Bugun dunyoda toza suv va sanitariya masalasi tobora ekologik muammodan chiqib, iqtisodiy barqarorlik, aholi salomatligi va milliy xavfsizlikning muhim omiliga aylanmoqda. Iqlim oʻzgarishi, qurgʻoqchilik, aholi sonining koʻpayishi va shaharlashuv jarayonlari suv resurslariga boʻlgan ehtiyojni kuchaytirmoqda.
Ana shunday global jarayonlarning amaliy ifodasi sifatida, Barqaror rivojlanish oyligi doirasida Barqaror rivojlanish markazi Toshkent viloyati boʻlinmasi hamda Toshkent viloyati Ohangaron tumani hokimligi hamkorligida «Barqaror rivojlanish maqsadlari hamda toza suv va sanitariya holatiga erishishda mahallaning oʻrni» mavzusida jamoatchilik muhokamasi oʻtkazildi.
Unda davlat muassasalari xodimlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faollari, jumladan, 31 ta mahalla raisi ishtirok etdi. Oflayn va onlayn shaklda oʻtkazilgan muhokamada jami 80 nafarga yaqin ishtirokchi suv taʼminoti, sanitariya, oqova suvlarni chiqarish va aholining ekologik madaniyati bilan bogʻliq masalalarni muhokama qildi.
Jamoatchilik muhokamasida Barqaror rivojlanish markazi Toshkent viloyati boʻlinmasi rahbari Abdumannop Toʻlaganov soʻzga chiqib, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, aholini sifatli suv bilan taʼminlash va bu jarayonda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bugungi kunning muhim talablaridan biri ekanini taʼkidladi.
Koʻplab mamlakatlarda suvning har bir kub metridan samarali foydalanish, suv yoʻqotishlarini qisqartirish, raqamli monitoringni joriy etish va aholini suv resurslarini boshqarish jarayoniga jalb qilish ustuvor vazifaga aylanmoqda.
Bu borada Oʻzbekistonda ham soʻnggi yillarda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning suv boʻyicha UN-Water mexanizmi tomonidan 2026 yilda eʼlon qilingan «Barqaror rivojlanish maqsadi 6 boʻyicha mamlakat miqyosida taraqqiyotni jadallashtirish tajribasi: Oʻzbekiston» nomli maxsus tadqiqotda mamlakatimizning suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish hamda suv xoʻjaligini raqamlashtirish borasidagi tajribasi xalqaro darajada eʼtirof etildi. Unda Oʻzbekistonda suv tejamkor texnologiyalar, «aqlli» sugʻorish, suv resurslarini raqamli boshqarish va keng koʻlamli milliy islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan.
Oʻzbekistonda ichimlik va oqova suv xizmatlarini yaxshilash borasida ham salmoqli natijalarga erishilmoqda. 2026 yil 20 iyul kuni sohani yanada rivojlantirish boʻyicha oʻtkazilgan taqdimotda soʻnggi yillarda suv taʼminoti va kanalizatsiya sohasiga jalb qilingan investitsiyalar 10 barobar oshib, 2,7 milliard dollarga yetgani maʼlum qilindi.
Natijada aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 2017 yildagi 63 foizdan qariyb 83 foizga yetdi. Shu davrda 7,7 million aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlandi, 11 million kishining suv taʼminoti yaxshilandi, 1,1 million aholi kanalizatsiya tizimiga ulandi. 39 ming kilometr ichimlik suvi va 3,2 ming kilometr oqova suv tarmoqlari qurildi va rekonstruksiya qilindi.
Kelgusida aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasini 90 foizga, shaharlarda kanalizatsiya xizmatlari qamrovini esa 80 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Barqaror rivojlanish markazi eksperti Shodiyor Azizov «Mahallaning bugungi kundagi sanitariya holatini taʼminlashda aholining ekologik madaniyati» mavzusida maʼruza qildi.
Maʼruzada Barqaror rivojlanish maqsadlarining 6-maqsadi — «Toza suv va sanitariya»ning ahamiyatiga alohida toʻxtalib, uning har bir inson uchun toza ichimlik suvi, gigiyena va sanitariya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlashga qaratilgani taʼkidlandi.
