2026-yil 13-may kuni Toshkent shahrida «Peterburg muloqoti» forumining «Iqtisodiyot» ishchi guruhi doirasida «Katta Yevrosiyo, Rossiya va Yevropa mamlakatlarining savdo-iqtisodiy hamkorligi: chaqiriqlar va imkoniyatlar» mavzusida xalqaro forum boʻlib oʻtdi.
Xalqaro tadbirda Oʻzbekiston, Rossiya va Germaniyaning ilmiy-tahliliy markazlari, iqtisodiy institutlari, biznes va ekspert doiralari vakillari ishtirok etdi. Jumladan, Forumning «Iqtisodiyot» ishchi guruhi rahbariyati, VEB.RF, VEB Instituti, SPbDUning Toshkent filiali, Rossiya Fanlar akademiyasi, xalqaro ekspertlar, tadqiqotchilar hamda iqtisodiy hamkorlik va barqaror rivojlanish sohasi mutaxassislari oʻz fikr-mulohazalari bilan qatnashdi.
Forumning ikkinchi sessiyasi «Markaziy Osiyo mamlakatlarining barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorligi» mavzusiga bagʻishlandi. Unda yer, suv va inson resurslaridan samarali foydalanish, ekologik standartlarni uygʻunlashtirish, shahar muhiti sifatini yaxshilash, energetik oʻtish va "yashil" transformatsiya samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Sessiyada «Barqaror rivojlanish markazi» NNT vakili «Markaziy Osiyo mamlakatlarining barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorligi: resurslar, standartlar, texnologiyalar va jamoatchilik sherikligi» mavzusida kirish maʼruzasi bilan ishtirok etdi.
Maʼruzada Markaziy Osiyo uchun barqaror rivojlanish faqat ekologik kun tartibi emas, balki suv, yer, energiya, oziq-ovqat xavfsizligi, inson kapitali, shahar infratuzilmasi va mintaqaviy ishonch bilan bevosita bogʻliq strategik masala ekani taʼkidlandi.
Shuningdek, mintaqada suv — yer — energiya — oziq-ovqat — ekologiya — inson oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni inobatga olgan holda, hamkorlikni amaliy loyihalar, qoʻshma tahlillar, taʼlim dasturlari, pilot tashabbuslar va jamoatchilik muloqoti orqali rivojlantirish zarurligi qayd etildi.
«Barqaror rivojlanish markazi» barqaror rivojlanish maqsadlarini jamiyat uchun tushunarli qilish, mintaqaviy siyosatda inobatga olish va ularni amaliy takliflar hamda loyihalarga aylantirish yoʻlida ekspertlik, jamoatchilik muloqoti va xalqaro sheriklikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.