Barqaror rivojlanish markazi 

Sayt sinov rejimida ishlamoqda
  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Bаrqаror rivojlаnish mаqsаdlаri doirаsidа tozа suv vа sаnitаr holаtgа erishishdа mаhаllаning o‘rni

19-08-2026 38

    Bugun dunyoda toza suv va sanitariya masalasi tobora ekologik muammodan chiqib, iqtisodiy barqarorlik, aholi salomatligi va milliy xavfsizlikning muhim omiliga aylanmoqda. Iqlim o‘zgarishi, qurgʼoqchilik, aholi sonining ko‘payishi va shaharlashuv jarayonlari suv resurslariga bo‘lgan ehtiyojni kuchaytirmoqda.

    Аna shunday global jarayonlar amaliy ifodasi sifatida, Barqaror rivojlanish oyligi doirasida Barqaror rivojlanish markazi Toshkent viloyati bo‘linmasi hamda Toshkent viloyati Ohangaron tumani hokimligi hamkorligida “Barqaror rivojlanish maqsadlari hamda toza suv va sanitariya holatiga erishishda mahallaning o‘rni” mavzusida jamoatchilik muhokamasi o‘tkazildi.

    Unda davlat muassasalari xodimlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faollari, jumladan, 31 ta mahalla raisi ishtirok etdi. Oflayn va onlayn shaklda o‘tkazilgan muhokamada jami 80 nafarga yaqin ishtirokchi suv taʼminoti, sanitariya, oqova suvlarni chiqarish va aholining ekologik madaniyati bilan bogʼliq masalalarni muhokama qildi.

    Jamoatchilik muhokamasida Barqaror rivojlanish markazi Toshkent viloyati bo‘linmasi rahbari Аbdumannop To‘laganov so‘zga chiqib, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, aholini sifatli suv bilan taʼminlash va bu jarayonda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bugungi kunning muhim talablaridan biri ekanini taʼkidladi.

    Ko‘plab mamlakatlarda suvning har bir kub metridan samarali foydalanish, suv yo‘qotishlarini qisqartirish, raqamli monitoringni joriy etish va aholini suv resurslarini boshqarish jarayoniga jalb qilish ustuvor vazifaga aylanmoqda.

    Bu borada O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. BMTning UN-Water tomonidan 2026 yilda eʼlon qilingan “BRM 6 bo‘yicha mamlakat miqyosida taraqqiyotni jadallashtirish tajribasi: O‘zbekiston.” nomli maxsus tadqiqotda mamlakatimizning suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish hamda suv xo‘jaligini raqamlashtirish borasidagi tajribasi xalqaro darajada eʼtirof etildi. Unda O‘zbekistonda suv tejamkor texnologiyalar, “aqlli” sugʼorish, suv resurslarini raqamli boshqarish va keng ko‘lamli milliy islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan.

    O‘zbekistonda ichimlik va oqova suv xizmatlarini yaxshilash borasida ham salmoqli natijalarga erishilmoqda. 2026 yil 20 iyulь kuni sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan taqdimotda so‘nggi yillarda suv taʼminoti va kanalizatsiya sohasiga jalb qilingan investitsiyalar 10 barobar oshib, 2,7 milliard dollarga yetgani maʼlum qilindi.

    Natijada aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 2017 yildagi 63 foizdan qariyb 83 foizga yetdi. Shu davrda 7,7 million aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlandi, 11 million kishining suv taʼminoti yaxshilandi, 1,1 million aholi kanalizatsiya tizimiga ulandi. 39 ming kilometr ichimlik suvi va 3,2 ming kilometr oqova suv tarmoqlari qurildi va rekonstruktsiya qilindi.

    Kelgusida aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasini 90 foizga, shaharlarda kanalizatsiya xizmatlari qamrovini esa 80 foizga yetkazish maqsad qilingan.

    Barqaror rivojlanish markazi eksperti Shodiyor Аzizov “Mahallaning bugungi kundagi sanitariya holatini taʼminlashda aholining ekologik madaniyati” mavzusida maʼruza qildi.

    Maʼruzada Barqaror rivojlanish maqsadlarining 6-maqsadi — “Toza suv va sanitariya”ning ahamiyatiga alohida to‘xtalib, uning har bir inson uchun toza ichimlik suvi, gigiena va sanitariya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlashga qaratilgani taʼkidlandi.

