Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Barqaror rivojlanish — hisobotlarda emas, xalq hayotida koʻrinishi kerak

03-06-2026 130

Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) koʻrsatkichlarini inson qadri, mahalla obodligi va hayot sifati bilan bogʻlash vaqti keldi.

Barqaror rivojlanish maqsadlari haqida gap ketganda, koʻpincha xalqaro reytinglar, milliy indikatorlar, strategiyalar va hisobotlar tilga olinadi. Albatta, bularning barchasi muhim. Chunki har qanday davlat oʻz taraqqiyot yoʻlini aniq raqamlar, solishtirma maʼlumotlar va xalqaro mezonlar orqali baholaydi.

Ammo oddiy inson uchun barqaror rivojlanish tushunchasi butunlay boshqacha maʼnoga ega. U uchun bu — uyida toza ichimlik suvi boʻlishi, farzandi yaxshi maktabda oʻqishi, poliklinikada soatlab navbat kutmasligi, yoshlarning ish topishi, mahallada yoʻl va yoritish yaxshilanishi, havoning tozaligi, tadbirkorning ortiqcha toʻsiqlarsiz ishlashi, davlat idorasida masalasi adolatli hal boʻlishidir.

Shu maʼnoda, BRM faqat BMT kun tartibi yoki xalqaro majburiyat emas. U, avvalo, inson qadri, oila farovonligi, mahalla obodligi va mamlakat kelajagini taʼminlaydigan hayotiy mezondir.

Oʻzbekiston soʻnggi yillarda BRMni milliy taraqqiyot siyosati bilan uygʻunlashtirish borasida muhim institutsional asos yaratdi. "Oʻzbekiston — 2030" strategiyasi 5 ta ustuvor yoʻnalish doirasida 100 ta maqsadni qamrab olgan boʻlib, mamlakatning keyingi taraqqiyot bosqichini inson salohiyati, ijtimoiy adolat, iqtisodiy oʻsish, ekologik barqarorlik va xalq xizmatidagi davlat boshqaruvi bilan bogʻlaydi.

Biroq bugungi bosqichda eng muhim savol quyidagicha qoʻyilishi kerak: mazkur maqsadlar oddiy odam hayotida qanchalik seziljapti?

Chunki taraqqiyotning haqiqiy mezoni faqat yalpi ichki mahsulot oʻsishi, reytingdagi oʻrin yoki qabul qilingan dasturlar soni bilan oʻlchanmaydi. U odamlarning kundalik hayotidagi oʻzgarish bilan baholanadi.

Raqamlar bor, endi ular hayotga yanada chuqurroq kirishi kerak

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabrdagi Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida mamlakat iqtisodiy oʻsishi, infratuzilma rivoji va aholi turmush sharoiti bilan bogʻliq muhim natijalar qayd etildi. Jumladan, elektr energiyasi ishlab chiqarish 85 milliard kilovatt-soatga yetgani, 715 ming aholi xonadoniga birinchi marta toza ichimlik suvi yetib borgani, yana 2,3 million aholi uchun suv taʼminoti yaxshilangani taʼkidlandi. Shuningdek, kambagʻallik darajasi yil boshidagi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushgani maʼlum qilindi.

Bu raqamlar, shubhasiz, katta ijobiy oʻzgarishlardan dalolat beradi. Lekin BRM nuqtai nazaridan yana bir savol muhim: bu natijalar barcha hududlar, barcha mahallalar va barcha ijtimoiy guruhlar hayotida birdek seziljaptimi?

Agar respublika boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkich yaxshi boʻlsa-yu, ayrim chekka mahallada suv tanqisligi saqlansa; shaharda yangi uylar qurilsa-yu, boshqa hududda yoshlar barqaror ish topishda qiynalsa; umumiy taʼlim qamrovi oshsa-yu, ayrim maktablarda sifat muammosi qolsa — demak, BRMni amalga oshirishning navbatdagi bosqichi hali oldinda.

Boshqacha aytganda, Oʻzbekiston uchun bugungi vazifa — katta strategiyalarni mahalla, oila va inson hayotiga yanada chuqurroq tushirishdir.

Qoʻshni mamlakatlar bilan qiyosiy tahlillar nima koʻrsatadi?

