Barqaror rivojlanish markazi 

Sayt sinov rejimida ishlamoqda
  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

15 daqiqalik mutolaa: kitobxonlikni kundalik odatga aylantirish

22-09-2026 24

    Telefonda bir xabarni o‘qish uchun kirib, yarim soat o‘tganini sezmay qolamiz. Kitobga esa “vaqt topolmayapman” deymiz.    Singapur    shu ziddiyatga oddiy yechim taklif qildi: har kuni kamida 15 daqiqa mutolaa qilish.

    Mamlakatning Milliy kutubxona kengashi    2026-yil sentyabrda ReadSG dasturini boshladi.Ishtirokchi o‘qigan vaqtini davlat platformasida qayd etadi; har bir kunlik mashg‘ulot uchun virtual tangalar oladi.    50 marta 15 daqiqadan    kitob o‘qish    bir Singapur dollariga teng    mukofot beradi. Mablag‘ juda kichik. Dasturning asosiy g‘oyasi ham daromad emas — insonni kitobni qo‘lga olishga undash va bu harakatni odatga aylantirishdir. Hozircha tashabbus sinov bosqichida, shuning uchun uning kitobxonlikka ta’siri haqida yakuniy xulosa chiqarishga erta.

    O‘zbekistonda bu tajribani mavjud    Mutolaa    loyihasi bilan bog‘lash mumkin.    Yoshlar ishlari agentligi va Xalq banki    tashkil etgan platformada elektron kitob o‘qish va audiokitob tinglash mumkin. Ilovada kunlik natijani ko‘rsatuvchi    “Marra”    bo‘limi, o‘qish va tinglash vaqtini hisoblash imkoniyati ham bor. Shu asosda 15 daqiqalik mutolaani rag‘batlantiruvchi sinovni yo‘lga qo‘yish mumkin.

    Masalan, Mutolaa jamoasi va kutubxonalar hamkorligida bir shahar va bir tumanda uch oylik dastur o‘tkaziladi. Ishtirokchi kitobni o‘zi tanlaydi, “Marra” bo‘limida esa kunlik natijasini kuzatadi. Sinovda kitob o‘qish va audiokitob tinglash daqiqalari alohida hisoblansa, har ikki yo‘nalishning natijasini baholash osonlashadi. Smartfondan foydalanmaydiganlar bosma kitob bilan qatnashishi uchun kutubxonalarda sodda qayd tartibi belgilanadi.

    Muntazam ishtirok etganlarga homiylar ko‘magida kitob, kitob do‘koni uchun chegirma yoki    Mutolaa Premium’ning    bir oylik obunasini taqdim etish mumkin. Bu hozir amal qilayotgan mukofot tartibi emas, sinov dasturi uchun taklif. Mukofot kitobxonni yana kitob ochishga va mutolaani davom ettirishga undasa, o‘z maqsadiga xizmat qilgan bo‘ladi.

    Loyihaning samarasi o‘qilgan daqiqalarda emas, mutolaa odatga aylanganida ko‘rinadi. Bir necha oydan keyin ham ishtirokchilar kitob o‘qishni davom ettirsa, kutubxonaga qayta kelsa, demak, kichik rag‘bat o‘z vazifasini bajargan bo‘ladi. Bu    BRMning 4-maqsadi — “Sifatli ta’lim”    sari amaliy qadamdir.

    Alisher Azizov,

    “Barqaror rivojlanish markazi” NNT bosh mutaxassisi