Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Barqaror rivojlanish sharoitida mintaqalarda islom moliyasi darchalarini ochish

13-11-2025 46

2025-yil 10-oktyabr kuni Bogʼot tumani hokimligi binosida “Barqaror rivojlanish sharoitida mintaqalarda islom moliyasi darchalarini ochish” mavzusida ilmiy-amaliy davra suhbati oʼtkazildi. Ushbu tadbir Oʼzbekiston Respublikasida barqaror iqtisodiy taraqqiyotga erishish, moliyaviy inklyuziyani kengaytirish va xalqaro miqyosda ilgari surilayotgan BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) bilan uygʼunlikda islom moliyasi tizimini rivojlantirish masalalariga bagʼishlandi.

    Davra suhbatining asosiy maqsadi islom moliya tizimi mexanizmlarini oʼrganish orqali mintaqaviy iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, tadbirkorlik faoliyatini qoʼllab-quvvatlash hamda aholining moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat boʼldi. Tadbir, shuningdek, Barqaror rivijlanish maqsadlarida belgilangan kambagʼallikka barham berish, iqtisodiy oʼsish, tengsizliklarni qisqartirish maqsadlari bilan bevosita bogʼliq boʼlib, u islom moliyasini mintaqaviy iqtisodiy rivojlanishning yangi omili sifatida koʼrib chiqdi.

    Davra suhbatini Bogʼot tuman hokimi Nazarov Jahongir Baxramovich kirish soʼzi bilan ochdi. Tadbirda Oʼzbekiston xalqaro Islomshunoslik akademiyasi professori, iqtisodiyot fanlari doktori, Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Tuxliev N., Oʼzbekiston xalqaro Islomshunoslik akademiyasi professori, iqtisodiyot fanlari doktori Аbdullaev R., Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi “Oʼzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazi sektori mudiri Аbrorov S., Islamis Business and Finansedirektori, PhD Imomnazarov J., hamda Barqaror rivojlanish markazi Xorazm viloyati boʼlinmasirahbari, professor B. Ruzmetov ishtirok etdilar. Shuningdek, tuman hokimligi mutasaddilari, bank va moliya sohasi vakillari, tadbirkorlar hamda yosh olimlar davra suhbatida faol qatnashdilar.

    Tadbir islom moliya tizimining nazariy asoslari, amaliy mexanizmlari va uni Oʼzbekiston iqtisodiyotiga integratsiya qilish imkoniyatlarini tahlil qilishga bagʼishlandi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, islom moliya tizimi anʼanaviy moliya tizimidan tub jihatdan farq qiladi. Bu tizimning asosiy tamoyillari riboning taqiqlanishi, risk va foydani adolatli taqsimlash, iqtisodiy faoliyatda sharʼiy meʼyorlarga amal qilish, investitsiyalarni ijtimoiy va ekologik jihatdan barqaror loyihalarga yoʼnaltirish kabi gʼoyalarni oʼz ichiga oladi.

    Mazkur yondashuv bevosita BRM-12 (Masʼuliyatli isteʼmol va ishlab chiqarish) hamda BRM-13 (Iqlim oʼzgarishiga qarshi kurash) maqsadlari bilan uygʼunlashadi. Islom moliyasi orqali amalga oshiriladigan investitsiyalar, odatda, atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan, ijtimoiy foydali va uzoq muddatli barqaror rivojlanishga xizmat qiladigan loyihalarga yoʼnaltiriladi. Shu tariqa, islomiy moliyaviy mexanizmlar iqtisodiy oʼsish bilan birga ekologik va ijtimoiy masʼuliyatni ham taʼminlaydi.

    Davra suhbatida anʼanaviy va islom kapital bozorlarining umumiy va farqli jihatlari chuqur tahlil qilindi. Umumiy jihatlar sifatida moliyaviy instrumentlardan foydalanish, investitsiya jalb qilish, barqaror iqtisodiy oʼsishni taʼminlashga qaratilgan strategiyalar qayd etildi. Farqli jihatlar esa, islom moliyasining axloqiy, ijtimoiy va diniy tamoyillarga asoslanganligi, foizsiz moliyalashtirish printsipi, sheriklik asosida risk va foydani taqsimlash mexanizmlari bilan izohlandi.

    Mazkur farqlar, oʼz navbatida, BRM-16 (Tinchlik, adolat va samarali institutlar) maqsadiga hamohang boʼlib, moliya tizimida adolat, shaffoflik va ijtimoiy ishonch tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi.


    Tadbir yakunida islom moliyasi tizimini Oʼzbekiston mintaqalarida rivojlantirish boʼyicha qator amaliy takliflar ilgari surildi. Jumladan:

· Islom moliyasi boʼyicha normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;

· Moliyaviy institutlar salohiyatini oshirish va malakali kadrlar tayyorlash;

· Raqamli texnologiyalar asosida islomiy moliya mahsulotlarini joriy etish;

· Mahalliy va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish;

· Аholi va tadbirkorlar oʼrtasida moliyaviy savodxonlikni oshirish.

    Mazkur yoʼnalishlar BRM-4, BRM-8 hamda BRM-17 maqsadlar bilan bevosita bogʼliq boʼlib, Oʼzbekistonning milliy rivojlanish strategiyasi bilan uygʼun tarzda olib borilmoqda.

    Davra suhbati islom moliyasi tizimini Oʼzbekiston iqtisodiyotiga tatbiq etishning dolzarbligini ilmiy va amaliy jihatdan asoslab berdi. Islom moliyasi nafaqat moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, balki ijtimoiy tenglikni qaror toptirish, ekologik xavfsizlikni saqlash va barqaror rivojlanishning uzoq muddatli strategik maqsadlariga erishishda muhim vosita ekanligi qayd etildi.

    Shuningdek, tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan islom moliyasi asosida mintaqaviy “barqaror rivojlanish darchalari”ni tashkil etish, bu borada ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish va amaliy tajribalarni kengaytirish boʼyicha kelishuvga erishildi. Mazkur tashabbus iqtisodiyotning ijtimoiy yoʼnaltirilgan va ekologik barqaror rivojlanishini taʼminlash yoʼlidagi muhim qadamlardan biri sifatida baholandi.    


Barqaror rivojlanish markazi Xorazm viloyati

boʼlinmasi rahbari professor

    B.Ruzmetov