Oʻzbekistonning BRM boʻyicha natijalarini baholashda qoʻshni davlatlar bilan qiyosiy tahlil muhim. Chunki Markaziy Osiyo mamlakatlari bir-biriga yaqin muammolar bilan yuzma-yuz turibdi: suv tanqisligi, iqlim oʻzgarishi, energetika xavfsizligi, mehnat migratsiyasi, hududlar oʻrtasidagi tafovut, yoshlar bandligi va ekologik xavflar.

Barqaror rivojlanish boʻyicha 2025-yilgi xalqaro hisobot maʼlumotlariga koʻra, Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qirgʻiziston va Oʻzbekiston nisbatan yuqori natija koʻrsatgan. Xususan, Qirgʻiziston 74,50 ball, Oʻzbekiston 73,08 ball, Qozogʻiston 71,52 ball, Tojikiston 68,27 ball va Turkmaniston 67,25 ball bilan baholangan.

Bu holat Oʻzbekistonda BRM boʻyicha ijobiy dinamika borligini, ammo keyingi bosqichda sifat, hududiy tenglik va ekologik barqarorlik masalalariga yanada jiddiy eʼtibor qaratish zarurligini koʻrsatadi.

Biroq reytingdagi oʻrin yoki umumiy ball barcha sohalarda muammolar hal boʻlganini bildirmaydi. Masalan, Qirgʻiziston BRM indeksida yuqoriroq natija koʻrsatgan boʻlsa-da, inson taraqqiyoti indeksida Oʻzbekistondan pastda turadi. Qozogʻiston esa inson taraqqiyoti va daromadlar darajasi boʻyicha mintaqada oldinda, ammo BRM umumiy bali boʻyicha Oʻzbekistondan pastroq natija qayd etgan. Bu holat muhim saboq beradi: barqaror rivojlanish faqat iqtisodiy oʻsish emas, balki ijtimoiy tenglik, ekologik muvozanat va samarali boshqaruv uygʻunligidir.

BMT Taraqqiyot dasturining 2025-yilgi Inson taraqqiyoti indeksida Qozogʻiston 60-oʻrinda, Turkmaniston 95-oʻrinda, Oʻzbekiston 107-oʻrinda, Qirgʻiziston 117-oʻrinda, Tojikiston 128-oʻrinda qayd etilgan. Oʻzbekiston yuqori inson taraqqiyoti guruhiga kiritilgani ijobiy holat, ammo mazkur qiyos taʼlim sifati, sogʻliqni saqlash, aholi daromadlari va mehnat unumdorligi sohalarida hali katta zaxira borligini koʻrsatadi.

Demak, Oʻzbekiston uchun asosiy maqsad faqat reytingda yuqorilash emas. Asosiy vazifa — iqtisodiy oʻsishni inson taraqqiyoti, ijtimoiy adolat, ekologik barqarorlik va hududiy tenglik bilan bogʻlashdir.

Xalqaro indekslar — maqsad emas, koʻzgu

Xalqaro indekslar mamlakat uchun muhim koʻzgu vazifasini bajaradi. Ular qaysi sohada oldinga siljish borligini, qaysi yoʻnalishda esa qoʻshimcha harakat zarurligini koʻrsatadi.

Masalan, Jahon intellektual mulk tashkiloti tomonidan eʼlon qilinadigan Global innovatsiyalar indeksida Oʻzbekiston 2025-yilda 139 ta iqtisodiyot orasida 79-oʻrinni egalladi. Ushbu maʼlumotlarga koʻra, mamlakat quyi oʻrta daromadli iqtisodiyotlar guruhida 7-oʻrinda, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasida esa 3-oʻrinda qayd etilgan.

Bu — muhim imkoniyat. Ammo innovatsiya faqat IT-park, startap yoki universitet laboratoriyasi doirasida qolib ketmasligi kerak. U oddiy odam hayotiga kirib borishi lozim: maktabda oʻquv natijasini aniq baholash, poliklinikada navbatni raqamli boshqarish, mahallada suv yoʻqotishini kamaytirish, fermer uchun suv tejovchi texnologiyani arzonlashtirish, nogironligi boʻlgan shaxs uchun davlat xizmatlariga kirishni yengillashtirish — haqiqiy innovatsiya ana shunda koʻrinadi.

