So‘nggi yillarda O‘zbekistonda inson kapitalini rivojlantirish, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayonlar samaradorligini baholashda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) muhim konseptual va metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi. Ayniqsa, sifatli ta’lim (4-BRM), munosib mehnat va iqtisodiy o‘sish (8-BRM) hamda tengsizlikni kamaytirish (10-BRM) maqsadlari yangi qabul qilinayotgan yoshlar strategiyasi bilan bevosita uyg‘unlik kasb etadi.
2026 yil 20 aprel kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahbarligida sohani 2030 yilgacha rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli rejalar muhokama qilindi. Taqdim etilgan ma’lumotlar mamlakat aholisining qariyb 25 foizini tashkil etuvchi 9,5 million nafar yoshlar bilan ishlashda tizimli va uzoq muddatli yondashuv shakllanayotganini ko‘rsatadi. Mazkur strategiya sohadagi institutsional islohotlarni, jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 79-moddasida mustahkamlangan yoshlar huquqlarini amalda ta’minlashning muhim mexanizmi hisoblanadi.
Qayd etilganidek, strategiya doirasida yoshlar bandligini ta’minlash eng ustuvor vazifa etib belgilangan. Xususan, har yili 600 ming nafar yoshni ish bilan ta’minlash, “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi orqali 20 ming yoshni nufuzli xalqaro ta’lim muassasalari (Garvard, MIT va b.) metodikasi asosida o‘qitish rejalashtirilgan. Bu ko‘rsatkichlar mehnat bozorida raqobatbardoshlikni oshirish va mamlakatning innovatsion salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Iqtisodiy rag‘batlantirish bilan bir qatorda ta’lim va professional rivojlanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2030 yilga qadar 450 ming yoshning chet tillari bo‘yicha bilimini B2 darajasiga olib chiqish va chekka hududlardagi o‘quv markazlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 300 million so‘mgacha ssuda ajratilishi intellektual hududiy rivojlanishni ta’minlaydi. Shuningdek, ijtimoiy faollikni oshirish maqsadida 900 ming yoshni volontyorlikka jalb etish va volontyorlik jamg‘armasidan 100 million so‘mgacha grantlar ajratilishi fuqarolik jamiyatini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Strategiyada yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash va salomatlikni muhofaza qilish masalalari ham qamrab olingan. Har yili 10 mingta yosh oilani ipoteka orqali uy-joy bilan ta’minlash hamda ruhiy xavf guruhiga kiruvchi yoshlar ulushini 40 foizga kamaytirish bo‘yicha psixologik ko‘mak tizimining yo‘lga qo‘yilishi ijtimoiy barqarorlikning asosiy omilidir. Xalqaro hamkorlik yo‘nalishida esa 100 ming nafar yoshning global dasturlardagi ishtirokini ta’minlash O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvini tezlashtiradi.
Shu nuqtayi nazardan, “Yoshlar – 2030” strategiyasida barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun ta’lim sifati, iqtisodiy imkoniyatlar va ijtimoiy himoya o‘rtasida muvozanatni saqlash ustuvor ahamiyatga ega. Yoshlarning ehtiyojlarini tizimli o‘rganish maqsadida Milliy yoshlar indeksining joriy etilishi esa qabul qilinayotgan chora-tadbirlarning shaffofligi va obyektivligini ta’minlaydi. Mazkur vazifalarning izchil ijrosi strategiyada rejalashtirilgan ko‘rsatkichlarga erishish va yosh avlodning Yangi O‘zbekiston poydevorini barpo etishdagi ishtirokini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqadi. Shu bilan birga, yoshlar siyosatini BRM indikatorlari asosida muntazam baholash xalqaro tajriba orqali qiyosiy tahlil qilish milliy strategiyalarni takomillashtirishda mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.