Nobel mukofoti sovrindori Klaudiya Goldin olib borgan tadqiqot butun dunyoda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘libdi. Unga ko‘ra, tug‘ilish darajasining pasayishi iqtisodiy inqiroz yoki demografik jarayonlar emas, balki ayollarning mustaqilligi oshgani bilan bog‘liq. Ya’ni, ta’lim, kasbiy o‘sish va shaxsiy qaror qabul qilish imkoniyati kengaygan sari, ayollar tug‘ilishni kechiktiryapti yoki farzand sonini kamaytiryapti.
Tadqiqotda ta’kidlanishicha, bu holatning asosiy sababi «tarkibiy to‘siqlar», ya’ni oiladagi majburiyatlarning teng taqsimlanmasligi va davlat tomonidan bolalarni parvarish qilishga oid kafolatlarning yetishmasligi. Masalan, Yaponiya yoki Janubiy Koreya kabi mamlakatlarda ayollar uy ishlariga erkaklarga nisbatan kuniga 3 soat ko‘proq vaqt sarflaydi. Bu esa ish va oila o‘rtasidagi muvozanatni buzadi, natijada ko‘p ayollar farzand sonini kamaytirish yoki umuman onalikni kechiktirishni afzal ko‘radi.
Shvetsiya, Daniya kabi davlatlarda esa ahvol boshqacha. Bola parvarishi bo‘yicha davlat qo‘llab-quvvatlovi kuchli, ota-onalarning mas’uliyati teng taqsimlangan. Natijada bu mamlakatlarda tug‘ilish darajasi yuqoriroq, ayollar mehnat bozorida ham faol.
Bu masalada aybdor ayollar emas, balki tizimning o‘zi deb o‘ylayman. Ayollar mustaqil bo‘lyapti, bu degani jamiyat rivojlanyapti. Lekin agar davlat va erkaklar bu o‘zgarishga tayyor bo‘lmasa, oilalarda muvozanat buzilishi tabiiy. Haqiqiy yechim ayollarning imkoniyatlarini cheklash emas, balki ularni qo‘llab-quvvatlaydigan ijtimoiy tizim yaratish. Shundagina mustaqillik va oila baxti bir-biriga zid emas, balki uyg‘un tushunchaga aylanadi.