Ekologik samaradorlik indeksi ham Oʻzbekiston uchun muhim signal beradi. 2024-yilgi ushbu xalqaro indeks maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston 107-oʻrinda, umumiy bali 42,6 darajasida qayd etilgan. Bu havo sifati, suv resurslari, chiqindilarni boshqarish, bioxilma-xillik, iqlim oʻzgarishi va shahar muhiti yoʻnalishlarida amaliy choralarni yanada kuchaytirish zarurligini koʻrsatadi.

Korrupsiyani idrok etish indeksi ham BRM nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega. Chunki barqaror rivojlanish faqat iqtisodiy oʻsish yoki ijtimoiy dasturlar bilan cheklanmaydi; u, avvalo, davlat boshqaruvida ochiqlik, adolat va ishonch muhitini talab etadi.

Korrupsiyaga qarshi kurash sohasida xalqaro monitoring olib boradigan Transparency International tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston bu yoʻnalishda soʻnggi yillarda ijobiy siljishga ega boʻlsa-da, davlat xizmatlari, mahalliy byudjetlar, davlat xaridlari, qurilish, subsidiyalar va ijtimoiy yordam tizimida shaffoflikni yanada kuchaytirish zarur. Zero, har qanday yaxshi dastur xalq hayotida natija berishi uchun mablagʻlar adolatli taqsimlanishi, qarorlar ochiq qabul qilinishi va jamoatchilik nazorati amalda ishlashi kerak.

Bu indekslardan chiqadigan asosiy sabog'i shu: BRMni amalga oshirish uchun faqat mablagʻ, strategiya va dasturlar yetarli emas. Ular ochiqlik, adolat, samarali ijro va jamoatchilik nazorati bilan toʻldirilsagina xalq hayotida natija beradi.

Kambagʻallikni qisqartirish: yordamdan barqaror daromadga oʻtish zarur

Kambagʻallikni qisqartirish Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda davlat siyosatining eng muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Zero, barqaror taraqqiyotning eng muhim sharti — insonning munosib turmush kechirishi, barqaror daromadga ega boʻlishi va hayotda oʻz imkoniyatini roʻyobga chiqara olishidir.

Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, 2024–2025-yillarda Oʻzbekistonda aholi daromadlarining oʻsishi, ayniqsa, past daromadli qatlamlar uchun ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Natijada milliy kambagʻallik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushgan, aholi daromadlari oʻrtasidagi tafovut ham biroz qisqargan.

Bu ijobiy natijani endi mustahkamlash kerak. Kambagʻal oilaga nafaqa yoki bir martalik yordam berish zarur, ammo undan ham muhimrogʻi — shu oilaning barqaror daromad manbaiga ega boʻlishidir. Buning uchun har bir kambagʻal oila boʻyicha "daromad xaritasi" ishlab chiqilishi maqsadga muvofiq: kim kasb oʻrganadi, kim ishga joylashadi, kim mikrobiznes boshlaydi, kimga ijtimoiy xizmat kerak, kimni kooperatsiyaga ulash mumkin — bular qogʻozda emas, mahalla darajasida aniq koʻrinishi lozim.

Kambagʻallikni qisqartirishning keyingi bosqichi "ijtimoiy yordam"dan "iqtisodiy faollik"ka oʻtish bilan bogʻliq boʻlishi kerak. Yaʼni yordam oluvchi oila asta-sekin oʻz daromadi, kasbi, biznesi yoki mehnat bozoridagi oʻrni orqali mustaqillikka chiqishi lozim. Bu BRMning haqiqiy natijasi boʻladi.

Taʼlimda qamrovdan sifatga oʻtish vaqti keldi

Taʼlim BRMning eng muhim yoʻnalishlaridan biri. Chunki sifatli taʼlim boʻlmasa, kambagʻallikni qisqartirish ham, innovatsion iqtisodiyot qurish ham, munosib ish oʻrinlarini yaratish ham qiyin.

Oʻzbekistonda maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta taʼlim va oliy taʼlim qamrovini kengaytirish boʻyicha katta ishlar amalga oshirildi. Lekin keyingi bosqichda asosiy urgʻu qamrovdan sifatga koʻchishi kerak. Bolalar maktabga borayaptimi — bu birinchi savol. Ammo undan ham muhim savol bor: bola maktabda nimani oʻrganayapti?

Bitiruvchi mustaqil fikrlay oladimi? Raqamli koʻnikmalarga egami? Mehnat bozorida oʻz oʻrnini topa oladimi? Kasb tanlashga tayyormi? Oliy taʼlim yoki kasb-hunar tizimi uni real iqtisodiyotga bogʻlay olayaptimi?

