O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli iqtisodiy islohotlar mamlakatning barqaror rivojlanishiga mustahkam zamin yaratmoqda. Xususan, bozor mexanizmlarini mustahkamlash, raqobatbardoshlikni oshirish va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar milliy iqtisodiy tizimning yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qilmoqda.
Islohotlar jarayonida moliyaviy sektorni modernizatsiya qilish, investitsiya muhitini yaxshilash va innovatsion texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa nafaqat iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi, balki ijtimoiy barqarorlik va ekologik muvozanatni saqlashda ham muhim omil sifatida namoyon bo‘lmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar yangi moliyaviy tizimlar va barqaror rivojlanish modelini shakllantirishda strategik ahamiyat kasb etmoqda.
2025 yil 11 noyabr kuni Barqaror rivojlanish markazi va Moliya vazirligi huzuridagi Moliya organlari hamda budjet tashkilotlarining moliya-hisob bo‘linmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash o‘quv markazi bilan hamkorlikda “Barqaror rivojlanish yo‘lida yangi moliyaviy modellar” mavzusida soha mutaxassislari va ekspertlari ishtirokida seminar tashkil etildi.
Tadbirda moliya sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, davlat moliya organlari va budjet tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Seminarning asosiy maqsadi moliyaviy tizimlarni modernizatsiya qilish, investitsiya muhitini yanada jozibador qilish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar moliyaviy bozorlarda shaffoflikni ta’minlash, raqamli moliya xizmatlarini rivojlantirish, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish hamda iqtisodiy diversifikatsiya masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, amalga oshirilgan islohotlarning natijalari tahlil qilinib, kelgusida moliyaviy barqarorlikni ta’minlash va investitsiyaviy faollikni oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Seminarda quyidagi asosiy yo‘nalishlar muhokama qilindi:
— Yangi moliyaviy arxitektura: Xalqaro moliya institutlari va milliy banklar barqarorlik indikatorlarini hisobga olgan holda investitsiya siyosatini qayta ko‘rib chiqish, moliyaviy qarorlarda shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlash.
— “Yashil” moliya: Ekologik toza texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va uglerod izini kamaytirishga qaratilgan loyihalarga sarmoya kiritishni ustuvor yo‘nalish sifatida rivojlantirish.
— Ijtimoiy moliya: Ta’lim, sog‘liqni saqlash va teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan moliyaviy mexanizmlar orqali jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash.
— Raqamli moliya: Blokcheyn, sun’iy intellekt va fintex texnologiyalarini joriy etish orqali moliyaviy xizmatlarda shaffoflik, tezkorlik va xavfsizlikni kuchaytirish.
Seminar ishtirokchilari yangi moliyaviy tizimlarni joriy etish va barqaror rivojlanish modelini shakllantirish jarayonida amaliy natijalarni tahlil qilish barobarida, kelgusi ustuvor vazifalarni samarali amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarga alohida e’tibor qaratdilar. Jumladan, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash, moliyaviy savodxonlikni oshirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini kengaytirish, moliyaviy jarayonlarda shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlash hamda raqamli texnologiyalar orqali moliyaviy inklyuzivlikni kengaytirish — yangi moliyaviy modellarning kelgusi bosqichida hal qiluvchi omillar sifatida ta’kidlandi.
Seminarda bildirilgan tavsiyalar moliyaviy islohotlarni amaliy jihatdan takomillashtirish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi muhim qadamlar sifatida baholandi. Ushbu yo‘nalishda amalga oshiriladigan ishlar mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyotiga xizmat qilishi qayd etildi