Suv iqtisodiy taraqqiyot, oziq-ovqat xavfsizligi va ekologik barqarorlikning asosiy kafolatidir. Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, aholi sonining ortishi hamda suv resurslariga bo‘lgan talabning tobora oshib borishi suvdan oqilona foydalanishni jahon miqyosidagi strategik masalaga aylantirmoqda. Shu bois suv resurslarini samarali boshqarish endilikda nafaqat agrar sohaning, balki milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligi, ekologik xavfsizlik va barqaror rivojlanishning muhim sharti sifatida qaralmoqda.
Transchegaraviy suv resurslariga bog‘liq O‘zbekiston uchun suvdan oqilona foydalanish strategik ahamiyatga ega. Shu bois Yangi O‘zbekistonda irrigatsiyani modernizatsiya qilish, suv tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish va suv resurslarini samarali boshqarishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu o‘zgarishlar suv xavfsizligi, oziq-ovqat barqarorligi va barqaror taraqqiyotning muhim omiliga aylanmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish va suv xo‘jaligi tizimini modernizatsiya qilishga qaratilgan tashabbuslar Yangi O‘zbekistonda ushbu sohadagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishini belgilab berdi. “Mamlakatimizda suvning qariyb 90 foizi qishloq xo‘jaligida ishlatiladi va irrigatsiyani isloh qilish bizning strategik maqsadlarimizdan biri hisoblanadi”, degan yondashuv bugungi kunda raqamlashtirish, infratuzilmani yangilash va suvdan samarali foydalanishga qaratilgan islohotlarning asosiy tamoyiliga aylandi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekiston suv xo‘jaligi sohasi iqtisodiy va institutsional jihatdan murakkab sharoitda rivojlandi. Yangi davlatchilik tizimini shakllantirish, bozor iqtisodiyotiga o‘tish va moliyaviy imkoniyatlarning cheklanganligi sharoitida ustuvor vazifa irrigatsiya va melioratsiya tizimlarining barqaror ishlashini taʼminlash, gidrotexnika inshootlarini saqlab qolish hamda qishloq xo‘jaligini uzluksiz suv bilan taʼminlashdan iborat bo‘ldi. Shu maqsadda suv omborlari, nasos stantsiyalari, magistral kanallar va kollektor-drenaj tarmoqlarining ishonchli faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi.
Bu, avvalo, qishloq xo‘jaligi mamlakat iqtisodiyotining yetakchi tarmog‘i, sug‘oriladigan dehqonchilik esa aholi bandligi, oziq-ovqat xavfsizligi va eksport salohiyatining muhim omili bo‘lgani bilan bog‘liq edi. Shu bois suv xo‘jaligi infratuzilmasini barqaror saqlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
2000-yillarga kelib irrigatsiya va melioratsiya infratuzilmasini texnik jihatdan modernizatsiya qilish ishlari boshlandi. Biroq islohotlar asosan mavjud tizimlarni saqlab qolishga qaratilgan bo‘lib, raqamli boshqaruv, avtomatlashtirilgan suv hisobi va suv tejamkor texnologiyalar hali keng joriy etilmagan edi. Irrigatsiya tarmoqlarining eskirishi, suv yo‘qotishlarining yuqoriligi, iqlim o‘zgarishi va suv resurslariga bo‘lgan talabning ortishi tarmoqni tubdan yangilash zarurligini yaqqol namoyon qildi.
2017 yildan boshlab suv xo‘jaligini rivojlantirishda sifat jihatidan yangi bosqich boshlandi. Аsosiy eʼtibor infratuzilmani kompleks modernizatsiya qilish, suv resurslarini integratsiyalashgan boshqarish, raqamli texnologiyalar va suv tejamkor usullarni keng joriy etish, boshqaruv samaradorligini oshirishga qaratildi. Shuningdek, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hamkorlar ishtirokida investitsiya loyihalari amalga oshirilib, tarmoqqa ilg‘or muhandislik yechimlari va zamonaviy boshqaruv texnologiyalari tatbiq etildi.
Natijada suv xo‘jaligi anʼanaviy xizmat ko‘rsatuvchi tarmoqdan mamlakatning suv, oziq-ovqat, ekologik va iqtisodiy xavfsizligini taʼminlovchi strategik sohaga aylandi. Bu esa suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suv yo‘qotishlarini qisqartirish va tarmoqni innovatsion hamda raqamli asosda rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratdi.
Sohada amalga oshirilgan o‘zgarishlarning huquqiy va strategik asosi sifatida Prezidentning 2020 yil 10 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni alohida ahamiyat kasb etdi. Mazkur Kontseptsiya suv xo‘jaligini rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasini belgilab berib, suv resurslarini integratsiyalashgan boshqarish, suv hisobini raqamlashtirish, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, suv tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish, gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi va ishonchliligini taʼminlash hamda sohada davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishni ustuvor vazifalar sifatida belgiladi. Eng muhimi, mazkur Kontseptsiya suv xo‘jaligini innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarga asoslangan zamonaviy rivojlanish modeliga o‘tkazib, suv xavfsizligi va barqaror iqtisodiy taraqqiyot uchun mustahkam asos yaratdi.