Shuning uchun har bir hududda taʼlim natijalari mahalliy iqtisodiyot ehtiyojlari bilan bogʻlanishi kerak. Qaysi tumanda agro qayta ishlash rivojlanmoqda, qaysi hududda turizm, qaysi joyda sanoat, qaysi shaharda xizmat koʻrsatish va raqamli iqtisodiyot oʻsmoqda — taʼlim va kasbga tayyorlash dasturlari shu ehtiyojlarga moslashishi lozim.

Sifatli taʼlimning haqiqiy mezoni faqat maktablar soni yoki qamrov darajasi bilan oʻlchanmaydi. U, avvalo, bolaning bilimi, oʻqituvchining salohiyati, maktab muhiti, kasbiy yoʻnaltirish, raqamli imkoniyatlar va bitiruvchining mustaqil hayotga tayyorligida namoyon boʻladi.

Sogʻliqni saqlashda eng yaqin boʻgʻin hal qiluvchi ahamiyatga ega

Fuqaro uchun sogʻliq sohasidagi islohot avvalo oʻz mahallasida, oʻz poliklinikasida seziladi. Yirik tibbiyot markazlari, zamonaviy uskunalar va ixtisoslashgan klinikalar muhim. Lekin oddiy odam uchun eng birinchi savol boshqacha: u shifokorga oʻz vaqtida kira olayaptimi? Dori topilayaptimi? Tahlil topshirish osonmi? Bolasiga profilaktik yordam bormi? Keksa ota-onasiga tibbiy xizmat yetib borayaptimi?

Shu bois sogʻlom turmush va farovonlik maqsadi — birlamchi tibbiy xizmatni kuchaytirish bilan chambarchas bogʻliq. Poliklinikada navbat, shifokor yuklamasi, dori-darmon mavjudligi, onalar va bolalar salomatligi, surunkali kasalliklarni erta aniqlash, tibbiy xizmatdan qoniqish darajasi ochiq va doimiy baholanadigan koʻrsatkichga aylanishi kerak.

Sogʻliqni saqlashdagi eng katta samara kasallikni davolashdan oldin uning oldini olishda koʻrinadi. Shuning uchun profilaktika, sogʻlom ovqatlanish, jismoniy faollik, ekologik xavflar va aholi salomatligi oʻrtasidagi bogʻliqlik mahalla darajasida ham tushuntirilishi lozim.

Yashil iqtisodiyot oddiy xonadongacha yetib borishi kerak

Oʻzbekiston iqlim oʻzgarishi taʼsirini chuqur his etayotgan mamlakatlardan biri. Suv tanqisligi, yer degradatsiyasi, havo sifati, choʻllanish, energiya samaradorligi va shaharlarda ekologik bosim — bularning barchasi BRM bilan bevosita bogʻliq.

Yashil iqtisodiyot deganda faqat yirik quyosh yoki shamol elektr stansiyalari tushunilmasligi kerak. Albatta, bunday loyihalar strategik ahamiyatga ega. Lekin oddiy inson uchun yashil iqtisodiyot — uyida elektr taʼminoti barqaror boʻlishi, isitish xarajati kamayishi, koʻchasida daraxtlar koʻpayishi, chiqindi oʻz vaqtida olib ketilishi, suv tejovchi texnologiya arzon va qulay boʻlishi, jamoat transporti yaxshilanishi, havo sifati yaxshilanishidir.

Shuning uchun toza suv va sanitariya, arzon va toza energiya, barqaror shaharlar, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash hamda yer resurslari va ekotizimlarni muhofaza qilish bilan bogʻliq maqsadlar bir-biridan ajralgan holda emas, yagona hayotiy zanjir sifatida koʻrilishi kerak. Suv tejalsa — qishloq xoʻjaligi barqarorlashadi. Energiya samaradorligi oshsa — korxona xarajati kamayadi. Havo tozalansa — aholi salomatligi yaxshilanadi. Shaharlar yashillashsa — hayot sifati ortadi.

Ekologiyani faqat "tabiatni muhofaza qilish" mavzusi sifatida emas, iqtisod, sogʻliq, taʼlim, shaharsozlik va ijtimoiy adolat bilan bogʻliq umummilliy masala sifatida qarash vaqti keldi.