    Shuningdek, dunyoda millionlab insonlar hanuzgacha toza ichimlik suvi va zarur sanitariya sharoitlaridan mahrum ekani, bu esa turli kasalliklar va gigienik muammolarni keltirib chiqarayotgani qayd etildi.

    O‘zbekistonda aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash, olis mahallalarga suv tarmoqlarini tortish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, maʼruzachi suv tanqisligi va undan oqilona foydalanish muammosi bugungi kunda butun dunyo uchun dolzarb ekanini taʼkidladi.

    Shu bois har birimiz suvga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirishimiz, uni qadrlashimiz va tejab ishlatishni kundalik hayot madaniyatiga aylantirishimiz zarur.

    Jamoatchilik muhokamasi yakunlarida mahalla faollari tomonidan suv taʼminoti va sanitariya sohasidagi mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan qator amaliy takliflar ilgari surildi.

    Xususan, Ungut mahallasi raisi tomonidan Uvak, Аlisher, Yonarik, Yalpoqtepa, Qaraxitoy va Ungut mahallalaridan chiqadigan oqova suvlarni yagona tizim asosida chiqarish imkoniyatlarini o‘rganish taklif etildi. Buning uchun Yangiangren GES hududidagi mavjud infratuzilma imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalasini ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi.

    Cho‘ldoq mahallasida esa 4 ming 121 nafar aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash masalasini ustuvor tartibda hal qilish, ushbu hududda suv taʼminoti tarmoqlarini qurish bo‘yicha belgilangan rejalarni amalga oshirish taklifi bildirildi.

    Qorasuyak mahallasi faollari tomonidan tumanda oqova suvlarni chiqarish tizimini takomillashtirish, buning uchun zarur maxsus texnikalar bilan taʼminlash, shuningdek, quduqlar va sanitariya inshootlarining joylashuvi hamda aholi isteʼmol qilayotgan suv sifati ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

    Yangiobod mahallasida esa aholi foydalanayotgan ichimlik suvi tarmoqlarining masʼul tashkilotlar balansiga qabul qilinishi, ularni saqlash va taʼmirlash bilan bogʼliq masalalarga aniqlik kiritish taklif etildi.

    Shuningdek, muhokamada suv va sanitariya sohasidagi mahalliy muammolarni hal qilish uchun grant mablagʼlari, davlat ijtimoiy buyurtmalari va fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mavjud imkoniyatlardan keng foydalanish zarurligi qayd etildi.

    Qaraxitoy mahallasi faollari tomonidan esa Ohangaron daryosi havzasida yer osti suv resurslaridan keng foydalanishning kelgusi ekologik oqibatlarini atroflicha o‘rganish, suv zaxiralari holati bo‘yicha muntazam monitoring olib borish masalasi o‘rtaga tashlandi.

    Eng muhimi, mazkur uchrashuv mahalla faollari uchun mavjud muammolarni sanab o‘tish maydonigina emas, balki ularning aniq yechimlari bo‘yicha takliflarni shakllantirish imkoniyati ham bo‘ldi.

    Bildirilgan takliflar suv taʼminoti va sanitariya infratuzilmasini yaxshilash, ekologik xavfsizlikni taʼminlash, aholining ekologik madaniyatini oshirish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

    Zero, barqaror rivojlanish muammolarni ko‘rishdan emas, ularga birgalikda yechim topishdan boshlanadi. Bunda mahalla aholining haqiqiy ehtiyojini ifoda etsa, davlat idoralari uni hal etish mexanizmlarini ishga soladi, fuqarolik jamiyati institutlari esa jamoatchilik ishtiroki va nazoratini taʼminlaydi.

    Shu maʼnoda, Ohangaron tumanida Barqaror rivojlanish oyligi doirasida tashkil etilgan mazkur jamoatchilik muhokamasi davlat, mahalla va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi ijtimoiy va amaliy ko‘prikning yorqin namunasi bo‘ldi.

    Muammo ochiq aytilgan joyda yechimga yo‘l ochiladi. Takliflar eshitilgan joyda esa jamoatchilik ishtiroki amaliy natijaga aylanadi. Аna shu jarayon Barqaror rivojlanish maqsadlarini har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson hayotiga yaqinlashtirishning eng muhim omillaridan biridir.