Visual Capitalist platformasi tomonidan 2026 yilda e’lon qilingan tahlilga ko‘ra, jahon iqtisodiyotini mamlakatlarning xarid qobiliyati pariteti (XQP) asosida taqqoslash global iqtisodiy kuchlar muvozanatini yanada aniqroq namoyon etadi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026 yilda jahon iqtisodiyoti hajmi XQP ko‘rsatkichi bo‘yicha taxminan 219 trln. dollar atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda. Ushbu yondashuv mamlakatlar iqtisodiy salohiyatini faqat nominal yalpi ichki mahsulot orqali emas, balki ichki bozordagi narxlar darajasi va aholining real xarid qobiliyatini hisobga olgan holda baholash imkonini beradi.
Mazkur reytingda jahon iqtisodiyotidagi top-10 mamlakatlar quyidagi tartibda joylashgan. Xususan, XQP hisobida Xitoy 43,5 trln. dollar, AQSH 31,8 trln. dollar, Hindiston 19,1 trln. dollar, Rossiya 7,3 trln. dollar, Yaponiya 6,9 trln. dollar, Germaniya 6,3 trln. dollar, Indoneziya 5,4 trln. dollar, Braziliya 5,2 trln. dollar, Fransiya 4,7 trln. dollar va Buyuk Britaniya 4,6 trln. dollar bilan prognoz qilingan.
Shu bilan birga, Osiyo davlatlari global iqtisodiy tizimda tobora muhim o‘rin egallamoqda. Hozirgi kunda Osiyo mintaqasi jahon iqtisodiyoti hajmining qariyb 49 foizini ta’minlab, xalqaro savdo va sanoat ishlab chiqarishining asosiy markazlaridan biriga aylangan.
Markaziy Osiyo mintaqasidagi iqtisodiy dinamika nuqtayi nazaridan O‘zbekiston ham xalqaro reytingda barqaror o‘rin egallamoqda. 2026 yil baholashlariga ko‘ra, mamlakat yalpi ichki mahsuloti XQP hisobida 511 mlrd. dollarni tashkil etib, jahon iqtisodiyoti reytingida 55-o‘rinni egallagan. Bu ko‘rsatkich O‘zbekiston iqtisodiyotini ayrim Yevropa davlatlari bilan bir qatorga olib chiqmoqda. Xususan, reytingda mamlakat Portugaliya 556 mlrd. dollar, Daniya 529 mlrd. dollar va Gretsiya 485 mlrd. dollar iqtisodiyotlari bilan yaqin o‘rinlarda joylashgan.
Mazkur natijalar O‘zbekiston iqtisodiyotining so‘nggi yillarda namoyon bo‘layotgan barqaror o‘sish tendensiyalarini aks ettiradi. Xususan, sanoatni modernizatsiya qilish, infratuzilmani rivojlantirish, tashqi savdo aloqalarini diversifikatsiya qilish va investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan islohotlar mamlakatning xalqaro iqtisodiy maydondagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Xarid qobiliyati pariteti asosidagi bunday ko‘rsatkichlar esa O‘zbekiston ichki bozorining real iqtisodiy salohiyatini, aholining iste’mol imkoniyatlarini hamda iqtisodiy o‘sish uchun mavjud imkoniyatlarni nisbatan aniqroq aks ettiradi.