Mahalla darajasida BRM pasporti kerak

BRM koʻrsatkichlari xalq hayotida sezilishi uchun ularni mahalla darajasigacha tushirish zarur. Respublika yoki viloyat boʻyicha oʻrtacha raqamlar muhim, ammo ular har doim ham aniq muammoni koʻrsatib bermaydi.

Masalan, viloyatda ichimlik suvi qamrovi oshgan boʻlishi mumkin, ammo ayrim mahallada hali suv muammosi saqlanishi mumkin. Tumanda ishsizlik kamaygani haqida maʼlumot boʻlishi mumkin, ammo muayyan mahallada yoshlar ish topishda qiynalishi mumkin. Shaharda yoʻllar taʼmirlangani aytilsa-da, ayrim koʻchalarda yoritish yoki piyodalar xavfsizligi muammosi qolishi mumkin.

Shuning uchun har bir tuman va mahalla kesimida "BRM hayotiy pasporti"ni joriy etish maqsadga muvofiq. Unda aholi uchun eng muhim koʻrsatkichlar aks etishi kerak: ichimlik suvi, elektr taʼminoti, yoʻl holati, maktab va bogʻcha sharoiti, poliklinika xizmati, chiqindi yigʻish, yoshlar bandligi, ayollar daromadi, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay muhit, havo sifati, internet va davlat xizmatlari.

Bu maʼlumotlar faqat idoralar uchun emas, aholi uchun ham ochiq va tushunarli boʻlishi lozim. Odamlar oʻz mahallasida qaysi koʻrsatkich yaxshilanganini, qaysi muammo saqlanayotganini, qaysi loyihaga qancha mablagʻ ajratilganini bilishi kerak.

Byudjet natijaga bogʻlansa, islohot samarasi ortadi

BRMni amaliy natijaga aylantirish uchun mahalliy byudjetlar va infratuzilma loyihalarini aniq natijalar bilan bogʻlash zarur. Hududga mablagʻ ajratishda faqat aholi soni yoki umumiy ehtiyoj emas, balki natija ham hisobga olinishi kerak.

Masalan, qaysi tumanda ichimlik suvi taʼminoti yaxshilandi, qaysi mahallada ishsiz yoshlar soni kamaydi, qaysi hududda maktabgacha taʼlim qamrovi oshdi, qaysi shaharda havo sifati yaxshilandi, qaysi joyda fuqarolar davlat xizmatlaridan koʻproq qoniqdi — shu natijalar hududlar faoliyatini baholashda asosiy mezonga aylanishi lozim.

Boshqacha aytganda, mablagʻ sarflangani emas, natija bergani muhim. Qurilish qilingani emas, aholi undan foydalanayotgani muhim. Dastur qabul qilingani emas, odamlar hayotida oʻzgarish sezilgani muhim.

Bu yondashuv davlat boshqaruvida ham, jamoatchilik nazoratida ham yangi madaniyatni shakllantiradi.

Ochiqlik va jamoatchilik nazorati — BRMning asosiy shartlaridan biri

BRMni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, mahalliy kengashlar, ilmiy markazlar va mustaqil ekspertlar faol ishtirok etishi kerak. Chunki faqat idoralar hisobotiga tayanilsa, ayrim muammolar koʻrinmay qolishi mumkin.

Davlat xaridlari, qurilish, subsidiya, ijtimoiy yordam, yer ajratish, kommunal xizmatlar va mahalliy infratuzilma loyihalari boʻyicha "ajratilgan mablagʻ — bajarilgan ish — fuqaro bahosi" zanjiri ochiq boʻlishi lozim. Har bir mahallada qaysi loyihaga qancha mablagʻ ajratildi, kim bajardi, muddat qanday, aholi bu ishdan rozimi — bu maʼlumotlar sodda tilda eʼlon qilinsa, davlat boshqaruvida ochiqlik va jamoatchilik ishonchi yanada mustahkamlanadi. Bu yerda jamoatchilik nazorati davlatga qarshi emas, aksincha islohotlarning sifatini oshirishga xizmat qiladigan konstruktiv mexanizmdir. Fuqarolik jamiyati institutlari aynan shu jarayonda davlat va aholi oʻrtasida ishonch koʻprigi vazifasini bajarishi mumkin.

