Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Ayollar uchun alohida vagonlar: xavfsizlik va ijtimoiy madaniyat masalasi

13-03-2026 318

Dunyoning ayrim mamlakatlarida jamoat transportida ayollar xavfsizligini ta’minlash maqsadida faqat ayollar uchun mo‘ljallangan metro yoki poyezd vagonlari joriy qilingan. Masalan, Yaponiya metro tizimida “Women Only” vagonlari keng qo‘llaniladi. Bu vagonlar tirband soatlarda faol ishlatiladi va u yerda erkaklarning yurishi taqiqlanadi. Bunday tizimning joriy etilishiga sabab jamoat transportida ayollarga nisbatan jinsiy tajovuz holatlarining ko‘p uchrashi bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili Yaponiyada jamoat transportida ayollarga nisbatan tegajog‘lik qilgan minglab erkaklar qo‘lga olinadi. Shu sababli Tokio va boshqa yirik shaharlarda ayollar uchun alohida vagonlar tashkil etilgan. Shunga o‘xshash amaliyot Hindistonda ham mavjud. Ko‘plab poyezdlarda ayollar uchun maxsus vagonlar ajratilgan. Ayrim hollarda erkaklar ayollar vagonlariga o‘tishga hatto harakat ham qilmaydi va transport madaniyati shu tarzda shakllangan.                         

Braziliyaning Rio-de-Janeyro metro tizimida ham ayollar uchun alohida vagonlar mavjud. Bu vagonlar odatda pushti rang bilan ajratib ko‘rsatiladi va tirband paytlarda erkaklar uchun kirish cheklanadi. Ayrim stansiyalarda hatto qo‘riqchilar turib, ushbu qoidalarga rioya qilinishini nazorat qiladi. Bunga sabab jamoat transportida ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari kuzatilganidir.                     

Misr poytaxti Qohira metro tizimida ham ayollar uchun maxsus vagonlar mavjud. Ayrim arab mamlakatlarida esa jamoat transportida erkaklar va ayollar uchun alohida joylar ajratilishi odatiy hol hisoblanadi. Masalan, avtobuslarda old qismi ko‘pincha ayollar uchun mo‘ljallangan bo‘ladi.                         

Mutaxassislar bu tizimni faqat transport masalasi sifatida emas, balki jamoat xavfsizligi va ijtimoiy madaniyatni ta’minlash vositasi sifatida ham baholaydilar. Ayniqsa aholisi zich bo‘lgan yirik shaharlarda ayollar, qizlar va bolalarning jamoat transportida o‘zini xavfsiz his qilishi muhim omil hisoblanadi.                         

O‘zbekistonda ham metro va jamoat transportidan foydalanuvchilar soni yil sayin ortib bormoqda. Shu sababli kelajakda xalqaro tajribani o‘rganish, ayniqsa ayollar, bolalar va homilador ayollar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan shunday tashabbuslarni ko‘rib chiqish jamoat transportida xavfsizlik, hurmat va ijtimoiy madaniyat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin.                     

Madinabonu Sharifova Barqaror rivojlanish markazi bosh mutaxassisi