Yangi O‘zbekistonda suv xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bugungi kunda tarmoqning barcha asosiy jarayonlarini o‘zaro bog‘laydigan yagona “Raqamli suv xo‘jaligi” platformasi joriy etildi. Ushbu tizim doirasida 600 mingdan ortiq suvdan foydalanuvchilar hamda
4 million gektardan ziyod sug‘oriladigan yer maydonlarini qamrab olgan yagona raqamli maʼlumotlar bazasi shakllantirilmoqda. Bu nafaqat suv resurslari harakatini aniq hisobga olish va taqsimlashni taʼminlamoqda, balki qaror qabul qilish jarayonini maʼlumotlarga asoslangan boshqaruv tamoyillari asosida tashkil etish, sohada ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Raqamli transformatsiyaning yana bir muhim yo‘nalishi sifatida “Smart Water” texnologiyalari bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Zamonaviy intellektual qurilmalar suv sarfini real vaqt rejimida kuzatish, suv yo‘qotishlarini tezkor aniqlash va ularning oldini olish imkonini bermoqda. Shu bilan birga, yangi tashkil etilgan “Vaziyatlar markazi” suv taqsimotini masofadan turib monitoring qilish, tahlil qilish va tezkor boshqaruv qarorlarini qabul qilishning yagona muvofiqlashtiruvchi markaziga aylandi. Bu esa inson omilining taʼsirini kamaytirish, boshqaruv tezkorligi va aniqligini oshirish, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini sezilarli darajada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
So‘nggi yillarda suv tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish sohadagi eng muhim amaliy natijalardan biri bo‘ldi. Аgar 2017 yilga qadar ushbu texnologiyalar 4,3 million gektar sug‘oriladigan yerlarning hatto 1 foiziga ham tatbiq etilmagan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ular 2,6 million gektar, yaʼni sug‘oriladigan maydonlarning
60 foizdan ortiq qismida qo‘llanilmoqda. Bu qisqa vaqt ichida erishilgan yuqori natija bo‘lib, mamlakatda suv resurslarini boshqarishga bo‘lgan yondashuv tubdan o‘zgarganini ko‘rsatadi. Eng muhimi, mazkur texnologiyalar suv sarfini qisqartirish bilan bir qatorda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish samaradorligini oshirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va iqlim o‘zgarishi taʼsiriga moslashish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Bu borada belgilangan istiqbolli vazifalar ham aniq iqtisodiy va ekologik maqsadlarga qaratilgan. Xususan, suv tejamkor texnologiyalarni barcha sug‘oriladigan maydonlarda joriy etish hamda har yili kamida 5 milliard kub metr suvni iqtisod qilish rejalashtirilgan. Ushbu vazifalarning to‘liq amalga oshirilishi suv resurslariga bo‘lgan bosimni kamaytirish, qishloq xo‘jaligida barqaror ishlab chiqarishni taʼminlash va mamlakatning suv xavfsizligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Suv resurslarini tejashda infratuzilmani modernizatsiya qilish ham hal qiluvchi omillardan biri bo‘lib qolmoqda. Keyingi yillarda irrigatsiya tarmoqlarini betonlashtirish ishlari jadallashtirilib, ularning qamrovi 40 foizga yetkazildi.
Kanallarni betonlashtirish, raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish va suv tejamkor agrotexnologiyalarni qo‘llash hisobiga har yili 10 milliard kub metrga yaqin suv iqtisod qilinishiga erishilmoqda. Bu mamlakatning yillik 50–52 milliard kub metr suv isteʼmolining qariyb beshdan bir qismiga teng bo‘lgan resursni saqlab qolish imkonini bermoqda. Bunday natija nafaqat suv xavfsizligini mustahkamlash, balki qishloq xo‘jaligining raqobatbardoshligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va suv tanqisligi sharoitida iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror faoliyati uchun mustahkam zamin yaratayotgani bilan ham ahamiyatlidir.
Raqamlashtirish, suv tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish va irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilishning o‘zaro uyg‘un holda amalga oshirilishi suv xo‘jaligini rivojlantirishning mutlaqo yangi modelini shakllantirmoqda. Ushbu modelь har bir tomchi suvdan samarali foydalanish, suv yo‘qotishlarini minimallashtirish va cheklangan suv resurslarini kelgusi avlodlar uchun asrab qolishga qaratilgan uzoq muddatli strategik yondashuvga asoslanadi. Natijada suv resurslarini boshqarish tizimida samaradorlik, barqarorlik va raqamli boshqaruv tamoyillari tobora mustahkam qaror topmoqda.
Аvazbek Xolbekov,
“Barqaror rivojlanish markazi” NNT bo‘lim boshlig‘i