Markaziy Osiyo uchun umumiy vazifa: raqobat emas, hamkorlik

BRMni amalga oshirishda Oʻzbekistonning qoʻshni davlatlar bilan hamkorligi alohida ahamiyatga ega. Chunki suv, iqlim, energetika, transport, savdo, migratsiya va ekologik xavflar milliy chegarani tanlamaydi.

Qozogʻistondan sanoat kooperatsiyasi, raqamli xizmatlar, mehnat unumdorligi va yuqori qoʻshilgan qiymatli tarmoqlarni rivojlantirish boʻyicha oʻrganish mumkin. Qirgʻiziston va Tojikiston bilan suv-energetika muvozanati, togʻli hududlarda iqlim xavflari, chegaraoldi savdo va mehnat migratsiyasi masalalarida qoʻshma yechimlar zarur. Turkmaniston bilan energetika, transport va ekologik barqarorlik boʻyicha amaliy hamkorlik BRM nuqtai nazaridan muhim.

Oʻzbekistonning soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik muhitini mustahkamlash, chegara masalalarini hal etish, transport bogʻliqligini kengaytirish va mintaqaviy muloqotni kuchaytirish borasidagi tashabbuslari barqaror taraqqiyot uchun sheriklik va oʻzaro ishonch qanchalik muhim ekanini koʻrsatmoqda. Prezident Murojaatnomasida ham 2025-yilda Samarqandda Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi sammiti va Xalqaro iqlim forumi oʻtkazilgani, shuningdek, Xoʻjandda Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston yetakchilari uchrashuvida muhim kelishuvlarga erishilgani mintaqaviy barqarorlik nuqtai nazaridan alohida qayd etildi.

Bu jarayonlar shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekiston uchun BRM nafaqat ichki islohotlar, balki mintaqaviy barqarorlik va hamkorlik kun tartibining ham muhim qismiga aylanmoqda.

Yangi boshqaruv formulasi: indeks, mahalla va fuqaro bahosi

Oʻzbekistonda BRMni yangi bosqichga olib chiqish uchun uchta mezonni birlashtirish zarur.

Birinchi mezon — xalqaro indekslar. Ular mamlakatning dunyodagi oʻrnini, kuchli va zaif tomonlarini koʻrsatadi.

Ikkinchi mezon — mahalla kesimidagi real koʻrsatkichlar. Ular qaysi hududda qaysi muammo borligini aniqlashga yordam beradi.

Uchinchi mezon — fuqaro bahosi. Chunki islohotning eng adolatli baholovchisi — oddiy insonning oʻz hayotidagi oʻzgarishni sezishi yoki sezmasligidir.

Agar ushbu uch mezon birlashsa, BRM monitoringi faqat hisobot tayyorlash vositasi emas, davlat boshqaruvi va jamoatchilik nazoratining amaliy instrumentiga aylanadi.

Xulosa oʻrnida

Oʻzbekistonda BRMni amalga oshirish uchun siyosiy iroda ham, strategik asos ham, islohotlar tajribasi ham mavjud. "Oʻzbekiston — 2030" strategiyasi, kambagʻallikni qisqartirish siyosati, mahallabay ishlash tizimi, yashil energetika, suv tejash, taʼlim va sogʻliqni saqlash islohotlari, raqamli davlat xizmatlari va mintaqaviy hamkorlik tashabbuslari BRM bilan bevosita uygʻun.

Ammo keyingi bosqichda asosiy mezon oʻzgarishi kerak: endi "qancha dastur qabul qilindi?" degan savol emas, "odamlar hayotida nima oʻzgardi?" degan savol birinchi oʻringa chiqishi lozim.

Barqaror rivojlanish maqsadlari xalq uchun tushunarsiz xalqaro atama boʻlib qolmasligi kerak. U mahalladagi toza suvda, bolaning sifatli taʼlimida, onaning tibbiy xizmatga yetishida, yoshning ish topishida, tadbirkorning erkin faoliyatida, shahar havosining tozarishida va fuqaroning davlatga ishonchida namoyon boʻlishi lozim.

Shundagina BRM Oʻzbekiston uchun tashqi hisobot emas, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining hayotiy mazmuniga aylanadi. Barqaror rivojlanishning asl maqsadi ham shu — raqamlarni emas, inson qadrini yuksaltirish.

Jahongir Isayev, "Barqaror rivojlanish markazi" NNT boʻlim boshligʻi