Ta’lim — inson kapitali rivoji, jamiyat taraqqiyoti va barqaror kelajakni ta’minlashning asosiy strategik omillaridan biridir. BMT Bosh Assambleyasining 2018 yil 3 dekabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 24 yanvar – Xalqaro ta’lim kuni sifatida belgilanishi ta’limning tinchlikni mustahkamlash, ijtimoiy tenglikni ta’minlash va innovatsion taraqqiyotga xizmat qilishdagi o‘rnini xalqaro miqyosda e’tirof etishga qaratilgan.
Zamonaviy sharoitda ta’lim nafaqat bilim berish vositasi, balki shaxsning tanqidiy fikrlash, ijtimoiy mas’uliyat va global fuqarolik kompetensiyalarini shakllantiruvchi muhim mexanizm sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, Barqaror rivojlanish maqsadlarining 4-maqsadi— sifatli, inklyuziv va teng ta’limni ta’minlash — har bir mamlakat uchun ustuvor vazifa hisoblanadi.
Xalqaro ta’lim kuni ta’lim sohasida innovatsion yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlash, raqamli transformatsiyani jadallashtirish, ta’limda teng imkoniyatlarni ta’minlash va umrbod ta’lim tamoyillarini qaror toptirish zarurligini yana bir bor yodga soladi.