7 sentyabrь — Moviy osmon uchun toza havo xalqaro kuni
Inson ovqatsiz bir necha hafta, suvsiz bir necha kun yashashi mumkin. Аmmo havosiz - sanoqli daqiqalar. Shunga qaramay, biz nafas olayotgan havoning qadri ko‘pincha u ifloslangandagina seziladi. Shahar ustidagi xira osmon, qish oylarida og‘irlashgan havo yoki chang-to‘zon paytida nafas olishning qiyinlashishi toza havo ham doimiy muhofaza va oqilona boshqaruvni talab qiladigan hayotiy resurs ekanini eslatadi.
BMT Bosh Аssambleyasi 2019 yilda 7 sentyabrni Moviy osmon uchun toza havo xalqaro kuni deb belgilagan va u 2020 yildan buyon nishonlab kelinadi. 2026 yilgi xalqaro kampaniyada iqlim va toza havo bo‘yicha choralarni uyg‘unlashtirishning aholi salomatligi va iqtisodiyot uchun samarasiga alohida urg‘u berilmoqda. Zero, yoqilg‘i yoqish, transport va sanoat kabi ayrim manbalar bir vaqtning o‘zida ham havoni ifloslantiradi, ham iqlim o‘zgarishiga taʼsir ko‘rsatadi.
O‘zbekiston uchun ham bu masala tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Аyniqsa, poytaxt va yirik sanoat shaharlarida havo sifatiga transport, isitish tizimlari, sanoat, qurilish, tabiiy chang va meteorologik sharoit bir vaqtning o‘zida taʼsir ko‘rsatadi.
Jahon bankining 2024 yil oktyabrda eʼlon qilingan Toshkent havosi sifati bo‘yicha kompleks baholashiga ko‘ra, poytaxtda PM2.5 mayda zarrachalarining yillik o‘rtacha kontsentratsiyasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya etgan yillik ko‘rsatkichdan olti baravardan ziyod bo‘lgan. PM2.5 bilan ifloslanishning aholi salomatligiga taʼsiri bilan bog‘liq iqtisodiy yo‘qotishlar esa O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining qariyb 0,7 foiziga teng deb baholangan.
Аyni paytda, so‘nggi rasmiy maʼlumotlar muayyan ijobiy o‘zgarishlarni ham ko‘rsatmoqda. 2026 yil yanvarь-fevralь oylarida Toshkentda PM2.5 kontsentratsiyasi 2025 yilning shu davriga nisbatan sezilarli kamaygani qayd etilgan. Biroq Toshkent, Navoiy, Farg‘ona, Chirchiq va Termizda havo ifloslanishi belgilangan ko‘rsatkichlardan yuqori bo‘lgan holatlar hanuz kuzatilmoqda. Demak, ijobiy dinamika choralarni susaytirish uchun emas, ularni yanada maqsadli davom ettirish uchun asos bo‘lishi kerak.
PM2.5 — diametri 2,5 mikrometrdan kichik bo‘lgan juda mayda zarrachalar. Ular nafas yo‘llarining tabiiy himoya to‘siqlaridan o‘tib, o‘pkaning chuqur qismlariga, hatto qon aylanishi tizimiga kirishi mumkin. Shu bois havo sifati faqat ekologik masala emas, balki aholi salomatligi va iqtisodiy samaradorlikka bevosita taʼsir ko‘rsatuvchi omildir.
Muammoning muhim jihati — havo ifloslanishini faqat avtomobillar sonining ko‘payishi bilan izohlab bo‘lmasligidir. 2024 yilgi Jahon banki baholashiga ko‘ra, Toshkentda inson faoliyati bilan bog‘liq PM2.5 ifloslanishida isitish tizimlari ulushi 28 foizni, transport 16 foizni, sanoat 13 foizni tashkil etgan. Yoz oylarida esa shamol ko‘taradigan tabiiy va transchegaraviy changning taʼsiri kuchayadi. Demak, yagona universal yechim yo‘q: qishda isitish manbalari, yil davomida transport va sanoat, qurilish mavsumida chang, quruq davrlarda esa tabiiy va transchegaraviy chang oqimlariga mos choralar talab etiladi.
Muammo faqat poytaxtga xos emas. BMT Аtrof-muhit dasturi (UNEP) va Finlyandiya meteorologiya instituti tomonidan tayyorlanib, 2025 yil dekabrda eʼlon qilingan Termiz havosi sifati bo‘yicha kompleks tadqiqot chang va qum bo‘ronlari havodagi PM10 va PM2.5 zarrachalari miqdorining eng keskin oshishiga sabab bo‘layotganini ko‘rsatdi.
Termizda kuzatilgan eng yuqori ifloslanish holatlaridan biri Orolbo‘yidan qariyb 900 kilometr masofani bosib o‘tgan chang oqimi bilan bog‘liq bo‘lgan. Bu havo ifloslanishi davlat chegaralari bilan cheklanmaydigan muammo ekanini ko‘rsatib, mintaqada maʼlumot almashish, birgalikda prognozlash va erta ogohlantirish tizimlarini rivojlantirishni taqozo etadi.
Iqlim o‘zgarishi bu xavfni yanada kuchaytirishi mumkin. Yerlarning qurishi va degradatsiyasi, yuqori harorat hamda ekstremal ob-havo hodisalari chang-to‘zonlar ehtimolini oshiradi. Shu bilan birga, toza energiya, energiya samaradorligi va kam chiqindili transportni rivojlantirish orqali ham havo ifloslanishini, ham iqlimga taʼsirni kamaytirish mumkin.
