O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli iqtisodiy islohotlar — xususan, bozor mexanizmlarini mustahkamlash va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar — mamlakatning barqaror rivojlanishini ta’minlashda muhim omil sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Ushbu islohotlar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘unlashgan holda amalga oshirilmoqda. Jumladan, munosib ish o‘rinlari va iqtisodiy o‘sish, sanoatlashtirish, innovatsiya va infratuzilmani rivojlantirish, hamda samarali institutlar va shaffof boshqaruvni ta’minlash kabi yo‘nalishlar bilan bevosita bog‘liqdir.
2025 yil 27 oktyabr kuni Barqaror rivojlanish markazi va Moliya vazirligi huzuridagi Moliya organlari hamda budjet tashkilotlarining moliya-hisob bo‘linmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash o‘quv markazi bilan hamkorlikda “Barqaror rivojlanish maqsadlari: iqtisodiyot sohasidagi islohotlar” mavzusida soha mutaxassislari va ekspertlari ishtirokida seminar tashkil etildi.
Tadbirda moliya sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, davlat moliya organlari va budjet tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Seminarning asosiy maqsadi iqtisodiy islohotlar doirasida tadbirkorlik muhitini yaxshilash, investitsiyaviy faollikni oshirish, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan masalalarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar moliyaviy boshqaruvni takomillashtirish, raqamli iqtisodiyot, tarmoqlararo diversifikatsiya va iqtisodiy barqarorlik kabi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, islohotlarning amaliy natijalari tahlil qilinib, kelgusi ustuvor vazifalar yuzasidan aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Seminarda quyidagi muhim masalalar ko‘rib chiqildi:
Raqamli iqtisodiyotni kengaytirish: Sun’iy intellekt, blokcheyn va elektron hukumat tizimlarini joriy etish.
Moliya bozorini chuqurlashtirish: Kapital bozorini rivojlantirish, bank tizimini liberallashtirish va moliyaviy inklyuziyani oshirish.
Tarmoqlararo diversifikatsiya: Qishloq xo‘jaligi, sanoat va xizmatlar sohasini innovatsion asosda rivojlantirish.
Eksportbop ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash: Qo‘shilgan qiymati yuqori mahsulotlar eksportini kengaytirish.
Iqtisodiy barqarorlik va inklyuzivlik: Barcha aholi qatlamlari uchun teng imkoniyatlar yaratish va ijtimoiy adolatni ta’minlash.
Seminar ishtirokchilari iqtisodiy islohotlarning amaliy natijalarini tahlil qilish jarayonida, kelgusi ustuvor vazifalarni samarali amalga oshirish uchun bir qator muhim shart-sharoitlarga to‘xtalib o‘tdilar. Jumladan, xususiy sektorning faol ishtiroki, investitsiya muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik savodxonligini oshirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini kengaytirish, iqtisodiy jarayonlarda ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash hamda raqamli texnologiyalar orqali iqtisodiy inklyuzivlikni kuchaytirish — islohotlarning kelgusi bosqichida hal qiluvchi omillar sifatida ta’kidlandi.
Seminarda bildirilgan tavsiyalar iqtisodiy islohotlarni amaliy jihatdan takomillashtirish va mamlakat iqtisodiyotini raqobatbardoshligini oshirish borasidagi ishlar hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi muhim qadamlar mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladi.