2026-yil 28-oktyabr kuni Xalqaro barqaror rivojlanish instituti (International Institute for Sustainable Development — IISD)ning SDG Knowledge Hub axborot-tahliliy platformasida Barqaror rivojlanish markazi bo‘lim boshlig‘i Jahongir Isayevning «ISO/UNDP 53001 standarti O‘zbekistonda BRM bo‘yicha qarorlar samaradorligini qanday oshirishi mumkin?» (How ISO/UNDP 53001 Can Improve SDG Decisions in Uzbekistan) nomli tahliliy maqolasi chop etildi.
Maqolada Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) amalga oshirishda monitoring natijalaridan samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun foydalanish masalalari, shuningdek, yangi ISO/UNDP 53001:2026 xalqaro standartining O‘zbekiston uchun amaliy ahamiyati tahlil qilingan.
Muallif O‘zbekistonda BRM ijrosini ta’minlash bo‘yicha shakllangan milliy institutsional mehanizmlar, statistik monitoring tizimi hamda 2020 va 2023-yillarda BMTga taqdim etilgan Ixtiyoriy milliy hisobotlar tajribasiga alohida e’tibor qaratgan.
Tahlilda 2026-yil 28-sentyabrda ISO va BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) tomonidan taqdim etilgan ISO/UNDP 53001 standarti milliy maqsadlarni tashkilotlar faoliyati, aniq mas’uliyat, natijadorlik ko‘rsatkichlari va amaliy boshqaruv qarorlari bilan yanada mustahkam bog‘lash imkonini berishi ta’kidlangan.
Maqolada ushbu yondashuvni O‘zbekiston sharoitida sinovdan o‘tkazish yuzasidan uchta amaliy taklif ilgari surilgan. Jumladan, vazirlik, hududiy hokimlik va davlat ishtirokidagi korxona faoliyatini qamrab oluvchi 12 oylik ixtiyoriy pilot loyihani tashkil etish, monitoring natijalarini tegishli boshqaruv choralari bilan bog‘lash hamda erishilgan natijalarni jamoatchilik ishtirokida baholash taklif qilingan.
Shuningdek, suv tegovchi texnologiyalar misolida BRM 6, BRM 7 va BRM 8 o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, institutsional hisobdorlikni kuchaytirishda BRM 16 hamda hamkorlik mehanizmlarini rivojlantirishda BRM 17ning ahamiyati ochib berilgan.
Muallifning xulosasiga ko‘ra, BRM bo‘yicha taraqqiyotning keyingi bosqichida asosiy vazifa faqat yangi ko‘rsatkichlar yoki hisobotlarni shakllantirish emas, balki mavjud ma’lumotlar asosida qabul qilinayotgan qarorlarning aniq ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik natijalarini ta’minlashdan iborat.
Maqolaning xalqaro platformada e’lon qilinishi O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish tajribasi va milliy boshqaruv tizimini takomillashtirishga qaratilgan ekspert takliflarini xalqaro auditoriyaga yetkazish imkonini beradi.
Maqolaning to‘liq matni (ingliz tilida): https://sdg.iisd.org/commentary/guest-articles/how-isoundp-53001-can-improve-sdg-decisions-in-uzbekistan/