Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Barqaror rivojlanish sari dadil qadam – Samarqandda o‘tkazilayotgan YUNESKOning 43-sessiyasi

30-10-2025 54

Samarqand shahrida 2025 yil 30 oktyabrdan 13 noyabrgacha o‘tkazilayotgan BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO)ning 43-sessiyasi O‘zbekiston tarixida alohida o‘rin tutadi. Bu nafaqat yirik xalqaro anjuman, balki mamlakatimizning madaniy diplomatiya sohasida qo‘lga kiritgan katta muvaffaqiyati sifatida baholanmoqda. Ushbu sessiyaning 40 yildan keyin Parijdan tashqarida ilk bor o‘tkazilishida O‘zbekistonning tanlanishi — xalqaro hamjamiyat mamlakatimizning so‘nggi yillarda amalga oshirgan islohotlari, ochiqlik siyosati va global madaniy hamkorlikka qo‘shayotgan hissasiga yuksak ishonch berilayotganligidan dalolat beradi.

    Samarqandning tanlanishi bejiz emas. Bu shahar nafaqat Markaziy Osiyoning, balki jahon tamaddunining muhim markazlaridan biri bo‘lib kelgan. Registon maydoni, Shahi Zinda majmuasi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi kabi tarixiy yodgorliklar ko‘hna shaharni o‘ziga xos ilm-fan va madaniyat beshigiga aylantirgan. Anjuman aynan mana shu tarixiy muhitda, Sharq va G‘arb uyg‘unligini mujassam etgan shahar fonida bo‘lib o‘tgani ramziy ma’noga ham ega. Zero, YUNESKOning asosiy maqsadlaridan biri ham turli madaniyatlar orasida o‘zaro tushunishni kuchaytirish, tinchlik va taraqqiyotga hissa qo‘shishdir.

    Sessiyada 193 dan ortiq davlatdan 4 mingdan ortiq delegat, davlat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar yetakchilari, vazirlar va elchilar, taniqli olimlar va madaniyat arboblarining ishtiroki O‘zbekistonning jahon siyosiy maydonida tutgan o‘rnining tobora mustahkamlanayotganini ko‘rsatdi. Ayniqsa, O‘zbekistonning global madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, madaniy-tarixiy merosni saqlash va barqaror rivojlanish maqsadlaridagi hissasini xalqaro miqyosda e’tirof etilishi sessiyaning global ahamiyatini yanada oshirdi.    

    Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Samarqand sessiyasi doirasida nafaqat siyosiy-strategik muhokamalar balki madaniy dasturlar ham keng o‘rin olgan. Xalqaro konsertlar, ko‘rgazmalar, yoshlar forumi, daraxt ekish aksiyalari, muzeylarda sun’iy intellekt bo‘yicha konferensiyalar — bularning barchasi O‘zbekistonning madaniy uyg‘onish yo‘lida dadil qadam tashlayotganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, yoshlar ishtirokidagi tadbirlar kelajak avlodni jahon hamjamiyati bilan yanada faol integratsiyalashuviga xizmat qiladi.

    YUNESKO sessiyasi O‘zbekistonning madaniy siyosatida yangi bosqichni boshlab berdi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugun mamlakatimiz o‘z tarixiy merosini saqlash, uni dunyo jamoatchiligiga tanitish, xalqaro ilmiy-madaniy loyihalarda faol ishtirok etishga intilmoqda. Bu jarayon “Uchinchi Renessans” g‘oyasi bilan uzviy bog‘liq. Samarqandning o‘zida ham tarixiy meros obyektlarini restavratsiya qilish, turizmni rivojlantirish, qadimiy yodgorliklarni saqlash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Sessiya ushbu sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘lib xizmat qildi.

    Bundan tashqari, anjuman mamlakatimiz uchun iqtisodiy jihatdan ham katta imkoniyatlar yaratadi. Chunki yirik xalqaro tadbirlar turizmni rivojlantiradi, investitsiyalar oqimini oshiradi, biznes aloqalarini kuchaytiradi. O‘zbekistonning dunyo sahnasiga chiqishi, yuqori darajadagi diplomatlar va ekspertlar bilan muloqot qilishi iqtisodiy va siyosiy hamkorlikning yangi ufqlarini ochadi. Ayniqsa, Samarqand sessiyasidan so‘ng ko‘plab xalqaro tashabbus va loyihalar amalga oshirilishi kutilmoqda.

    Shuningdek, sun’iy intellekt sohasidagi etika bo‘yicha tadqiqotlar va ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Beruniy nomidagi YUNESKO–O‘zbekiston xalqaro mukofoti ta’sis etilishi O‘zbekistonning ilm-fan va madaniyat sohasidagi rolini oshirishga xizmat qiladi. Bu mukofot dunyo miqyosidagi ilmiy innovatsiyalarni rag‘batlantirish bilan birga, buyuk allomalar merosini zamonaviy ilm-fan bilan uyg‘unlashtirishga ham xizmat qiladi. Bu orqali O‘zbekiston Markaziy Osiyo ilm-fan makonining markazi sifatida o‘z mavqeini yana bir bor namoyon etdadi.

    Xulosa qilib aytganda, YUNESKOning Samarqanddagi sessiyasi — bu nafaqat bir konferensiya, balki O‘zbekistonning global maydondagi nufuzini oshirgan, madaniy va intellektual salohiyatini dunyoga namoyon etgan tarixiy voqeadir. Bu forum mamlakatimizning xalqaro bilimlar almashinuvi, madaniy integratsiya va barqaror rivojlanishga qo‘shayotgan hissasini yanada mustahkamlaydi. Shubhasiz, ushbu sessiya O‘zbekiston tarixida muhim burilish nuqtasi bo‘lib qoladi va kelajak avlodlar uchun ilhom manbai vazifasini bajaradi.


ISKANDAR O‘roqboyev    

Barqaror rivojlanish markazi eksperti