish mamlakatning axborot mustaqilligi va texnologik salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa iqtisodiy jarayonlarni yanada aniq tahlil qilish va davlat resurslarini samarali boshqarish imkonini yaratadi. Birinchi ilmiy sun’iy yo‘ldosh — 6U formatdagi “Mirzo Ulug‘bek” loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu loyiha 2028 yilda muvaffaqqiyatli tugatilishi maqsad qilingan. Ta’kidlash joizki, sohadagi islohotlar milliy muhandislik maktablarini rivojlantirish, ilmiy salohiyatni oshirish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
Umuman olganda, kosmik texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilgan mazkur tashabbuslar Yangi O‘zbekistonning innovatsion taraqqiyoti, ilmiy salohiyati va xalqaro nufuzini mustahkamlashga xizmat qiluvchi strategik qadamlar sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu jarayonlar barqaror rivojlanish tamoyillari bilan uyg‘un holda mamlakatning uzoq muddatli rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratadi.