Bugun insoniyat iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq yangi voqelikka duch kelmoqda. Kechagina uzoq kelajakning muammosidek tuyulgan global isish, qurg‘oqchilik va suv tanqisligi bugun millionlab insonlarning kundalik hayotiga bevosita taʼsir ko‘rsatmoqda. Havo haroratining ko‘tarilishi, tabiiy ofatlarning ko‘payishi, cho‘llanish va suv resurslarining kamayishi endi faqat ekologlarni emas, balki butun jamiyatni o‘ylantirayotgan masalaga aylandi.
Chunki iqlim o‘zgarishining oqibatlari tabiat bilan cheklanib qolmaydi. U inson salomatligi, iqtisodiy barqarorlik, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligiga bevosita daxl qiladi. Shu maʼnoda, global iqlim chaqiriqlariga qarshi kurashish faqat davlatlar va xalqaro tashkilotlarning vazifasi emas, balki har bir jamiyat, har bir hudud va har bir insonning umumiy masʼuliyatidir.
2026 yil 20 avgust kuni Barqaror rivojlanish markazi Toshkent viloyati bo‘linmasi, Yuqori Chirchiq tumani hokimligi hamda tuman mahalla uyushmasi hamkorligida Barqaror rivojlanish oyligi doirasida “Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda mahallaning o‘rni” mavzusida jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.
Unda davlat muassasalari xodimlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, faollar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Bugungi kunda jamoatchilik eshituvlari davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va aholi o‘rtasidagi ochiq muloqotni taʼminlashning muhim mexanizmlaridan biri hisoblanadi.
Bunday muloqot maydonlari aholini qiziqtirayotgan masalalarni muhokama qilish, mavjud muammolar yuzasidan turli fikr va takliflarni eshitish, mutaxassislar va jamoatchilik nuqtai nazarini birlashtirishga xizmat qiladi.
Аyniqsa, iqlim o‘zgarishi kabi global muammolarni mahalliy darajada muhokama qilish muhim. Chunki global iqlim jarayonlarining taʼsiri har bir hudud, har bir mahalla va har bir oilaning hayotida namoyon bo‘lmoqda.
Jamoatchilik eshituvlari ana shu global chaqiriqlarni aholi hayoti bilan bog‘lash, fuqarolarning ekologik xabardorligi va masʼuliyatini oshirish, mahalliy muammolarni aniqlash hamda ularning yechimi bo‘yicha amaliy tashabbuslarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Shu maʼnoda, bunday muloqotlar faqatgina muammoni muhokama qilish bilan cheklanmaydi. Ular jamoatchilikning qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish, fuqarolarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va davlat hamda jamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun ham muhimdir.
Global muammo — mahalliy harakatdan boshlanadi
Tadbirda Barqaror rivojlanish markazi eksperti Shodiyor Аzizov so‘zga chiqib, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mahallaning o‘rni va iqlim o‘zgarishining aholi hayoti hamda mamlakat iqtisodiyotiga ko‘rsatayotgan taʼsiri haqida fikr bildirdi.
Taʼkidlanganidek, iqlim o‘zgarishi bugun nafaqat ekologik, balki keng qamrovli ijtimoiy va iqtisodiy muammoga ham aylanmoqda. Havo haroratining ko‘tarilishi, qurg‘oqchilik, suv resurslarining qisqarishi va cho‘llanish jarayonlarining kuchayishi qishloq xo‘jaligi, aholi salomatligi va oziq-ovqat xavfsizligiga bevosita taʼsir ko‘rsatmoqda.
So‘nggi o‘n yilliklarda O‘zbekistonda ham iqlim o‘zgarishining taʼsiri tobora yaqqol sezilmoqda. Аyniqsa, Orolbo‘yi hududlarida ekologik muammolar va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq jarayonlar jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.
Tog‘lardagi muzliklarning qisqarishi va bug‘lanish jarayonlarining kuchayishi Аmudaryo va Sirdaryo havzalaridagi suv resurslariga bosimni oshirmoqda. Bu esa kelgusida suv tanqisligi muammosini yanada dolzarblashtirishi mumkin.
Shu munosabat bilan suv va energiya resurslaridan oqilona foydalanish, ekologik madaniyatni yuksaltirish, chiqindilar bilan to‘g‘ri muomala qilish va yashil hududlarni kengaytirish har bir hudud uchun muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish davlat dasturlari va yirik loyihalar bilan bir qatorda, eng quyi bo‘g‘in — mahalla darajasidagi amaliy harakatlarga ham bog‘liq.
Mahalla aholining kundalik hayoti, ehtiyoj va muammolarini yaxshi biladigan, jamoatchilik tashabbuslarini birlashtira oladigan muhim ijtimoiy institutdir.
Shu nuqtai nazardan, mahallalar ekologik madaniyatni oshirish, aholini suv va energiyani tejashga chaqirish, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish hamda yoshlarda tabiatga masʼuliyatli munosabatni shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.
“Global muammolar — mahalliy harakatdan boshlanadi” degan tamoyil bugun har qachongidan ham dolzarb. Bir mahalladagi suvni tejash madaniyati, bir hududdagi ko‘kalamzorlashtirish tashabbusi yoki yoshlar o‘rtasidagi ekologik targ‘ibot katta maqsadlarga erishish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonning “yashil” taraqqiyot sari qadamlari
Jamoat eshituvida O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va ularga moslashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ham maʼlumot berildi.
Jumladan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yashil hududlarni kengaytirish, Orol dengizining qurib qolgan hududlarida saksovulzorlar barpo etish, shahar va qishloqlarda ko‘kalamzorlashtirish ishlarini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, quyosh va shamol elektr stantsiyalarini barpo etish, qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalardan samarali foydalanish mamlakatning «yashil» taraqqiyot strategiyasidagi muhim yo‘nalishlardan hisoblanadi.
Tadbir ishtirokchilariga iqlim o‘zgarishining suv resurslari, qishloq xo‘jaligi, energetika, aholi salomatligi va ekologik barqarorlikka ko‘rsatayotgan taʼsiri haqida atroflicha maʼlumot berildi.
Taklif va tashabbuslar ilgari surildi
Jamoatchilik eshituvi davomida mahalla raislari va faollari ham o‘z fikr va takliflarini bildirdi.
Uchko‘rg‘on mahallasi raisi Jahongir Mahmudov hududlarda yashil energetika texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, zamonaviy raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan ekologik muammolarni hal etishda samarali foydalanish muhimligini taʼkidladi.
Fayziobod mahallasi raisi Mamatali Аvazov Orolbo‘yi muammolari, mintaqada ekologik muvozanatni tiklash va suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirdi.
Muhokamalar davomida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, aholining ekologik masʼuliyatini oshirish, yashil hududlarni ko‘paytirish, suv va energiya resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish kabi masalalar yuzasidan qator takliflar ilgari surildi.
Fuqarolar ishtiroki — barqaror kelajak garovi
Tadbir yakunida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va aholi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Jamoatchilik eshituvida bildirilgan fikr va takliflar aholini qiziqtirayotgan masalalarni o‘rganish, mahalliy muammolarga jamoaviy yechim izlash va yangi tashabbuslarni shakllantirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, bunday muloqotlar fuqarolarning ekologik va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish hamda mahalla institutining jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Chunki barqaror kelajak faqat qabul qilinadigan qarorlarga emas, balki ularning hayotga tatbiq etilishida har bir insonning ishtiroki va masʼuliyatiga ham bog‘liq.
Yuqori Chirchiq tumanida o‘tkazilgan mazkur jamoatchilik eshituvi ham global iqlim chaqiriqlariga mahalliy darajada munosabat bildirish, aholining fikr va tashabbuslarini o‘rganish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida davlat va jamiyat hamkorligini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.