Shuningdek, dunyoda millionlab insonlar hanuzgacha toza ichimlik suvi va zarur sanitariya sharoitlaridan mahrum ekani, bu esa turli kasalliklar va gigiyenik muammolarni keltirib chiqarayotgani qayd etildi.
Oʻzbekistonda aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash, olis mahallalarga suv tarmoqlarini tortish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, maʼruzachi suv tanqisligi va undan oqilona foydalanish muammosi bugungi kunda butun dunyo uchun dolzarb ekanini taʼkidladi.
Shu bois har birimiz suvga boʻlgan munosabatimizni oʻzgartirishimiz, uni qadrlashimiz va tejab ishlatishni kundalik hayot madaniyatiga aylantirishimiz zarur.
Jamoatchilik muhokamasi yakunlarida mahalla faollari tomonidan suv taʼminoti va sanitariya sohasidagi mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan qator amaliy takliflar ilgari surildi.
Xususan, Ungut mahallasi raisi tomonidan Uvak, Alisher, Yonariq, Yalpoqtepa, Qarahitoy va Ungut mahallalaridan chiqadigan oqova suvlarni yagona tizim asosida chiqarish imkoniyatlarini oʻrganish taklif etildi. Buning uchun Yangiangren GES hududidagi mavjud infratuzilma imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalasini koʻrib chiqish zarurligi qayd etildi.
Choʻldoq mahallasida esa 4 ming 121 nafar aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash masalasini ustuvor tartibda hal qilish, ushbu hududda suv taʼminoti tarmoqlarini qurish boʻyicha belgilangan rejalarni amalga oshirish taklifi bildirildi.
Qorasuyak mahallasi faollari tomonidan tumanda oqova suvlarni chiqarish tizimini takomillashtirish, buning uchun zarur maxsus texnikalar bilan taʼminlash, shuningdek, quduqlar va sanitariya inshootlarining joylashuvi hamda aholi isteʼmol qilayotgan suv sifati ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Yangiobod mahallasida esa aholi foydalanayotgan ichimlik suvi tarmoqlarining masʼul tashkilotlar balansiga qabul qilinishi, ularni saqlash va taʼmirlash bilan bogʻliq masalalarga aniqlik kiritish taklif etildi.
Shuningdek, muhokamada suv va sanitariya sohasidagi mahalliy muammolarni hal qilish uchun grant mablagʻlari, davlat ijtimoiy buyurtmalari va fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan mavjud imkoniyatlardan keng foydalanish zarurligi qayd etildi.
Qarahitoy mahallasi faollari tomonidan esa Ohangaron daryosi havzasida yer osti suv resurslaridan keng foydalanishning kelgusi ekologik oqibatlarini atroflicha oʻrganish, suv zaxiralari holati boʻyicha muntazam monitoring olib borish masalasi oʻrtaga tashlandi.
Eng muhimi, mazkur uchrashuv mahalla faollari uchun mavjud muammolarni sanab oʻtish maydonigina emas, balki ularning aniq yechimlari boʻyicha takliflarni shakllantirish imkoniyati ham boʻldi.
Bildirilgan takliflar suv taʼminoti va sanitariya infratuzilmasini yaxshilash, ekologik xavfsizlikni taʼminlash, aholining ekologik madaniyatini oshirish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Zero, barqaror rivojlanish muammolarni koʻrishdan emas, ularga birgalikda yechim topishdan boshlanadi. Bunda mahalla aholining haqiqiy ehtiyojini ifoda etsa, davlat idoralari uni hal etish mexanizmlarini ishga soladi, fuqarolik jamiyati institutlari esa jamoatchilik ishtiroki va nazoratini taʼminlaydi.
Shu maʼnoda, Ohangaron tumanida Barqaror rivojlanish oyligi doirasida tashkil etilgan mazkur jamoatchilik muhokamasi davlat, mahalla va fuqarolik jamiyati oʻrtasidagi ijtimoiy va amaliy koʻprikning yorqin namunasi boʻldi.
Muammo ochiq aytilgan joyda yechimga yoʻl ochiladi. Takliflar eshitilgan joyda esa jamoatchilik ishtiroki amaliy natijaga aylanadi. Ana shu jarayon Barqaror rivojlanish maqsadlarini har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson hayotiga yaqinlashtirishning eng muhim omillaridan biridir.