Kundalik xizmat faoliyatimiz taqozosi bilan ko‘p vaqtimiz yo‘lda o‘tadi. Gohida metro, ba’zan avtobus, shoshilinch hollarda esa ko‘pincha taksi xizmatidan foydalanamiz. Tabiiyki, shahar ko‘chalarida avtotransport vositalari oqimining tobora ortib borayotganiga har kuni guvoh bo‘lamiz. Bu esa jamoat transportining qulayligi, harakat xavfsizligi va tirbandliklarni kamaytirish masalalarini yanada dolzarblashtiradi.
26-noyabr — Butunjahon barqaror transport kuni munosabati bilan ushbu mavzuda Barqaror rivojlanish markazi bosh mutaxassisi Alisher Azizov bilan suhbatlashdik.
– Bugun shaharlarda jamoat transportini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi avtobuslar xarid qilinmoqda, metro tarmoqlari kengaymoqda, yo‘lovchilar oqimi ortmoqda. Transport tizimi rivojlanganini faqat shu ko‘rsatkichlar bilan baholash mumkinmi?
– Transport tizimining samaradorligini faqat avtobuslar soni yoki yo‘lovchilar oqimi bilan o‘lchash to‘g‘ri emas.Albatta,bu ko‘rsatkichlar sohadagi o‘zgarishlarni aks ettiradi. Biroq eng muhim mezon — transport xizmatlari inson hayotini qanchalik yengillashtirayotgani.
Masalan, fuqaro ishiga yoki o‘qish joyiga qancha vaqtda yetib boryapti? Avtobusni qancha vaqt kutayapti? Bir transport vositasidan boshqasiga o‘tish qanchalik qulay? Yo‘l haqi oila budjetiga qanchalik mos? Ana shu savollarga javob transport tizimining haqiqiy samaradorligini ko‘rsatadi.
Shu bois jamoat transportini rivojlantirishning keyingi bosqichida miqdoriy ko‘rsatkichlar bilan bir qatorda xizmat sifati,muntazamligi va aholining qoniqish darajasini baholashga ham alohida e’tibor qaratish zarur.
– O‘zbekistonda so‘nggi yillarda jamoat transporti sohasida sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi. Poytaxt va viloyat markazlariga ko‘plab yangi avtobus va elektrobuslar olib kelindi. Endigi asosiy vazifa nimadan iborat, deb o‘ylaysiz?
– Jamoat transporti xizmatlari ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Endi asosiy vazifa mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va xizmatlar sifatini oshirishdan iborat.
Masalan, avtobuslar soni yetarli bo‘lsa-da, ularning harakat jadvaliga rioya etilmasligi yo‘lovchilar uchun noqulaylik tug‘diradi. Bir avtobusning kechikishi keyingi qatnovlar oralig‘idagi muvozanatni buzishi mumkin.
Bu borada elektron to‘lovlar va GPS ma’lumotlarini birgalikda tahlil qilish muhim. Ushbu ma’lumotlar orqali yo‘lovchilar oqimi yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarni, avtobuslar yetishmayotgan hududlarni va kechikishlar sabablarini aniqlash mumkin. Natijada mavjud transport vositalarini ehtiyojga qarab oqilona taqsimlash imkoniyati paydo bo‘ladi.
– Toshkent shahrida tirbandlik va gavjum vaqtlarda jamoat transportining tig‘izligi aholi uchun dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu borada xorijiy davlatlar tajribasidan qanday foydalanish mumkin?
– Bu masalada Janubiy Koreyaning Seul shahri tajribasi e’tiborga molik. U yerda metro yo‘nalishlaridagi yo‘lovchilar oqimi bekatlar va vaqt kesimida tahlil qilinib, eng gavjum yo‘nalishlarda qo‘shimcha qatnovlar tashkil etilgan.
Masalan, Seul metropolitenining 4-yo‘nalishida poyezdlarning eng yuqori bandlik darajasi 2023-yildagi 190,4 foizdan 2025-yil oxirida 143,6 foizga pasaygan.
Toshkent metropolitenida ham shunday yondashuvni qo‘llash mumkin. Ya’ni, poyezdlar harakat oralig‘ini faqat belgilangan jadval asosida emas, balki yo‘lovchilar oqimi va bandlik darajasini hisobga olgan holda belgilash maqsadga muvofiq. Bu yo‘lovchilarning kutish vaqtini qisqartirish va tig‘izlikni kamaytirishga xizmat qiladi.
– Ko‘pincha jamoat transportidan foydalanuvchilar soni asosiy ko‘rsatkich sifatida qaraladi. Ammo ayrim mahallalarda yo‘lovchilar soni kam bo‘lsa, bu haqiqatan ham transportga ehtiyoj pastligini anglatadimi?
– Har doim ham emas. Ba’zi mahallalarda avtobuslar kam qatnashi, yo‘nalishlar noqulayligi yoki transport tarmoqlarining asosiy manzillar bilan yetarlicha bog‘lanmagani sababli aholi jamoat transportidan kamroq foydalanishi mumkin.
Shuning uchun yo‘lovchilar sonini tahlil qilishda mavjud xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini ham hisobga olish zarur. Masalan, mahallalarning transport bilan ta’minlanganlik darajasini, ish joylari, ta’lim muassasalari va tibbiyot tashkilotlariga yetib borish uchun ketadigan vaqtni o‘rganish mumkin.
Bu ma’lumotlarni elektron xaritada aks ettirish orqali transport xizmati yetarli bo‘lmagan hududlarni aniqlash va yangi yo‘nalishlarni tashkil etishda aniq mezonlarga tayanish imkoniyati yaratiladi.
– O‘zbekistonda barqaror transport tizimini shakllantirish uchun kelgusida qaysi vazifalarga ustuvor ahamiyat qaratish lozim?
– Menimcha, birinchi navbatda, transport siyosatining markazida inson manfaatlari turishi kerak. Buning uchun bir nechta yo‘nalish muhim ahamiyatga ega.
Birinchidan, jamoat transportining tezligi, muntazamligi va qulayligini oshirish zarur. Ikkinchidan, shahar atrofidagi temir yo‘l, metro va avtobus tarmoqlarini o‘zaro integratsiya qilish lozim. Uchinchidan, mahallalarning transport bilan ta’minlanganlik darajasini muntazam baholab borish kerak.
Shu bilan birga, jamoatchilik fikrini o‘rganish, aholining taklif va murojaatlariga o‘z vaqtida munosabat bildirish ham muhim. Chunki transport tizimidan har kuni foydalanadigan insonlar uning qaysi jihatlari qulay yoki noqulay ekanini yaxshi biladi.
Eng muhimi, barqaror transportni rivojlantirishni faqat yangi avtobuslar xarid qilish yoki yo‘l infratuzilmasini kengaytirish bilan cheklamaslik kerak. Uning asosiy natijasi insonning tejalgan vaqti, kamaygan xarajatlari, salomatligi va yashash muhiti sifati yaxshilanishida namoyon bo‘lishi lozim.
https://uza.uz/uz/posts/26-noyabr-butunzhahon-barqaror-transport-kuni_944657