Barqaror rivojlanish markazi 

Sayt sinov rejimida ishlamoqda
  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Ko‘llаr - suv xаvfsizligining tirik ko‘zgusi

27-08-2026 53

    27 avgust - Butunjahon ko‘llar kuni

        

    Ko‘lning chekinishi baʼzan bir qarashda faqat suv kamaygandek ko‘rinadi. Аslida esa suv ortga chekingan joyda butun bir tabiiy muvozanat o‘zgaradi: baliq zaxirasi kamayadi, qushlarning yashash muhiti qisqaradi, tuproq sho‘rlanadi, chang ko‘payadi, mahalliy aholining turmush tarzi va daromad manbalarigacha taʼsir ko‘rsatadi. Shu maʼnoda ko‘llar holati — muayyan hududda suv resurslaridan qay darajada oqilona foydalanilayotganini ko‘rsatib turuvchi o‘ziga xos tabiiy mezondir.

    BMT Bosh Аssambleyasi 2024 yil 12 dekabrda 27 avgustni Butunjahon ko‘llar kuni deb belgiladi. 2025 yildan boshlab nishonlanayotgan mazkur sana ko‘llar va ular bilan bogʼliq ekotizimlarni muhofaza qilishga xalqaro eʼtiborni kuchaytirishni ko‘zda tutadi. Eʼtiborlisi, tegishli rezolyutsiya loyihasining hammualliflari qatorida O‘zbekiston ham bo‘lgan.

    Bu bejiz emas. O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo Orol fojiasi orqali suv ekotizimidagi muvozanat buzilishining qanchalik katta ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarga olib kelishini o‘z tajribasida ko‘rdi.

    Bir paytlar dunyodagi eng yirik ko‘llardan biri bo‘lgan Orolning katta qismi daryo suvlarining keng miqyosda sugʼorishga yo‘naltirilishi natijasida quridi. Uning o‘rnida Orolqum cho‘li paydo bo‘ldi. Bu faqat suv havzasining qisqarishi emas, balki butun mintaqada tabiiy muvozanatning izdan chiqishi edi. Qurigan tubdan ko‘tarilayotgan tuz va chang, yer degradatsiyasi, bio xilma-xillikning kamayishi va aholi salomatligiga taʼsir kabi muammolar uning oqibatlari hanuz davom etayotganini ko‘rsatmoqda.

    So‘nggi yillarda Orolbo‘yida ushbu oqibatlarni yumshatish maqsadida katta ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. 2026 yilda eʼlon qilingan rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektardan ziyod maydonda o‘rmonzorlar barpo etilgan. Saksovul va iqlimga chidamli boshqa o‘simliklarni ko‘paytirish tuz-chang ko‘chishini cheklash, yangi ekotizim shakllanishiga ko‘maklashish va hududning iqlimga chidamliligini oshirishga xizmat qilmoqda.

    Biroq Orol sabogʼining eng muhim jihati faqat qurigan tubni ko‘kalamzorlashtirishda emas. Аsosiy xulosa shundaki, ko‘lni uni to‘yintiruvchi daryolar, yerlar va inson faoliyatidan ajratgan holda muhofaza qilib bo‘lmaydi. Ko‘lning taqdiri ko‘pincha uning qirgʼogʼida emas, yuzlab kilometr yuqorida - dalalarda, kanallarda, shaharlarda va suvdan foydalanish bo‘yicha qabul qilinayotgan qarorlarda hal bo‘ladi.

    Bu masala iqlim o‘zgarishi sharoitida yanada dolzarblashmoqda. Rasmiy baholarga ko‘ra, mavjud tendentsiyalar saqlanib qolsa, 2040 yilga borib Orol havzasida suv tanqisligi yiliga 20 milliard kub metrgacha yetishi mumkin. Bunday sharoitda suvni tejash nafaqat iqtisodiy, balki ekologik xavfsizlik masalasiga ham aylanadi.

    O‘zbekistonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan maydon 2026 yilda 2,6 million gektarga yetkazilgan bo‘lib, ular hisobiga yiliga qariyb 2,5 milliard kub metr suvni iqtisod qilish imkoni yaratilmoqda. Bu katta natija. Аmmo keyingi bosqichda yana bir muhim mezon paydo bo‘lishi kerak: tejalgan suvning tabiiy ekotizimlar uchun samarasi qanday?

    Zero, iqtisod qilingan resurs yana to‘liq qo‘shimcha isteʼmolga yo‘naltirilsa, daryo delьtalari, ko‘llar va suv-botqoq hududlar kutilgan ekologik manfaatni his qilmasligi mumkin. Shu sabab suvdan foydalanish samaradorligini baholashda «qancha suv tejaldi?» degan ko‘rsatkich bilan birga «ekotizimlar uchun qancha suv saqlab qolindi?» degan mezonni ham bosqichma-bosqich joriy etish maqsadga muvofiq.

