BRM global kun tartibini mahalliylashtirish hamda «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi vazifalarining bevosita mahalla darajasidagi ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida Barqaror rivojlanish markazi Toshkent viloyat bo‘limi hamda tuman hokimligi hamkorligida "Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida gender tenglik va munosib mehnat sharoitlariga erishishda mahallaning o‘rni" mavzusida respublika BRM oyligining amaliy bosqichi sifatida jamoatchilik muhokamasi o‘tkazildi. "Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili" doirasida tashkil etilgan ushbu anjumanda 29 ta mahallaning «mahalla yettiligi» tarkibiga kiruvchi ijtimoiy soha xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda Oqqo‘rg‘on tumani hokimligi vakili D. Xolto‘rayev, Barqaror rivojlanish markazi viloyat bo‘limi rahbari A. Tulyaganov va markaz eksperti Sh. Azizovlar ma’ruza qilib, BRMning 5-maqsadi (Gender tengligi) hamda 8-maqsadi (Munosib mehnat va iqtisodiy o‘sish)ning o‘zaro determinantli aloqadorligini ilmiy-amaliy asoslab berdilar. Ta’kidlanganidek, aholining ehtiyojmand qatlamlari, xususan, xotin-qizlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni munosib mehnat sharoitlari bilan ta’minlash hamda ularning iqtisodiy-siyosiy faolligini oshirishda mahalla instituti asosiy lokomotiv vazifasini o‘taydi.
Muhokamalar davomida ijtimoiy xodimlar tomonidan BRMning ushbu ustuvor maqsadlariga erishishga qaratilgan konseptual va amaliy takliflar ilgari surildi. Xususan, boquvchisini yo‘qotgan ayollar oilalarini "Ijtimoiy reyestr"ga kiritishda daromad mezonlarini qayta ko‘rib chiqish va ijtimoiy himoya mexanizmlarini maqbullashtirish (M.Buriyeva), mahallalarda moslashuvchan ish grafigiga ega kichik ishlab chiqarish va qayta ishlash quvvatlarini (sutni qayta ishlash, qadoqlash, tekstil sexlari) tashkil etish orqali xotin-qizlar bandligini ta’minlash (D.Buronova) hamda yozgi mavsumda maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatidagi uzilishlar sababli yuzaga keladigan gender va moliyaviy yuklamalarni kamaytirish masalalari ko‘tarildi.
Respublika darajasidagi institutsional muhokamalar va Toshkent viloyatida o‘tkazilgan amaliy jamoat muhokamasi BRM doirasida gender tenglikka erishish va munosib mehnat sharoitlarini yaratishda mahalla institutining beqiyos o‘rnini namoyon etib, mamlakatda barqaror taraqqiyot va inson manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi.