O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini mustahkamlash va ularning iqtisodiy faolligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar xalqaro darajada o‘z natijasini ko‘rsatib bormoqda. Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksi bo‘yicha 2026 yilgi hisobotida mamlakatimiz 190 ta davlat orasida 82,1 ball to‘plab, 43 pog‘onaga yuqoriladi va kuchli 50 talikdan o‘rin oldi. Ayniqsa, “Erkinlik”, “Oila”, “Mehnatga haq to‘lash”, “Bola parvarishi” hamda “Mulk va meros” yo‘nalishlari bo‘yicha maksimal — 100 ball natija qayd etildi. “Mehnat” indikatori 50 balldan 91,75 ballgacha, “Pensiya” ko‘rsatkichi esa 50 balldan 66,75 ballgacha oshdi. Shuningdek, O‘zbekiston barcha asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha jahon o‘rtacha darajasidan yuqori natijalarni namoyish etdi. “Yevropa va Markaziy Osiyo” mintaqasida ham o‘rtacha ko‘rsatkichlardan ustunlik qayd etildi. Iqtisodiy imkoniyatlari o‘xshash davlatlar bilan taqqoslaganda, huquqiy tenglik borasida qariyb 24 ballga ilgarilagani alohida e’tiborga molik.
Bu natijalar izchil olib borilgan islohotlar samarasidir. 2020 yilda O‘zbekiston xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik bo‘yicha muhim o‘zgarishlarni amalga oshirgan 27 ta davlat qatoridan joy oldi. Shundan keyin ko‘rsatkichlar bosqichma-bosqich yaxshilanib bordi: 2021–2023 yillarda indeks bo‘yicha 70,6 ball qayd etildi. 2024 yilda esa 82,5 ball bilan Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni qayd etdi.
2023 yil oktyabrdan 2025 yil oktyabrgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston gender tenglik yo‘nalishida faol islohotlar o‘tkazgan 68 ta davlat qatoriga kiritildi. Birgina “Tadbirkorlik” yo‘nalishida davlat xaridlari tizimiga gender tamoyillarini joriy etgan yetakchi 6 davlatdan biri sifatida e’tirof etildi.
Ushbu natijalar mamlakatimizda xotin-qizlar uchun teng huquqiy sharoit yaratish va ularning iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash borasida amaliy ishlar olib borilayotganini ko‘rsatadi.