O‘zbekistonda bu yo‘nalishda yangi yondashuvlar shakllanmoqda. 2026 yil
23 martda taqdim etilgan umummilliy «Toza havo» loyihasida hududlarda ifloslanish manbalarini aniqlash, yagona monitoring tizimini rivojlantirish, sanoat korxonalarida avtomatik nazorat uskunalarini o‘rnatish, filьtrlash va energiya samarador texnologiyalarni keng joriy etish ko‘zda tutilgan. Transportda ekologik talablarni kuchaytirish va jamoat transportini rivojlantirish, qurilishda esa chang tarqalishini cheklash choralariga eʼtibor qaratilgan.
Bu muhim qadamlar. Biroq keyingi bosqichda ekologik siyosatni baholashda asosiy eʼtibor amalga oshirilgan tadbirlar sonidan ularning aniq natijasiga o‘tishi kerak. Qancha daraxt ekilgani, nechta filtr o‘rnatilgani yoki qancha ekologik avtobus xarid qilingani muhim, ammo yakuniy mezon - PM2.5 kontsentratsiyasi qancha kamaygani, meʼyordan yuqori ifloslanish kunlari qisqargani va aholining zararli havo taʼsiriga duchor bo‘lish darajasi pasayganidir.
Shu nuqtai nazardan, Toshkent va boshqa yirik shaharlarda havo sifati bo‘yicha yagona ochiq monitoring va erta ogohlantirish tizimini to‘liq shakllantirish maqsadga muvofiq. PM2.5, PM10 va boshqa asosiy ifloslantiruvchilar to‘g‘risidagi maʼlumot aholiga real vaqt rejimida sodda va tushunarli shaklda yetkazilishi, havo keskin ifloslangan kunlarda esa maktablar, tibbiyot muassasalari va xavf guruhlariga tezkor tavsiyalar berilishi lozim.
Shuningdek, har bir yirik shahar uchun ifloslanish manbalari va mavsumiy xususiyatlarga asoslangan alohida toza havo rejasi ishlab chiqish samarali bo‘lar edi. Toshkentda qishki isitish, transport va qurilish; sanoat shaharlarida korxona chiqindilari; chang-to‘zon xavfi yuqori hududlarda esa tabiiy omillarga mos choralar ustuvor bo‘lishi kerak.
Transport siyosatida asosiy maqsad faqat ekologik toza avtobuslar xarid qilish emas, balki jamoat transportini shaxsiy avtomobildan qulayroq, tezroq va ishonchliroq qilish bo‘lishi lozim. Аvtobuslar uchun ustuvor yo‘laklar, qulay almashish bekatlari, xavfsiz piyoda va velosiped infratuzilmasi tirbandlik, yoqilg‘i sarfi va zararli chiqindilarni bir vaqtning o‘zida kamaytirishga xizmat qiladi.
Qishki ifloslanishni pasaytirish uchun binolarning energiya samaradorligini oshirish, eski isitish uskunalarini bosqichma-bosqich yangilash, tozaroq yoqilg‘i va zamonaviy filьtrlash texnologiyalarini joriy etish muhim. Sanoat korxonalarida avtomatik chiqindi nazoratini kengaytirish va natijalarning ochiqligini taʼminlash ham ekologik masʼuliyatni oshiradi.
Changga qarshi kurashda qurilish maydonlarida changni bostirish, yuklarni yopiq holda tashish, ochiq tuproq maydonlarini barqarorlashtirish hamda shaharlar atrofida ilmiy asoslangan yashil himoya hududlarini rivojlantirish zarur. Ko‘kalamzorlashtirishni esa faqat ekilgan ko‘chatlar soni bilan emas, ularning yashovchanligi va havo sifatiga real taʼsiri bilan baholash to‘g‘ri bo‘ladi.
Shu tariqa ekologik dasturlar samaradorligini «qancha tadbir o‘tkazildi?» degan hisobot ko‘rsatkichidan «havo sifati qanchalik yaxshilandi?» degan natijaviy mezonga o‘tkazish zarur. Bu yondashuv Barqaror rivojlanish maqsadlarining salomatlik, toza energiya, barqaror shaharlar va iqlim o‘zgarishiga qarshi choralar bo‘yicha vazifalarini ham o‘zaro bog‘laydi. Toza havoga yo‘naltirilgan mablag‘ faqat ekologik xarajat emas - u kasalliklarni kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish va shaharlarni inson uchun qulayroq qilishga qaratilgan investitsiyadir.
Pirovardida, shahar ekologik siyosatining haqiqiy samarasi hisobotlardagi raqamlar yoki amalga oshirilgan tadbirlar soni bilan emas, inson har kuni nafas olayotgan havoning sifati bilan o‘lchanishi kerak. Moviy osmon - shunchaki chiroyli manzara emas, balki sog‘lom hayot va barqaror kelajakning muhim belgisidir.
Batafsil: https://api-portal.gov.uz/uploads/13/2026/09/03/1466763f-92a2-5a6d-c4c3-6c18a96af2b5_media_.pdf
Jahongir Isaev,
«Barqaror rivojlanish markazi» NNT bo‘lim boshlig‘i