Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Barqaror rivojlanish markazi hamda Misrdagi “Al-Hivor” siyosiy va media tadqiqotlar markazi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi

23-04-2026 550

    2026 yil 22 aprel kuni Misr Arab Respublikasining Qohira shahrida Barqaror rivojlanish markazi hamda Misrdagi “Al-Hivor” siyosiy va media tadqiqotlar markazi (Al Hewar Center for Political and Media Studies) o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

    Mazkur hujjat ikki mamlakat nodavlat tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, barqaror rivojlanish sohasida o‘zaro tajriba almashishni kengaytirishga qaratilgan.

    Tadbir doirasida O‘zbekistonda barqaror rivojlanish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan ham maxsus taqdimot o‘tkazildi. Unda mamlakatda “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

        Tadbir davomida ta’kidlanganidek, ushbu memorandum O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni ilmiy va amaliy hamkorlik orqali yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, u barqaror va umumiy kelajakni ta’minlashga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun muhim asos yaratadi.

    Uchrashuvda arab jurnalisti va yozuvchisi Ahmad Jasim Zubaydiyning “Ma’naviyat – Yangi O‘zbekistonning Zuhro yulduzi. Islom — insoniylik, bilim va ma’rifat falsafasi”nomli badiiy-publitsistik asari taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

        Asar, eng avvalo, mamlakatda amalga oshirilayotgan diniy-ma’naviy va ilmiy-ma’rifiy islohotlarning mazmun-mohiyatini ochib berishga qaratilgani bilan e’tiborni tortadi.

    Muallif o‘zining tahliliy-adabiy yondashuvi orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan siyosatning falsafiy negizlarini yoritishga alohida e’tibor qaratadi. Ushbu siyosat markazida inson qadrini ulug‘lash, ma’naviy kamolotni ta’minlash va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini qaror toptirish kabi ustuvor yo‘nalishlar turgani asar davomida izchil tahlil etiladi.

        Qayd etish lozimki, mazkur asar Yangi O‘zbekistonda shakllanayotgan ma’naviy taraqqiyot modeli, uning falsafiy asoslari va amaliy ifodalarini chuqur anglashga hamda arab dunyosida O‘zbekistonni tanitishda xolis xizmat qiluvchi muhim manbalardan biri sifatida e’tirof etish mumkin.

    Bu esa xalq diplomatiyasi tobora rivojlanayotganini, davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar endi nafaqat rasmiy darajada, balki ilmiy va jamoatchilik muloqoti orqali ham mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.

        Shuningdek, imzolangan memorandum doirasida ikki tashkilot o‘rtasida ilmiy, tahliliy va amaliy hamkorlikni kengaytirish, barqaror rivojlanish bo‘yicha tajriba almashish hamda mintaqadagi dolzarb muammolarga birgalikda yechimlar ishlab chiqish rejalashtirilgan.

    Hamkorlik quyidagi asosiy yo‘nalishlarni qamrab oladi:

    — barqaror rivojlanish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar va tahliliy loyihalarni amalga oshirish;

    — iqlim o‘zgarishi, suv resurslaridan samarali foydalanish, “yashil iqtisodiyot” va ekologik barqarorlik mavzularida qo‘shma konferensiya va seminarlar tashkil etish;

    — axborot-tahliliy materiallar, ilmiy nashrlar va media muhitni o‘rganish;

    — siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlarni tahlil qilish;

    — xalqaro munosabatlar, mintaqaviy xavfsizlik va geosiyosiy jarayonlar bo‘yicha tadqiqotlar olib borish.

        Imzolash marosimida tomonlar O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanayotganini ta’kidlab, mintaqaning kelajagi barqaror taraqqiyot va o‘zaro ishonch asosida qurilishi zarurligini qayd etdilar.

    Misrning “Al-Hivor” jamg‘armasi vasiylar kengashi raisi o‘rinbosari Muhammad Abdel Munim O‘zbekistonning barqaror rivojlanish yo‘nalishidagi tashabbuslarini yuqori baholab, kelgusida qo‘shma loyihalar orqali global barqarorlikka hissa qo‘shish niyatini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, mazkur memorandum nafaqat ikki tashkilot, balki butun mintaqadagi ilmiy hamjamiyat uchun ham yangi hamkorlik imkoniyatlarini ochadi.

    Umuman olganda, ushbu memorandumning imzolanishi fuqarolik jamiyati va ilmiy doiralar faol ishtiroki bilan amalga oshirilgan yangi bosqich bo‘lib, Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotgani va xalq diplomatiyasi amalda tobora kuchayib borayotganining yaqqol ifodasidir.