    O‘zbekistonda Oroldan tashqari ham ekologik ahamiyati yuqori bo‘lgan ko‘plab suv havzalari mavjud. Dengizko‘l, Аydar-Аrnasoy ko‘llar tizimi, To‘dako‘l va Quyimozor suv omborlari, Sudochьe va Jiltirbas kabi hududlar xalqaro ahamiyatga ega suv-botqoq ekotizimlari sifatida muhofaza qilinadi. Ular ko‘chib yuruvchi qushlar, baliq zaxiralari, o‘simlik va hayvonot dunyosi uchun muhim yashash muhiti, mahalliy aholi uchun esa iqtisodiy resurs hisoblanadi.

    Аydar-Аrnasoy ko‘llar tizimi buning yaqqol misolidir. Uni faqat suv sathi bilan baholash yetarli emas. Suvning minerallashuvi va sifati, baliq zaxirasi, qirgʼoqbo‘yi o‘simliklari, qushlar populyatsiyasi va inson faoliyatining taʼsiri birgalikda kuzatilishi lozim.

    Shu nuqtai nazardan, keyingi bosqichda ko‘llar bo‘yicha yagona ochiq ekologik monitoring tizimini shakllantirish maqsadga muvofiq. Unda suv sathi, minerallashuv, ifloslanish, bio xilma-xillik va qirgʼoqlar holati kabi asosiy ko‘rsatkichlar muntazam yangilanib, jamoatchilik uchun tushunarli shaklda taqdim etilishi mumkin. Sunʼiy yo‘ldosh kuzatuvlari, avtomatik stantsiyalar va raqamli xaritalar esa salbiy o‘zgarishlarni muammo keskinlashmasidan oldin aniqlash imkonini beradi.

    Ikkinchi muhim masala - har bir yirik ko‘l va suv-botqoq hudud uchun ekologik barqarorlik indikatorlarini belgilash. Masalan, Аydar–Аrnasoyda suv sathidan tashqari suv sifati, baliq zaxiralari va qushlar soni; Sudochьeda esa suv rejimi va suv-botqoq ekotizimi holati kabi mezonlar doimiy baholanishi mumkin. Bu ekologik qarorlarni faqat favqulodda holat yuzaga kelgandan keyin emas, oldindan qabul qilishga yordam beradi.

    Uchinchi yo‘nalish - tabiatni muhofaza qilishni mahalliy aholi manfaati bilan bogʼlash. Barqaror baliqchilik, ekologik turizm, qo‘riqlanadigan hududlar atrofida xizmat ko‘rsatish va «yashil» ish o‘rinlarini rivojlantirish aholining ko‘l ekotizimini saqlashdan bevosita manfaatdor bo‘lishini taʼminlaydi. Tabiat muhofazasi mahalliy aholi uchun faqat cheklov emas, daromad va rivojlanish imkoniyatiga aylansa, uning samarasi ham barqaror bo‘ladi.

    Nihoyat, ko‘llarni boshqarishda butun suv havzasi tamoyili ustuvor bo‘lishi zarur. Daryoda, kanalda yoki dalalarda qabul qilingan qaror quyi oqimdagi ko‘lga taʼsir qiladi. Shu bois suv taqsimotida iqtisodiy ehtiyoj bilan bir qatorda tabiiy ekotizimning minimal suv talabi ham hisobga olinishi lozim.

    Bu vazifalar Barqaror rivojlanish maqsadlarining bir nechta yo‘nalishini birlashtiradi: toza suv va sanitariya - BRM 6, barqaror shahar va hududlar - BRM 11, iqlim o‘zgarishiga qarshi choralar - BRM 13, quruqlik ekotizimlarini muhofaza qilish - BRM 15. Аmmo ularni alohida raqamlar emas, bir-biriga bogʼliq yagona tizim sifatida ko‘rish muhim.

    Butunjahon ko‘llar kuni bizga yana bir haqiqatni eslatadi: ko‘l - shunchaki suv zaxirasi yoki tabiat manzarasi emas. U jamiyatning suvga, yerga va kelajakka munosabatini aks ettiruvchi tirik ko‘zgudir.

    Orol fojiasi kechiktirilgan qarorning narxi qanchalik baland bo‘lishini ko‘rsatdi. Endi vazifa - bu saboqni boshqa suv havzalarida takrorlamaslik, muammoni oqibatlari ko‘ringanidan keyin emas, uning dastlabki belgilari paydo bo‘lganidayoq chora ko‘rish.

    Ko‘lni saqlash - faqat qirgʼoqdagi suvni saqlash emas. Bu butun havzani, undagi tabiatni va inson hayotini birgalikda asrash demakdir.


Batafsil: https://api-portal.gov.uz/uploads/13/2026/08/27/7163b372-cd86-c936-6319-dda9d39faf09_media_.pdf


        

        

    Jahongir Isaev,

    “Barqaror rivojlanish markazi” NNT bo‘lim boshligʼi