2026-yil 19-noyabr kuni Barqaror rivojlanish markazi Toshkent viloyati bo‘linmasi hamda Xalq deputatlari Bo‘ka tumani Kengashi hamkorligida «Barqaror rivojlanish maqsadlari va Yangi O‘zbekiston strategik maqsadlarining hamohangligi» mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi.
«Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» shiori ostida Bo‘ka tumani hokimligi binosida o‘tkazilgan tadbirda mahalliy Kengash deputatlari, hokimlik mas’ullari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat jami 30 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Seminarning asosiy maqsadi — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga qaratilgan islohotlar hamda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) keng jamoatchilikka yetkazish, xususan, bolalar, yoshlar, xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar bilan manzilli ishlash mexanizmlarini mahalliy deputatlar bilan birgalikda ko‘rib chiqishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda so‘zga chiqqan ma’ruzachilar quyidagi muhim jihatlarga to‘xtaldilar:
· Abdumannop Tulyaganov (Barqaror rivojlanish markazi Toshkent viloyati bo‘linmasi rahbari) BRMning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlardagi ahamiyati haqida ma’ruza qildi. U Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-oktabrdagi 841-son qarori bilan tasdiqlangan 2030-yilgacha bo‘lgan 16 ta milliy maqsad va vazifalarga to‘xtalib,ularning Bo‘ka tumanidagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar bilan uzviy bog‘liqligini tahlil qildi.
· Shodiyor Azizov (Barqaror rivojlanish markazi eksperti) milliy maqsadlarga erishishda mahalliy Kengash deputatlari hamda mahalla faollarining o‘rni beqiyos ekanini qayd etdi. Ekspert aholi bilan bevosita ishlashda deputatlik nazorati va tashabbuskorligini yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Munozara va amaliy takliflar Seminar qizg‘in savol-javob va muhokamalar ruhida o‘tdi. Xususan, Bobur saylov okrugidan Ekologik partiya deputati ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun aholi, ayniqsa yoshlar orasida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini ustuvor vazifa sifatida kuchaytirish taklifini bildirdi. «Adolat» SDP deputati esa qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha mahalliy Kengashdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri taklif kiritish tartibi yuzasidan o‘z savollariga atroflicha javob oldi.
Tadbir davomida deputatlar o‘rtasida «Bo‘ka tumani uchun BRMning qaysi yo‘nalishi (ijtimoiy, iqtisodiy yoki ekologik) eng dolzarb hisoblanadi?» degan savol yuzasidan so‘rov o‘tkazildi. Ishtirokchilar bir ovozdan ijtimoiy yo‘nalish tuman uchun eng ustuvor ekanini ta’kidlab, kelgusidagi asosiy faoliyatni aynan shu sohaga qaratishga kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunida Markaz vakillari tomonidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar va zarur huquqiy maslahatlar berildi.
Barqaror rivojlanish markazi
Toshkent viloyati bo‘linmasi